Sabzavotlar: farzandingizni koʻproq ovqatlanishga qanday koʻndirish boʻyicha maslahatlar
Nima uchun bolalar sabzavotlarni isteʼmol qilishi muhim?
Sabzavotlar bolani energiya, vitaminlar, antioksidantlar, kletchatka (tola) va suv bilan taʼminlaydi. Ular bolangizni ulgʻayganda turli kasalliklardan himoya qiladi. Sogʻlom ovqatlanish koʻplab sabzavotlarni, shuningdek, boshqa asosiy oziq-ovqat guruhlarining turli xil mahsulotlarini isteʼmol qilishni anglatadi.
Turli yoshdagi bolalar uchun ovqatlanish boʻyicha tavsiyalar:
- 1–2 yoshda har kuni 2–3 porsiya;
- 2–3 yoshda har kuni 20,5 porsiya;
- 4–8 yoshda har kuni 40,5 porsiya sabzavot isteʼmol qilish kerak.
Farzandingiz yetarlicha sabzavot yeyishga qiynalsa, buning ustida ishlashni davom ettirish zarur. Agar hozir bolangizga sogʻlom ovqatlanish odatlarining shakllanishida koʻmaklashsangiz, bu odatlar unga butun hayoti davomida asqatadi.
Quyidagi tavsiyalar oilangizning ovqatlanish tartibiga koʻproq sabzavotlarni kiritishda yordam beradi.
1-tavsiya: sabzavotlar yeyish bilan boshqalarga oʻrnak boʻling.
Farzandingiz oziq-ovqat tanlashni sizdan oʻrganadi, shuning uchun bolangizni sabzavot isteʼmol qilishga undashning eng yaxshi usuli bu – sabzavotlar yeyishingizni unga koʻrsatishdir.
Oila davrasida ovqatlanish – bolaga sogʻlom ovqatlanishni, shu jumladan, sabzavot isteʼmol qilishni oʻrgatish uchun yaxshi vaqt. Qovurilgan, dimlangan va turli taomlar sabzavot koʻp qoʻshilgani uchun ajoyib taʼmga ega boʻladi. Idishdagi salat ham tez tayyorlanadigan va mazali taomning bir turi. Agar farzandingiz siz va aka-opalarining likopchalarini sabzavotlar bilan toʻldirayotganini koʻrsa, ehtimol, u ham shunday qilishni xohlashi mumkin.
2-tavsiya: sabzavotlarni taklif qilishni davom ettiring.
Bolalar sabzavotlarni birinchi marta tatib koʻrishdayoq ularni yoqtirmasligini aytishi odatiy hol. Agar farzandingiz sabzavotlarni yomon koʻrishini yoki yangi sabzavot unga yoqmaganini aytsa, ularni ovqat paytida qayta taklif qilishni va uni tatib koʻrishga undashni davom ettiring.
Farzandingiz oxir-oqibat sabzavotlar haqidagi fikrini oʻzgartiradi. Baʼzi bolalar yangi taomni qabul qilguncha 10 martagacha va uni yoqtirishga qaror qilguncha yana 10 marta tatib koʻrishlari kerak.
3-tavsiya: bolangiz sabzavotlarni tatib koʻrganida uni maqtang.
Agar farzandingizni har safar sabzavot yeganda yoki tatib koʻrganda maqtab qoʻysangiz, yana sabzavot isteʼmol qilishga moyilligi ortadi. Agar unga qaysi ishi uchun maqtaganingizni aytsangiz, bu yanada yaxshi samara beradi. Masalan: “Klara, menga oshqovoq va karamni tatib koʻrganing juda yoqdi!”
Maqsadingiz – bolangizni sizdan maqtov va mukofot olishni xohlagani uchun emas, balki sabzavotni yoqtirgani uchun uni isteʼmol qilishga undashdir.
Sabzavotni yeyishdan bosh tortgani uchun bolani jazolash uning sabzavotlarga boʻlgan munosabatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Agar bola ovqatni rad etsa, uni 20 minutdan soʻng olib ketgan maʼqul. Bunga koʻp ahamiyat bermaslikka harakat qiling – boshqa safar qayta urinib koʻring.
“Agar sen karam isteʼmol qilsang, muzqaymoq olib beraman” kabi jumlalarni aytish yaxshi emas. Bu bolangizni sogʻlom ovqatlardan koʻra shirinliklarga koʻproq qiziqtirishi va meʼyordan ortiqcha ovqatlanishga undashi mumkin.
