Yangi tugʻilgan chaqaloq uyqusining tartibi

Bola va yangi tugʻilgan chaqaloqning uyqu tartiblari haqida gap ketganda, eng muhimi moslashuvchanlikdir.
Body

Yangi tugʻilgan chaqaloq uyqusi: asoslar

Yangi tugʻilgan chaqaloqlar koʻp vaqtini uyquda oʻtkazadi. Ularning uyqusi qisqa – kechasi-yu kunduzi ovqatlanish oraligʻida 2–3 soat davom etadi.

Chaqaloq dastlabki 6 oy davomida ovqatlanishi va tinchlanishi uchun kechasi sizning eʼtiboringizga muhtoj boʻladi. Baʼzilari esa hatto bundan keyin ham uygʻonishda davom etadi.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning uyqu tartibi bolalarniki va ota-onalarniki kabi har xil boʻlishi mumkin. Sizning yondashuvingiz oʻz tanlovlaringizga (masalan, chaqaloq oʻzining karavotida yotadimi yoki yotogʻingizga yonma-yon turgan karavotdami, hal qilishingizga) bogʻliq.

Baʼzi ota-onalar hech qanday kun tartibiga rioya qilmaslikni va farzandining xohishiga qarab ish tutishni afzal koʻradi. Boshqalar esa juda oddiy va moslashuvchan kun tartibi bolaga oʻzini yaxshi his qilishga yordam beradi deb hisoblaydi.

Hozir  qatʼiy rejalar vaqti emas. Har qanday holatda ham chaqalogʻingiz hatto eng maʼqul kun tartibiga mos kelmasligini kuzatishingiz mumkin! Eng yaxshisi, kichkintoyingiz hayotining dastlabki bir necha oyida asta-sekinlik bilan harakat qiling – bir-biringizni bilib oling hamda chaqaloq va siz uchun nima qilsa yaxshi boʻlishi boʻyicha bir qarorga keling.

Ovqatlantirish, oʻynash va uxlash: yangi tugʻilgan chaqaloq uchun oddiy kun tartibi

Yangi tugʻilgan chaqaloqni uxlatish va ovqatlantirish vaqtini tanlashda moslashuvchan yondashish juda muhimdir. Lekin baʼzi mutaxassislar / neonatolog shifokorlar bolani oʻzingiz zarur deb hisoblagan vaqtda, har kuni bir xil tartibda biror harakat qilishingiz – bolani ovqatlantirishingiz, birga oʻynashingiz va uni allalab uxlatishingiz mumkin deb hisoblaydi.

Kichkintoyingiz uygʻonganda quyidagilarni sinab koʻrishingiz mumkin:

  • Uni ovqatlantiring.
  • Tagligini almashtiring.
  • U bilan suhbatlashish va oʻynash uchun vaqt ajrating.
  • Kichkintoyingizni uxlatish uchun yotqizing.

Tunda siz u bilan oʻynamasligingiz mumkin, buning oʻrniga eʼtiboringizni chaqaloqni uxlatishga qaratishingiz mumkin.

Kichik yoshdagi bolalar uchun shunchaki quchoqlashishlar yoki koʻrpachani tepish oʻyin boʻlishi mumkin. Balki, sizga oʻyin uchun 10–20 daqiqa vaqt yetarli boʻlar. Baʼzi yangi tugʻilgan chaqaloqlar taxminan 1–1,5 soat davomida uygʻoq boʻlganidan keyin charchaydi. Baʼzi yangi tugʻilgan chaqaloqlar bundan koʻproq vaqt davomida oʻyindan zavqlanadi. Siz chaqaloqdagi charchash belgilarini va tana tilini kuzatib, oʻyinni qachon toʻxtatish kerakligini tushunishingiz mumkin.

Asosiysi – chaqalogʻingizning qachon ovqatlanishi, qachon oʻynashi va qachon uxlashi boʻyicha koʻrsatmalariga amal qilish, biroq bularning hammasini kun davomida bir xil tartibda bajarish kerak.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlar uchun kunduzgi uyqu

Kichkintoyingiz kun boʻyi uxlamasa, bu uning kechasi yaxshi uxlashiga yordam bermaydi. Kunduzgi uyqu ham muhim. Ammo chaqalogʻingiz kun davomida uzluksiz toʻrt soatdan ortiq uxlashiga yoʻl qoʻymaganingiz maʼqul. Shundan soʻng uni ovqatlantirish kerak.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning ovqatlanishi va uxlashi

Qoida boʻyicha, yangi tugʻilgan chaqaloqlarni har 2–4 soatda ovqatlantirish kerak. Kichkintoyingiz yaxshi ovqatlangandan keyin yaxshiroq uxlaydi.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarni yotqizish

Yangi tugʻilgan chaqaloqlar bezovta boʻlganida sizning yordamingiz zarur boʻladi. Agar ular yaqin orada ovqatlangan boʻlsa, ularni quchoqlang va yupating.

Yangi tugʻilgan chaqalogʻingizni paxtadan tayyorlangan yengil matoga yoʻrgaklash uning tinchlanishiga yordam beradi. Yoʻrgaklash yigʻini va uyqu buzilishini kamaytirishi mumkin, chunki bu bolani barqaror ushlab turadi va qoʻllarini harakatlantirishiga toʻsqinlik qiladi. Biroq chaqaloqni yoʻrgaklayotganingizda har doim u orqasi bilan yotganiga ishonch hosil qiling.

Yoʻrgak juda qattiq boʻlmasligi, bolaning nafas olishiga yoki oyoqlarini harakatlantirishiga xalaqit bermasligi kerak. Kichkintoyingiz agʻdarilishga urinayotgandek tuyulsa, yoʻrgaklashni toʻxtatishingiz zarur.