Bolalar uchun pazandachilik mashgʻulotlari: 3–6 yosh
Bolalar uchun pazandachilik mashgʻulotlari: ular nimasi bilan foydali?
Bolalar bilan birga ovqat tayyorlashning koʻplab foydali jihatlari bor. Masalan, u quyidagilarga yordam berishi mumkin:
- mahsulotlarni oʻlchash yoki sanash orqali bolangizda erta yoshdan hisoblash koʻnikmalarini shakllantirish uchun;
- retseptlarni oʻqish orqali farzandingizda savodxonlik koʻnikmalarini rivojlantirish uchun;
- farzandingiz bilan boʻlgan munosabatlaringiz yaxshilanadi, chunki u bilan koʻproq vaqt oʻtkazasiz;
- ijodiy fikrlaydigan, ishbilarmon, faol va quvnoq boʻlishingizga koʻmaklashadi.
Oilaviy dasturxon atrofida birga tayyorlagan taomingizni baham koʻrish – bolangiz uchun suhbatlashish, boʻlishish va tinglash kabi ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishning ajoyib usulidir.
Pazandachilik mashgʻulotlarida nimalar kerak boʻladi?
Farzandingizga nima pishirishni tanlash imkoniyatini bering, lekin retsept soddaroq ekanligiga ham eʼtibor qaratish zarur, aks holda, u faqat qarab, kuzatib turadi, siz esa hammasini oʻzingiz bajarishingizga toʻgʻri keladi.
Ehtimol, siz bolangiz bilan tayyorlash mumkin boʻlgan oddiy taomni bilarsiz. Balki, bu uning yaxshi koʻradigan yeguligi yoki shirinligidir. Agar nima pishirishga oʻylansangiz, internetdan bolalarga moʻljallangan retseptlarni yoki kutubxonadan pazandachilik kitoblarini qidirib koʻring.
Qanday taom tayyorlashni hal qilganingizdan soʻng, oʻzingizga zarur barcha mahsulotlar va asbob-uskunalar borligini, shuningdek, ishlaydigan joyingiz toza ekanini tekshiring.
Bundan tashqari, sizdan koʻp vaqt talab etiladi. Farzandingiz juda sekin harakat qilishi va siz jarayon davomida yuzaga kelgan tartibsizliklarni toʻgʻrilashingiz kerak boʻlishi mumkin. Farzandingiz, ehtimol, barcha mahsulotlarni tatib koʻrishni xohlar!
Oshxona bolalar uchun xavfli joy boʻlishi mumkin. Farzandingiz issiq jihozlar, elektr asboblari va oʻtkir oshxona anjomlari yaqinida boʻlganida, uni har doim kuzatib turing.
Bolalar bilan taom tayyorlashda nimalarga eʼtibor berish kerak?
- Ishga kirishishdan oldin taom haqida gapiring. Farzandingizga mahsulotlar va retseptni (agar ishlatsangiz) koʻrsating.
- U imkon qadar koʻproq harakat qilishiga ruxsat bering. Farzandingiz sabzavot va mevalarni yuvish, oʻlchash va hisoblashda yordam berishi mumkin, shu bilan birga, sizning jiddiy nazoratingiz ostida sariyogʻ uchun ishlatiladigan pichoq bilan yumshoq mevalarni toʻgʻrashga urinib koʻrsa ham boʻladi. Oldin bolangizga bu qanday bajarilishini koʻrsatishingiz kerak, keyin unga sinab koʻrishga ruxsat bering.
- Nima qilayotganingiz haqida gapirish mobaynida “maydalash” va “ezish” kabi soʻzlarni qoʻllang. Shuningdek, farzandingizni “shoʻr”, “uvalanadigan” yoki “qarsildoq” kabi taʼm va shaklni ifodalaydigan soʻzlarni topishga undashingiz mumkin.
- Qaysi mahsulotlar foydali ekanini va buning sababini muhokama qiling.
- Farzandingizga oʻz taomini doʻstlari yoki oila aʼzolari bilan baham koʻrishiga ruxsat bering. Farzandingizni taom pishirishda koʻmaklashgani va mehnatsevarligi uchun maqtang!
Turli yoshdagi bolalar uchun pazandachilik mashgʻulotlarini oʻtkazish
Kichik yoshdagi bola uchun oddiy koʻkatli salat birinchi yaxshi taomdir. Farzandingizga koʻkatlarni yuvishiga yordam bering, keyin ularni qoʻllari bilan burdalashiga ruxsat bering. Farzandingizga kerakli mahsulotlarni oʻlchashga va taʼmga qarab ziravor qoʻshishga koʻmaklashing, shundan soʻng salatni aralashtirish uchun qoshiq bering.
Yozma retseptlar katta farzandingizning savodxonlik va hisoblash qobiliyatlarini rivojlantirishning yaxshi usuli sanaladi. Ishni boshlashdan oldin bolangiz bilan retseptni oʻqing. Shakllar, ogʻirlik va harorat kabi tushunchalar haqida gapirishingiz mumkin.
Farzandingiz bilan turli mamlakatlardagi odamlar nima isteʼmol qilishi va ularning har biri oʻz oshpazlik anʼanalariga ega ekanligini haqida suhbatlashsangiz ham boʻladi. Unga dunyoning turli mamlakatlarida ovqat tayyorlashning anʼanaviy usullari borligini tushuntiring.
Pazandachilik boshqa mamlakatlar va ularning madaniyatini oʻrganish uchun oʻziga xos omil vazifasini bajarishi mumkin. Farzandingiz bilan sizlar pishirmoqchi boʻlgan taom qaysi mamlakatlarda tayyorlanishi va u yerlarda yashaydigan insonlar haqida soʻzlashishingiz mumkin.