Bolalar uchun sog'lom ovqatlanish odatlari
Sogʻlom ovqatlanish va bolangizning ishtahasi
Siz farzandingiz yetarlicha ovqatlanyaptimi, yoʻqmi deb tashvishlanishingiz yoki meʼyoridan koʻp ovqat yeyishi va ortiqcha vazn orttirishidan xavotirlanishingiz mumkin.
Ota-ona sifatida siz farzandingizga sogʻlom taom va uni isteʼmol qilish imkoniyatini berasiz. Qancha yeyish yoki umuman yemaslikni farzandingizning oʻzi hal qilishi kerak.
Bolaning ishtahasi kundan kunga oʻzgarib turishi odatiy hol. Baʼzida bola koʻp ovqat yeyishni xohlashi mumkin – faqat uni sogʻlom taom bilan toʻydirishingizga ishonch hosil qiling. Boshqa paytlarda esa ovqat yeyishni istamasligi mumkin. Xavotir olmaslikka harakat qiling, ehtimol, u buning oʻrnini keyingi taomda yoki ertasi kuni toʻldirar.
Agar bolangiz ovqat yeyishni xohlamasa, uni majburlamang yoki boshqa ovqat taklif qilmang. Ovqatlanishga majburlash bolani ishtahasiga quloq solmaslikka oʻrgatadi.
Agar farzandingiz yaxshi oʻsib, rivojlanayotgan boʻlsa, balki, yetarlicha ovqatlanayotgandir.
Bolalarga sogʻlom ovqatlanish haqida oʻrgatishning eng yaxshi usuli ularga har kuni sogʻlom ovqatlanishni tanlashni koʻrsatishdir. Bolalar siz qilgan ishni bajarishni xohlaydi.
“Qorin” va sogʻlom ovqatlanish haqida suhbat
Farzandingizning qorni miyasi bilan qanday “gaplashayotganini” tushunish uning ovqatlanmasligi yoki meʼyoridan ortiq yeyishi haqidagi tashvishlarni yengishga yordam beradi.
Masalan, bolangizning miyasi uning qorni toʻyganini ovqat oshqozonga tushganidan taxminan 20 minut oʻtgach tushunadi. Bundan tashqari, farzandingizning ochligi qisman uning jismoniy faolligi va agar oxirgi ikki kunda koʻp ovqat yemagan boʻlsa, uni “toʻldirish” kerak yoki yoʻqligi bilan belgilanadi.
Muntazam ovqatlanish va tamaddi qilish ishtahani yaxshilaydi. Bular sogʻlom ovqatlanish tartibining bir qismi boʻlishi mumkin.
Meʼyoridan ortiq ovqatlanish
Agar bolangiz meʼyoridan koʻproq ovqatlanishidan xavotirda boʻlsangiz, quyidagilarni sinab koʻring:
- Ozroq miqdorda ovqat taklif qiling.
- Agar farzandingiz ovqatning bir qismini (masalan, sabzavotlarni) yemasa, bu – uning ixtiyori. Sabzavotlarning oʻrnini toʻldirish uchun boshqa taom, masalan, goʻsht taklif qilish kerak emas.
- Ovqatni kichikroq kosada bering. Shunda u kerakli miqdordagi taomni oladi, lekin baribir kosa toʻla boʻladi.
- Bola ovqatlanish vaqtida televizor yoki oʻyinchoqlarga chalgʻimasligi lozim. Bu unga eʼtiborini ovqatlanishga qaratishda yordam beradi.
Kam ovqatlanish
Agar bolangizning yetarlicha ovqatlanmasligini yoki ishtahasi yoʻqligini his qilsangiz, quyidagilarni sinab koʻrishingiz mumkin:
- Ovqatni har kuni bir xil vaqtda bering. Agar bolalar belgilangan vaqtda ovqatlansa, ular kunning oʻsha paytida ochqashi ehtimoli koʻproq boʻladi.
- Asosiy ovqat paytida bolani koʻproq yeyishga undang, tamaddi paytida esa kamroq narsa berishga harakat qiling. Farzandingiz energiya zaxiralarini toʻldirish uchun kichik, muntazam, sogʻlom tamaddi qilishi kerak, lekin ularning soni koʻp boʻlsa yoki koʻp miqdorda taom yeyilsa, bu asosiy ovqatdan oldin toʻyib qolishga sabab boʻlishi mumkin.
- Farzandingiz ovqatlanmasa, unga boshqa taom taklif qilmang. Ayni paytda uning ishtahasi yaxshi boʻlmasligi mumkin.
- Bolangizning rivojlanishi yoki ovqatlanishidan tashvishlansangiz, pediatr yoki dietolog qabuliga yoziling.
Farzandingizning sogʻlom ovqatlanishi boʻyicha maʼlumotlar
Sogʻlom ovqatlanish odatlari uydan boshlanadi.
Farzandingizga sogʻlom va toʻyimli ovqat berish juda muhim. Uni sogʻlom ovqatlanish odatlari va yeguliklardan xabardor qilish ham foydalidir. Bu bolaga sogʻlom ovqatni tanlashda yordam beradi.
Quyida bir qancha takliflar keltirilgan:
- Oshxonadagi stolda koʻrinadigan va qoʻl yetadigan masofada yangi mevalarga toʻla idish tursin. Siz mevalarni tamaddi sifatida yoki bola ovqatdan keyin toʻymaganida taklif qilishingiz mumkin.
- Muzlatkichni koʻplab foydali va toʻyimli ovqatlar bilan toʻldiring va baʼzida mahsulotlarni oshxona javonlarida qoldiring.
- Turli xil rang, shakl va taʼmga ega meva va sabzavotlarni tanlashga harakat qiling –xilmaxillik qancha koʻp boʻlsa, farzandingiz oʻzi qiziqqan yegulikni topishi ehtimoli shuncha yuqori boʻladi.
- Bolani ovqatlanishni rejalashtirish va tayyorlashga jalb qiling. Agar u ovqat tayyorlashga yordam bergan boʻlsa, ovqatlanishga moyilligi koʻproq boʻladi.
- Butun oila bilan imkon qadar tez-tez sogʻlom taomlardan bahramand boʻling. Shuningdek, birgalikda nonushta qilish va dam olish kunlari birga ovqatlanish imkoniyatlarini izlashga harakat qiling.
- Ovqatlanayotganda televizorni oʻchirib qoʻying. Shunda bolangiz ovqatlanishga va siz taklif qilayotgan sogʻlom ovqatlarga eʼtibor qaratadi.
- Farzandingizga meva va sabzavotlar tasvirlangan, sogʻlom oziq-ovqatlar haqidagi kitoblarni oʻqib bering,. Farzandingizdan har xil ranglarni, turlarni, shakllarni va boshqa narsalarni koʻrsatishni soʻrang.
Uyda tamaddi uchun foydali mahsulotlarni saqlang va zararlilarini sotib olmaslikka harakat qiling. Agar uyda zarali taom boʻlmasa, bolalar oʻz-oʻzidan sogʻlom oziq-ovqatni tanlaydi. Misol uchun, dasturxonga bir kosa yangi meva, sovitkichga esa idishga solingan sabzavotlarni qoʻyib qoʻying.