Hayotning birinchi haftasida ovqatlanish va uxlash maromi

Yangi tugʻilgan chaqaloq ilk haftalarda eng koʻp vaqtini uxlashga sarflaydi, qorni ochganida ovqatlanish uchun uygʻonadi, xolos. Yangi chaqaloqlar kechasi ozuqasiz uxlay olmaydi, ularning oshqozoni kichkina boʻlgani sababli tez-tez ovqatlanishi zarur.
Body

Dastlabki kunlarda va hatto haftalarda chaqaloq uygʻonish va uxlashning belgilangan maromiga ega emas. Yangi tugʻilgan chaqaloq kuniga oʻrtacha 18 soat uxlaydi, shuning uchun kiyim almashtirish va ovqatlantirish paytidan tashqari uygʻoqlik vaqti qisqa boʻladi.

Goʻdaklar talabga koʻra ovqatlanishlari kerak, ular odatda 24 soat ichida kamida 10–12 marta ovqatlanadilar. Yangi tugʻilgan chaqaloqning oshqozoni kichik va koʻp miqdorda sutni qabul qila olmaydi. Ona sutining tarkibi uni juda tez, 90 minut ichida hazm qilish imkonini beradi, shu bois bola koʻp oʻtmasdan yana ochqaydi. Har bir chaqaloq tugʻilishidanoq oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻladi; ular kattalar kabi oʻz ovqatlanish odatlariga ega.

Aksariyat goʻdaklar ovqatlanish uchun oʻzlari uygʻonadi. Baʼzi goʻdaklar esa dastlabki haftalarda (ayniqsa, muddatidan oldin tugʻilgan, kam vazn bilan tugʻilgan, sogʻligʻida muammosi boʻlgan yoki dastlabki kunlarda katta vazn yoʻqotgan goʻdaklar) uyquchan va sust boʻladi. Bunday goʻdaklarni har 2–3 soatda uygʻotish va uygʻonishlari uchun kiyimlarini almashtirish kerak; goʻdak yanada faolroq emishi uchun terining teri bilan aloqasidan foydalanish va vaznini tez-tez tekshirib turish lozim.

Goʻdak oʻzining ovqatlanish va uxlash maromini oʻrnatishi uchun vaqt talab etiladi. U atrof-muhitga kundan kun moslashib boradi va unga munosabat bildiradi, ota-onalar esa farzandining ehtiyojlarini bilishni oʻrganadilar. Goʻdak nimani xohlayotgani haqida darak beradi, siz uning ehtiyojlarini tushunishga harakat qilasiz, oʻrgangan, eshitgan, taxmin qilgan hamma narsalaringizni bajarib koʻrasiz va shu tariqa goʻdakning ehtiyojlarini tushunish asta-sekin rivojlanadi. Ushbu tanishuv davri qiyin boʻlishi mumkin.

Bola tugʻilgandan keyingi dastlabki haftalarda oʻzingiz haqingizda ham oʻylashingiz kerak. Yaʼni muntazam ovqatlanishingiz, biroz harakat qilib turishingiz va farzandingiz uxlaganda uyquga toʻyib olishingiz kerak. Oila azolaringiz va doʻstlaringizdan yordam soʻrang!

Oʻzingiz va bolangiz xotirjam boʻlishi va yetarli dam olishi uchun farzandli boʻlganingizni nishonlashni biroz kechroqqa suring. Tugʻuruqdan keyin tiklanish, chaqaloqning maromiga moslashish, emizishning yaxshi oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun kamida bir oy kerak boʻladi. Ota-ona va bola uygʻun va uzluksiz jamoa sifatida harakat qila boshlaganda, bayram va muloqot uchun vaqt topiladi.

Agar sizda emizish boʻyicha savollar yoki muammoli holatlar boʻlsa, malakali yordam va maslahat olish uchun shifokor yoki oila hamshirasiga qoʻngʻiroq qiling, ular sizni tinchlantirishga ham koʻmaklashadi. Shuningdek, emizish haqida koʻproq maʼlumot olish uchun “Bebbo” ilovasidan foydalaning.