Chaqaloqlar uchun sogʻlom ovqatlar
Kichkintoy uchun ovqatni qanday tanlash va tayyorlash kerak?
Farzandingizga boshidanoq turli xil sogʻlom va sifatli oziq-ovqatlarni taklif qilish muhim ahamiyatga ega; bu unda sogʻlom ovqatlanish odatlarini shakllantirishning ishonchli usulidir. Bolaga turli xil oziq-ovqat, ayniqsa, sabzavot, meva va donli mahsulotlar berishga harakat qiling. Ular oʻzlari yeb odatlangan ovqatni sevishni oʻrganadilar. 9 oyligigacha nimalarni yeyishi bolaning maktab yoshida nima isteʼmol qilishini koʻrsatib beradi. Agar u turli usullar bilan tayyorlangan turli xil meva va sabzavotlarni yeb odatlansa, tarkibida tuz, shakar, toʻyingan yogʻ kislotalari va kaloriyasi koʻp nosogʻlom oziq-ovqatlarga boʻlgan ishtiyoqini nazorat qilishni oʻrganadi.
Oziq-ovqatlarning 5 ta guruhi
Biz doim oziq-ovqatning xilma-xil va muvozanatli boʻlishi haqidagi tavsiyalarni eshitamiz. Oziq-ovqatlarni besh guruhga boʻlish biz uchun bu qiyin vazifani yengillashtirishi kerak.
1. Oqsillar guruhiga goʻsht, baliq, tuxum, dukkakli mahsulotlar, yongʻoqlar, urugʻlar kiradi.
- Bolaga pyuresimon maydalangan (tovuq, dana, kurka) goʻshtni, keyinroq mayda toʻgʻralgan goʻsht bering; ovqat tayyorlayotganda pyureni suyultirish uchun goʻshtli shoʻrvadan foydalaning; shoʻrva kaloriyasi pastligi tufayli bola uchun ovqat hisoblanmaydi. Bolalar quruq va qattiq goʻshtni yoqtirmaydi, ularga dimlangan yoki maydalangan goʻsht yoqadi. Uni sabzavot yoki yormalar pyuresi aralashmasida isteʼmol qilish osonroq boʻladi.
- Qaynatib pishirilgan baliqni 7 oylikdan boshlab kiritish mumkin. Baliq omega-3 toʻyinmagan kislotalarining eng yaxshi manbai hisoblanadi.
- Tuxum sarigʻini (qattiq qilib pishirilgan) asta-sekin – dastlab nimchorak qismini, keyin chorak, soʻng yarmini va nihoyat butun holda, haftasiga ikki yoki uch marta goʻsht, sabzavot yoki yormali pyurelar bilan navbatma-navbat berib boring.
- Dukkaklilarni (loviya, noʻxat, yasmiqni) 12 oylikdan kiritish mumkin. Ular qorin shishishini keltirib chiqargani tufayli kechqurun ivitib qoʻying va guruch kabi don mahsulotlari bilan pyure sifatida bering.
- Bolaning xavfsizligi uchun yongʻoqlar faqat pasta shaklida beriladi.
2. Mevalar guruhiga yangi, muzlatilgan yoki quritilgan mevalar kiradi. Odatda birinchi boʻlib olma, soʻng mavsumiy mevalar (shaftoli, oʻrik, olxoʻri, nok) kiritiladi. Banan – emish yoshidagi bolalar uchun ajoyib taom, lekin koʻpchilik uni qoʻshimcha ovqat berishni boshlashda tavsiya qilmaydi, chunki uning taʼmi shirinligi bois bola boshqa ovqatni xohlamasligi mumkin. Mevalar ozgina suv bilan va shakar qoʻshmasdan sharbat holatida pishiriladi, oldin alohida-alohida, soʻng meva pyuresi shaklida yoki boshoqlilar bilan aralashgan holda tayyorlanadi.
3. Sabzavotlar guruhi har qanday sabzavotni oʻz ichiga oladi: xom, qaynatilgan, muzlatilgan yoki quritilgan. Boshida yengil taʼmga ega sabzavotlar (kartoshka, sabzi, oshqovoq, qovoqcha), soʻngra asta-sekin boshqa sabzavotlar (yashil gulkaram, baqlajon, karam, yashil bargli sabzavotlar, pomidor, bolgar qalampiri, koʻkpiyoz) kiritiladi. Ularni qaynatish yoki bugʻlash orqali tayyorlanadi, qorinni shishirmasligi yoki ovqat hazm qilish bilan bogʻliq boshqa muammolarning oldini olish uchun yaxshilab pishirishga harakat qiling.
4. Sut va sut mahsulotlari guruhiga kalsiyga boy mahsulotlar kiradi – sut, pishloq, smetana, qatiq va boshqalar. Bola hayotining birinchi yilida sigir suti asosiy ozuqa sifatida tavsiya etilmaydi; ovqat tayyorlash uchun oz miqdordagi pasterizatsiya qilingan/qaynatilgan sutdan foydalanish mumkin. Nordon sut mahsulotlari (qatiq, smetana) 9 oylikdan boshlab kiritilishi mumkin.
