Oila davrasida ovqatlanishni yoqimli qilish: oltita maslahat
Oilaviy ovqatlanishning afzalliklari
Oilaviy hayot sermazmun boʻlib, taomlarni tayyorlash va birgalikda taom yeyish vaqt talab etadi. Agar buni uddalay olsangiz, muntazam oila davrasida ovqatlanish yaxshi natija beradi.
Kechki ovqat yoki yakshanba kungi maxsus tushlik boʻlishidan qatʼi nazar, oilaviy ovqatlanish yoʻqotilgan vaqtni toʻldirish, munosabatlarni mustahkamlash va muloqot qilish uchun eng zoʻr vaqtdir. Bu, ayniqsa, band boʻlgan katta bolalar va oʻsmirlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Farzandingiz ovqatlanish paytida nima qilayotganingizni kuzatib, ovqatlanish va oilaviy urf-odatlar haqida koʻp narsalarni bilib olishi mumkin. Masalan, oilaning qolgan aʼzolari bilan ovqatlanish kichik yoshdagi bolalarga hamma kabi sogʻlom ovqatlanishni oʻrganishga yordam beradi. Bu tanlab yeydiganlarni yangi taomlarni tatib koʻrishga undashi mumkin.
Oila aʼzolaringiz yigʻilganda koʻrmoqchi boʻlgan odatlaringizni bolalarga oʻrgatish uchun oilaviy ovqatlanishlardan foydalanishingiz mumkin. Gap yosh bolalarni qoshiq va sanchqidan foydalanishga oʻrgatish haqida ketmoqda. Bu, shuningdek, boshqalar oʻz yangiliklari bilan boʻlishganda tinglash va navbatma-navbat gapirish kabi narsalarga ham tegishlidir.
Muntazam ravishda oila davrasida ovqatlanadigan bolalar va oʻsmirlar koʻp jihatdan (masalan, ruhiy hamda jismoniy salomatlikdan tortib maktabda oʻzlashtirishga qadar) yaxshi natija koʻrsatadilar.
Oilaviy ovqatlanishni yoqimli qilishning oltita usuli
1. Birgalikda ovqatlanish uchun maʼlum bir vaqtni belgilang.
Agar bu vaqtni haftalik jadvalingizga kiritsangiz, oilaviy dasturxon atrofida birga boʻlish imkoniyati koʻproq boʻladi. Dasturxon atrofida televizor va telefonlar oʻchirilgan holda ovqatlanganda vaqt yanada oʻzgacha oʻtishi mumkin.
2. Shoshqaloqlikni kamaytiring.
Agar siz oilaviy tushlik uchun 20–30 minut vaqt ajratsangiz, farzandlaringiz ovqatlanishi uchun vaqt yetarli boʻladi. Ular yangi taomlarni tatib koʻrish va yaxshi ovqatlanish odatlarini shakllantirish imkoniga ega boʻladi. Shuningdek, oilangiz bilan dam olish, suhbatlashish va zavqlanish uchun ham vaqtingiz yetadi.
Agar kichkintoyingizga 20 minut oʻtirish qiyin boʻlsa, unga biroz harakat qilishga ruxsat bering. Bolalarga faqat dasturxon atrofida oʻtirganida ovqat yeyishga ruxsat berish maqsadga muvofiq.
3. Hammani jalb qiling.
Bolalarni oilaviy taomlarni tanlash va tayyorlashga jalb etish ushbu yegulikni isteʼmol qilish imkoniyatini oshiradi, shuningdek, tanlab ovqatlanuvchilarni yangi taomlarni tatib koʻrishga undashi mumkin.
Hatto yosh bolalar ham oilaviy taomlarni tayyorlashda yordam berishi mumkin. Masalan, ular meva va sabzavotlarni yuvishi yoki salat tayyorlashi, bundan tashqari, dasturxonni tuzash va gullar bilan bezatish orqali ham yordam berishi mumkin.
Kattaroq bolalar va oʻsmirlar yangi taomlarning retseptlarini topib, oila uchun ovqat pishirishlari mumkin (aytaylik, haftada yoki ikki haftada bir marta). Bu ovqat tayyorlash boʻyicha masʼuliyatni boʻlishishga koʻmaklashadi va farzandingizga taom pishirishni oʻrganish imkoniyatini beradi.
4. Oilaviy ovqatlanishdan suhbat qurish uchun imkoniyat sifatida foydalaning.
Dasturxon atrofida oilaviy ovqatlanish oila aʼzolarining nima bilan bandligini bilishning zoʻr usuli boʻlishi mumkin. Ammo baʼzida bolalarga oʻz kechinmalarini soʻz bilan ifodalash qiyin kechadi. Agar sizning farzandingizda ham shunday boʻlsa, unga faqat “ha” yoki “yoʻq” deb javob berishni talab qiladigan savollar emas, boshqa savollar ham berish foydali boʻladi. Masalan, “Bugun maktabda sodir boʻlgan ajoyib voqeani menga aytib ber”.
Yana bir taklif: har bir oila aʼzosi oʻzining kun davomidagi yaxshi va yomon kechinmalarini baham koʻradi. Shu tariqa farzandingiz oʻzini noqulay his qilmaydi.
Agar farzandingiz chindan ham gapirishni istamasa, qattiq talab qilmaslik va bu mavzuni davom ettirmaslik yaxshiroq. Bola uchun oila bilan birga boʻlish va boshqalarning suhbatini tinglash foydalidir. Maqsad – ovqatlanish vaqtini yoqimli oʻtkazish va oʻzaro suhbat qurish.
5. Yaxshi xulq-atvorni maqtang.
Kichik farzandlaringiz yaxshi ovqatlansa, odob-axloqlari yaxshi boʻlsa va turli taomlarni tatib koʻrayotgan boʻlsa, ularni maqtashga harakat qiling. Ularga nimani yaxshi bajarayotganini ayting. Siz bolaning likopchadagi har bir taomni tatib koʻrishi yoki “iltimos” va “rahmat” soʻzlarini aytishi kabi xatti-harakatlarini ham ragʻbatlantirishni xohlashingiz mumkin.
Mukofotlash uchun yeguliklarni taklif qilishdan saqlaning. Masalan, “Agar sen karamni yeb tugatsang, muzqaymoq olib beraman” deyish tavsiya etilmaydi. Bu bolangizni sogʻlom ovqatlardan koʻra shirinliklarga koʻproq qiziqtirishi mumkin.
6. Ovqatlanishni tashkillashga ijodiy yondashing.
Agar sizda vaqt va imkoniyat boʻlsa, butun oila aʼzolaringizga manzur boʻlishi uchun ovqatlanish vaqtini yanada quvonchli va yoqimli oʻtkazing. Masalan, dam olish kunlari siz:
- nonushta uchun quymoq tayyorlang;
- bogʻda, hovlida yoki ayvonda ovqatlanishni tashkillang;
- kechki ovqatga mehmonlarni taklif qiling (masalan, qoʻshni, farzandingizning doʻsti, bobosi yoki buvasi). Bu farzandingizning doʻstlari bilan tanishish uchun yaxshi imkoniyat boʻlishi mumkin;
- taomni biron-bir mavzuga bogʻlagan holda tayyorlang – masalan, farzandingiz maktabda oʻrganayotgan tildan foydalanuvchi mamlakatlarning taomlari.