Bola hayotining 3-yilida harakat faolligini kuchaytirish

Odatda sogʻlom bolalar 20 oyligida yurishni boshlaydi. Mustaqil yurish va yurishni oʻrganish bosqichi juda qizgʻin boʻlib, bolalarda harakat faoliyatini koʻproq oʻrganishga doimiy ehtiyoj bor: yugurish, oʻrmalash, tepish, toʻpni uloqtirish va ushlash, zinadan koʻtarilish va pastga tushish, balandlikka chiqish va undan tushish, oʻyinchoqlarni itarish, skuter va velosipedda uchish.
Body

Bola yurishni boshlaganida olamni qanday kashf qiladi?

Olam juda katta va qiziqarlidir. Bolalar uni oʻrmalab, buyumlar orasi yoki tagidan oʻtib, itarib, yugurib, aylanib, har tomonlama kuzatib, ayniqsa, oyogʻini osmondan qilgan holatda (ota-onalari ularni aylantirishlarini, uchirishlarini yaxshi koʻradi) tadqiq qiladi. Bu davrning oʻziga xos jihati shuki, bolalar hamma narsani oʻzlari bajarishni xohlaydi, ulardan tez – tez: “Meni qoʻyib yuboring, qoʻyib yuboring!” degan gapni eshitish mumkin. Ular sizga biror narsani oʻzlari qila olishini bildirmoqchi boʻladi.

Bosh va gavdaning turish holatini oʻzgartirish: bunday mashqlar yordamida miya faoliyati yanada yaxshilanadi, shu tariqa bolalar oʻz tanalari toʻgʻrisida yangi bilimlarni egallashadi: ular maʼlum bir faoliyatda oʻz diqqatini jamlashi mumkin (boshqotirmalar va oʻyin kublarini yigʻish, qalamni ushlash, kichik oʻlchamdagi munchoqlarni ipga tizish, kitob oʻqish va h.k.).

Toʻp oʻyinlar: harakatni yaxshilashda toʻpdan foydalanishdan yaxshiroq usul yoʻq (toʻpni otish, ushlash, tepish, urish). Dastlab ular bu harakatlarni ancha katta toʻplar bilan bajaradi, keyinchalik kichiklaridan foydalanadi. Toʻp bilan mashqlar bajarish orqali farzandingiz quyidagi mahoratlarini yaxshilaydi:

– tezlik;

– chapdastlik;

– muvofiqlashtirish;

– joyni oʻlchash;

– harakatni rejalashtirish;

– oʻyindagi xatolarni cheksiz takrorlashlar evaziga toʻgʻrilash;

– harakatning turli modellari yordamida butun tanani harakatga keltirish.

Qumli oʻyinlar: qazish, chelakni toʻldirish, tashish, suv olish, uyum yasash, qumli uychalarni “mustahkamlash” uchun aylantirish. Bunday mashgʻulot davomida farzandingizning:

– butun tanasi mushaklari harakatga keladi va mustahkamlanadi;

– muvozanati yaxshilanadi;

– qum, toshchalar, suv yordamida sezgi hislari boyitiladi.

Parkdagi oʻyinlar: argʻimchoq, alpinistlar, batutlar. Oʻzi va atrof olam haqida yangicha taassurot olish uchun parkdan yaxshisi bormi? Parkdagi oʻyinlar vositasida boladagi quyidagi qobiliyatlar rivojlanadi:

– ijtimoiy oʻzaro taʼsir;

– soʻz boyligining kengayishi va boshqalar bilan muloqotga oʻrganish;

– harakat koʻnikmalari;

– muhitda yoʻnalish olish;

– tadqiq qilish;

– taqlid qilish;

– boshqalarni oʻyinga jalb qilish va uyushtirish.

Bolalar harakat qilishni yaxshi koʻradi. Shunday qilib, asosiy eʼtibor ularga harakat koʻnikmalarini egallashni osonlashtirishga emas, balki ularga xavfsiz muhitda urinib koʻrish, takomillashish va oʻrganish imkoniyatini berishga, shu bilan rivojlanishning barcha sohalarini kuchaytirishga qaratilishi kerak: ijtimoiy-emotsional, kognitiv, nutq va til, motorika, qoʻl funksionalligini rivojlantirish.