5. Donli mahsulotlar (va undan tayyorlangan mahsulotlar) alohida guruh hisoblanadi. Ular tozalangan yoki butun donli boʻlishi mumkin. Butun donlilar – bugʻdoy, guruch, arpa, makkajoʻxori, suli va boshqalar tolalar, temir va vitamin B ga boy boʻlgan mahsulotlardir. Siz yengil taom hisoblangan guruch yoki joʻxori pyuresi bilan boshlashingiz mumkin.
Yogʻlar goʻdaklarni oziqlantirishda muhim ahamiyatga ega. Baʼzi yogʻlar nafaqat muhim energiya manbai, balki asab tizimining toʻgʻri rivojlanishi uchun ham zarurdir. 7 oylikdan boshlab oz miqdorda (bir choyqoshiq) oʻsimlik (zaytun yoki boshqa) yogʻi yoki sariyogʻ qoʻshishingiz mumkin.
Suvni esdan chiqarmang! 6 oylik bolaga suv bersa boʻladi. Ovqatlanish oraligʻida bolaga qaynatib sovitilgan suv yoki gazsiz mineral suv beriladi.
Baʼzi asosiy ozuqa moddalarining yaxshi manbalari
- Kalsiy – sut, qatiq, pishloq, ismaloq, loviya, noʻxat.
- Oqsillar – goʻsht, pishloq, tuxum, oʻsimlik mahsulotlari (loviya, yasmiq, don).
- Temir – eng yaxshi manba: hayvon mahsulotlari (goʻsht, tuxum sarigʻi); boshqa manbalar: yashil sabzavotlar, noʻxat, loviya, yasmiq. Oʻsimlik mahsulotlaridan olingan temirning soʻrilishi pastroq boʻlib, “C” vitamini yordamida yaxshi soʻriladi. Bolaga temir moddasi bilan boyitilgan ovqatlarni (bodroq, sutli pyure) 6 oylikdan berish tavsiya etiladi.
- Biriktiruvchi toʻqima – meva, sabzavotlar, donli mahsulotlar.
- Antioksidantlar – yorqin rangli meva va sabzavotlar (ismaloq, sabzi, pomidor).
- Omega-3 yogʻ kislotalari – baliq mahsulotlari.
Farzandingizning ovqatlanishi bilan bogʻliq baʼzi savollar
- Nima uchun mavsumiy oziq-ovqatlar tavsiya etiladi? Asrlar davomida bizning tanamiz ajdodlarimiz mintaqamizda isteʼmol qilgan taomlarga moslashgan.
- Nima uchun mahalliy mahsulotlar tavsiya etiladi? Goʻdakka uzoq mamlakatlardan olib kelingan mevalar berilsa, zararlanish xavfi bor; bundan tashqari, tarkibida uni yangi saqlaydigan yoki pishish jarayonini tezlashtiradigan turli xil kimyoviy moddalar mavjud.
- Uyda tayyorlangan taom qanday afzalliklarga ega? Goʻdak uchun uyda tayyorlangan taomlar eng yaxshi tanlovdir; yangi oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlaganingizda, bolangizga nima berayotganingizni aniq bilasiz.
- Bolalar uchun tayyor pyurelar qachon tavsiya etiladi? Sanoatda ishlab chiqarilgan bolalar pyuresi bolani uydan tashqarida ovqatlantirish uchun qulay, lekin tarkibida koʻpincha ortiqcha suv, kraxmal va shakar boʻladi.
- Alohida mahsulotlar yaxshimi yoki ularning aralashmasimi? Har bir yangi mahsulotni bolaga uch kun davomida berish kerak, shunda unga yoqadimi yoki allergiya chaqiradimi, aniqlanadi. Siz yangi ovqatni bola yeyishga odatlangan boshqa taomlar bilan aralashtirib berishingiz mumkin.
- Qanday oziq-ovqatlarni aralash berish tavsiya etiladi? Bolaning ovqatlanish tartibiga bir nechta asosiy ovqatlar kiritilgandan soʻng, sut va don mahsulotlari, meva va don mahsulotlari, goʻsht va sabzavotli pyurelarni aralashtirib tayyorlash mumkin.
- Bir marta ovqatlanishda nechta mahsulot berish kerak? Farzandingiz mahsulotlarning har biriga koʻnikishi uchun unga bir vaqtning oʻzida uchtadan ortiq oziq-ovqat mahsulotini bermang.
- Farzandimga mutlaqo zarur boʻlgan mahsulotlar bormi? YOʻQ! Agar sizda bu mahsulotni olishga imkoniyat boʻlmasa yoki bola uni doimiy ravishda rad etsa, uni berish shart emas va shu guruhdagi boshqa mahsulot bilan almashtirish mumkin.
Emizishdan tortib oila dasturxonida ovqatlanishgacha boʻlgan sayohat vaqt va sabrni talab qiladi va farzandingiz beshala guruhdagi mahsulotlarning barchasini darhol isteʼmol qilmaydi. Birinchi qadam – bolaga quyuq ovqat berishdir. Bola uni qabul qila boshlagach, unga har bir guruhdagi mahsulotlardan tayyorlangan taomni berishni rejalashtiring, chunki bu uni toʻgʻri oʻsishi va rivojlanishi uchun zarur boʻlgan barcha ozuqa moddalari bilan taʼminlaydi.