Bolaning odatdagi oʻsishi: 25 oydan boshlab

Bolaning oʻsishi Hayotining ikkinchi yilida sekinlasha boradi. Bu jarayon jinsiy balogʻatga yetguniga qadar davom etadi.
Body
  • Bola toʻlaqonli ovqatlansa, sogʻlom boʻlsa, oʻynash va taʼlim olish uchun xavfsiz va ishonchli muhit yaratilsa, ota-ona uning ehtiyojlarini yetarli darajada qondiradigan boʻlsa, u yaxshi oʻsadi va rivojlanadi.
  • Ovqatlanish va nasliy omillardan tashqari bolaning oʻsishiga uning gormonlari kuchli taʼsir koʻrsata boshlaydi.
  • Bolaning oʻsishini kuzatish oʻsish parametrlarini aniqlashni oʻz ichiga oladi: tana vazni va tana uzunligi/boʻyini 3 yoshgacha har 3 oyda, 3 yoshdan 5 yoshgacha bir yilda 2 marta oʻlchash va rivojlanishini kuzatib borish.

3 yoshdan boshlab

  • Bolaning oʻsishi barqaror boʻladi, lekin oʻsish jarayonida tana nisbati oʻzgaradi. Yangi tugʻilgan chaqaloqning tanasiga nisbatan boshi katta, oyoqlari va qoʻllari esa kalta boʻladi, endi esa boshning oʻsishi sekinlashib, tana, ayniqsa, qoʻllar va oyoqlar oʻsadi.
  • Tanada yogʻ miqdori ham kamayadi, bu oyoq va qoʻllarning ingichka boʻlishi va boshning kichikroq dumaloq shaklga kirishida koʻrinadi.
  • Biz oʻsish bir tekis kechayotganini koʻrsak-da, u baribir qator tengsizliklardan iborat. Bolalar oldin vazn qoʻshadilar, keyin esa oʻsishni boshlaydilar.
  • Mavsumga bogʻliq oʻzgarishlar ham maʼlum: bolalar bahorda boʻyiga tezroq oʻsadilar, kuzda esa koʻproq vazn qoʻshadilar.
  • Uchinchi yildan boshlab balogʻat yoshiga qadar oʻsish asosan barqaror kechadi.
  • Ushbu davrda koʻpchilik bolalar har yili 5,0–7,5 cm boʻyiga oʻsadilar va vazniga 2-3 kg qoʻshadilar.
  • Keyingi oʻn yil ichida bosh yana 3-4 cm ga oʻsadi.
  • Bu yoshda bola boʻyi bilan ota-onaning oʻrtacha boʻyi oʻrtasida statistik jihatdan ijobiy korrelyatsiya mavjud boʻlib, u genetik xususiyatiga mos ravishda oʻsayotganini baholash mumkin. Genetik oʻsish xususiyati (“maqsad balandligi”) ota-onaning oʻrtacha balandligini oʻgʻil bolalar va qizlar uchun turlicha tenglamalarga muvofiq hisoblash asosida baholanadi (Tanner usuli):
    • Oʻgʻil bola uchun moʻljallangan boʻy (cm) = (otaning boʻyi + onaning boʻyi) / 2 + 6.5
    • Qiz bola uchun moʻljallangan boʻy (cm) = (otaning boʻyi + onaning boʻyi) / 2–6.5

Oʻsishning buzilishi

Oʻsish –murakkab jarayon, u koʻplab omillar taʼsiriga bogʻliq. Bu omillarning baʼzilari belgilangan oʻsish tartibiga xalaqit berishi va uni buzishi mumkin. Masalan, notoʻgʻri ovqatlanish, surunkali kasalliklar, endokrin kasalliklar, dori-darmonlar, oilaviy muammolar va boshqalar. Shu sababli bola oʻsishini muntazam ravishda kuzatib borish bu buzilishlarni aniqlash va jarayonga oʻz vaqtida aralashishga imkon beradi.

Muddatidan oldin tugʻilgan yoki tugʻilish vaqtida tana ogʻirligi kam/boʻyi past boʻlgan bolalar alohida eʼtiborga muhtojdirlar, chunki ikki yildan soʻng ota-onaning boʻyiga yoki genetik xususiyatidagi boʻyiga mos kelmasa, ularni zudlik bilan tekshirish kerak.

Ota-onalar, farzandingiz sizdan uning toʻgʻri oʻsishi va rivojlanishi uchun kerakli sharoitlarni yaratishingizni kutadi.