4-tavsiya: bolangizni sabzavotlardan taom tayyorlashga jalb qiling.
Agar bolangizni sabzavotli ovqatlarni pishirish va dasturxonga tortishga jalb qilsangiz, unda oʻzi tayyorlagan sabzavotlarni isteʼmol qilishga xohish paydo boʻladi.
Masalan, farzandingizga quyidagilarga ruxsat berishingiz mumkin:
- xarid qilayotganda kechki ovqat uchun sabzavotlarni tanlash;
- pishirishdan oldin toʻgʻralgan sabzavotlarni qozonga solish;
- toʻgʻralgan bolgar qalampir, pomidor, goʻsht va qoʻziqorinni pishiriq yuzasiga joylashtirish;
- koʻkatlarni saralash va yuvish.
Kattaroq yoshdagi bolalar oshxona asboblarini xavfsiz ishlata olishiga ishonsangiz, ular sabzavotlarni maydalash yoki qirgʻichdan oʻtkazishda yordam berishlari mumkin.
Iloji boʻlsa, xarid qilishga bolalarni ham olib boring. Turli xil sabzavotlarni koʻrish ularning qiziqishini va taʼtib koʻrishga boʻlgan xohishini oshiradi.
5-tavsiya: sabzavotlarni tamaddi sifatida taklif qiling.
Sabzavotlar bilan ajoyib tamaddi qilish mumkin. Agar tamaddi uchun koʻproq sabzavot sotib olsangiz va uydagi zararli ovqatlar miqdorini cheklasangiz, bolangiz ochqaganda sabzavotni tanlashga moyil boʻladi. Quyida sabzavotlar bilan tamaddi qilishga undash usullari keltirilgan:
- Sovitkichda bodring, sabzi yoki bolgar qalampiri kabi toʻgʻralgan sabzavotlar solingan idish tursin. Yana bir variant: stol ustiga mayda pomidorlar solingan likopchani qoʻying.
- Katta yoshdagi bolalarga noʻxat taklif qiling.
- Sabzavotlarni pishloq yoki qatiq bilan birga bering.
6-tavsiya: shakli, rangi va taʼmi turli xil sabzavotlarni tanlang.
Turli shakllar, ranglar va taʼmga ega boʻlgan sabzavotlarni tanlashga harakat qiling – ular qanchalik xilma-xil boʻlsa, farzandingiz oʻzini qiziqtirgan mahsulotni topishi ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi.
Taʼm muhimligini unutmang. Masalan, siz sabzavotlarni yangi koʻkatlar va limon sharbati bilan qoʻshib qovurishingiz yoki pishiriq tayyorlashda mayda toʻgʻralgan karamdan foydalanishingiz mumkin. Balki, bu farzandingizga bugʻda katta-katta qilib pishirilgan sabzavotlardan koʻra koʻproq yoqar.
Sabzavotlarni yosh bolalar bilan pishirishni oʻyin shaklida amalga oshirsa ham boʻladi. Misol uchun, likopchaga sabzavotlardan foydalanib bosh yasang: sochlar uchun toʻgʻralgan sabzi, koʻzlar uchun mayda pomidor, burun uchun loviya va ogʻiz uchun qalampir boʻlakchalarini ishlating.
Kichkintoylar, maktabgacha yoshdagi bolalar va maktab yoshidagi bolalar uchun mos keladigan retseptlarni koʻrib chiqing.
7-tavsiya: sabzavotlarni boshqa yoʻllar bilan ovqatga qoʻshing.
Siz sabzavotlarni bolangiz yoqtiradigan ovqatlarga boshqacha shaklda qoʻshishingiz mumkin. Masalan, makaron yoki shoʻrvalarga pyure holatidagi yoki maydalangan sabzavotlarni solib yuborsangiz boʻladi.
Bu farzandingizning xatti-harakatlarini va sabzavotlarga boʻlgan munosabatini oʻzgartirmaydi. Shunga qaramasdan, bolangizga sabzavotlarni asl shaklida muntazam ravishda berib borish muhim ahamiyatga ega. Agar shunday qilsangiz, bolangiz turli xil taʼm va shakllarni yaxshi bilishi va oʻrganishi mumkin.
Farzandingizning ovqatlanish odatlaridan xavotirda boʻlsangiz, dietologga murojaat qiling.