Bolaga ovqat tayyorlash – foydali va xavfsiz taom

“Oziq-ovqat tanlash, uni tayyorlash va saqlash usuli uning ozuqaviy xususiyatlariga taʼsir qiladi. Bolalar ovqatlari haqida gap ketganda, ayniqsa, xavfsiz tayyorlash va saqlash haqida qaygʻurish kerak. Ideal holda chaqaloqlar va yosh bolalar ovqatlari ovqatlantirishdan oldin darhol tayyorlanishi va pishganidan keyin umuman saqlanmasligi kerak”.
Body

Ovqat tayyorlash boʻyicha asosiy maslahatlar:

  • Bevosita farzandingizga moʻljallab pishiring.
  • Tayyor pyurelardan faqat alohida holatlarda (sayohat, shoshilinch yumushlar boʻlganda) foydalaning.
  • Tayyor bolalar ovqatida ortiqcha miqdorda yogʻ, shakar yoki konservantlar boʻlishi mumkin; taʼmi yoki suyuq-qoʻyiqligi tabiiy, mahalliy taomlardan farq qilishi mumkin; chaqalogʻingiz ovqatning tabiiy taʼmiga oʻrganishi muhim.
  • Bolalar ovqatiga tuz va shakar qoʻshmang; agar butun oila uchun ovqat tayyorlasangiz, tuz va ziravorlarni qoʻshishdan oldin bolaga beriladigan qismini ajratib oling.
  • Sotib olayotgan oziq-ovqat mahsulotlaringizning toʻgʻri qadoqlanganiga ishonch hosil qiling va yaroqlilik muddatini tekshiring. Yaroqlilik muddati oʻtganidan keyin ovqatni ishlatmang.
  • Iloji boricha koʻproq ozuqaviy xususiyatlarni saqlab qolish uchun yangi ovqatlarni tanlang, saqlang va tayyorlang.
  • Meva va sabzavotlarni muzlatkichda uzoq vaqt saqlash, uzoq vaqt pishirish, koʻp miqdorda suyuqlikda pishirish vitaminlar saqlanishiga yordam bermaydi.
  • Meva va sabzavotlarni, ayniqsa, yerga yaqin oʻsadiganlarini yaxshilab yuvish kerak. Mevalarni arching (poʻstida koʻp vitaminlar, pektin va boshqa sogʻlom ingredientlar boʻlsa-da, poʻstida koʻp miqdorda pestitsidlar va boshqa kimyoviy moddalar ham boʻladi).
  • Imkoni boricha, pyureni har doim yangi sabzavotlardan tayyorlang. Muzlatilgan sabzavotlardan foydalansangiz ham boʻladi.
  • Bolaning oʻz qoshigʻi, piyolasi, kosasi va tarelkasi boʻlishi kerak.

Xavfsiz ovqat tayyorlash va saqlash boʻyicha maslahatlar

Tozalik

Ovqatga teginishdan oldin va ovqat tayyorlash paytida qoʻlingizni tez-tez yuving. Ovqatlantirishdan oldin oʻzingizning va bolangizning qoʻlini yuving. Ovqat tayyorlanadigan stol usti va idishlar toza boʻlsin. Oshxonangizni va ovqatingizni hasharotlar, zararkunandalar va boshqa hayvonlardan saqlang.

Xom va pishirilgan ovqatni ajratib oling

Pishmagan oziq-ovqat mahsulotlarini, ayniqsa, goʻshtni oldindan tayyorlangan yoki pishirilmaydigan ovqatlar bilan aralashtirmang. Pishmagan oziq-ovqat mahsulotlarini kesish uchun alohida maxsus jihozlardan – pichoq va kesish taxtasidan foydalaning. Xom va tayyor ovqatlar bir-biriga hidi oʻtmasligi va tasodifan qoʻshilib ketmasligi uchun ovqatni yopiq idishlarda saqlang.

Ovqatni yetarlicha uzoq pishiring

Ovqatni, ayniqsa, goʻsht, parranda goʻshti, tuxum va dengiz mahsulotlarini yetarlicha uzoq pishiring. Shoʻrvalar va dimlama kabi taomlarni qaynaguncha pishiring. Goʻsht va parranda goʻshtining seli qizil emas, tiniq ekaniga ishonch hosil qiling. Tayyorlangan ovqatni yetarlicha uzoqroq isitib oling. Qaynaguncha yoki juda issiq boʻlguncha isiting. Isitish paytida ovqatni aralashtirib turing.

Oziq-ovqat mahsulotlarining bakteriologik xavfsizligiga eʼtibor bering

Yosh bolalarga chala pishgan tuxum yoki xom tuxumi boʻlgan yegulik (krem, muzqaymoq, mayonez)  bermang. Chunki ularda salmonellalar (ichketar kasalligini keltirib chiqadigan mikroblar) mavjudligi xavfi yuqori boʻladi. Pasterizatsiya qilinmagan sut yoki sut mahsulotlarini bermang; sut mahsulotlarini muzlatkichda saqlang va yaroqlilik muddatiga eʼtibor bering.

Oziq-ovqatlarni xavfsiz haroratda saqlang

Tayyorlangan ovqatni xona haroratida 2 soatdan ortiq saqlash tavsiya etilmaydi. Tayyorlangan ovqatni muzlatkichda, yopiq idishlarda uzogʻi 24 soat saqlash mumkin. Siz yangi tayyorlangan pyureni kichik idishlarda uch haftadan koʻp boʻlmagan vaqtga muzlatib qoʻyishingiz mumkin. Muzlatilgan ovqatni xona haroratida eritmang.

Har doim bolaning xavfsizligi haqida oʻylang

Baʼzi mahsulotlar bolaga boʻgʻilib qolishi yoki boʻgʻilish ehtimoli borligi tufayli xavf tugʻdiradi, shuning uchun ularni 4 yoshgacha boʻlgan bolalarga bermaslik kerak. Bular: yeryongoq, bodom, funduk, urugʻlar, popkorn, qattiq konfet, butun uzum, goʻshtning katta va qattiq boʻlaklari, xom meva yoki sabzavotlar.

Bola yugurish, sakrash yoki yotish paytida ovqat yeyishiga yoʻl qoʻymang. Kichkintoyingizga ovqat isteʼmol qilayotganda gapirmaslikni oʻrgating.