Kichkintoyning uyqusi: nimani bilish kerak?

Kichik yoshdagi bolalar sutkada taxminan 12–13 soat uxlashlari kerak. Bu odatda kechasi 10–12 soat va kunduzi 1–2 soat. Kichkintoylardagi keng tarqalgan uyqu muammolariga uxlashning qiyinligi va uyquga yotish kerak boʻlganda yotishni xohlamaslik kabilar kiradi. Uyquga tayyorgarlikning kundalik tartibi kichkintoylarning uxlashiga yordam beradi.
Body

Kichik yoshli bolalarning uyqusi: nimani bilish kerak?

Kichkintoylarning koʻpchiligi deyarli tun boʻyi uxlaydilar va ota- onani uygʻotmaydilar. Biroq kichkintoylar mustaqil ekanliklarini namoyish qilishni yoqtiradilar, shuning uchun ularni darhol uxlatish uchun yotqizish oson boʻlmasligi mumkin.

Yosh bolalar tez charchab qoladilar. Bunday holatda ularning uxlab qolishlari qiyinroq boʻladi. Farzandingizda charchoq belgilarini sezib qolishingiz bilan asabiylashmasdan oldin uni uxlatish uchun yotqizing. Uxlashga tayyorgarlikning har kungi doimiy tartibi sizga bu vazifani osonlashtiradi.

Bolangiz uyqu tartibi nima ekanini bilib olsa, unda uyquga ijobiy munosabat va toʻgʻri koʻnikmalar paydo boʻladi.

Kichkintoyning uyqu jadvali

Kunduzgi uyqu davomiyligi juda uzoq boʻlsa yoki bolaning uyqusi kechgacha davom etsa, u to yarim tungacha uxlamaydi.

Baʼzi bolalar ertalab soat 5:30 yoki 6:00 da uygʻonadilar. Va buni oʻzgartirib boʻlmaydi. Kichkintoyingiz ertalab kech uygʻonishi umidida kech uxlatish sizga yordam bermaydi. U baribir erta uygʻonadi, lekin kam uxlagani sababli injiq boʻladi.

Ertangi kun uchun kuch toʻplash va dam olish maqsadida chaqalogʻingiz bilan bir vaqtning oʻzida uxlashga yotishga harakat qiling. Chunki chaqaloq sizni ertalab uygʻotganda uygʻonishingiz osonroq boʻladi.

Kichkintoyning uyquga yotish tartibi

Uyquga tayyorgarlikning oʻrnatilgan muntazam tartibi kichkintoylarni uyquga tayyorlashga yordam beradi.

Kichkintoylarning koʻpchiligi soat 18:30 dan 19:30 gacha boʻlgan oraligʻida uxlashga tayyor boʻladilar. Bu juda yaxshi vaqt, chunki ular 20:00 dan yarim tungacha chuqur uyquda boʻladilar. Dam olish kunlarida ham, haftaning boshqa kunlari ham tartibni saqlash muhim.

Uxlashga tayyorgarlik tartibi taxminan quyidagicha koʻrinishda boʻlishi mumkin:

  • 18.30 – choʻmilish, tishlarini yuvish va taglikni almashtirish;
  • 18:45 – tinchlik vaqti (kitob oʻqish yoki ertak aytib berish);
  • Kechki soat 19:00 – uxlash joyiga yotqizish va oʻpib qoʻyish.

Chiroqni oʻchirishdan oldin, barcha narsa oʻz joyida va xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilish uchun xonani tezda koʻzdan kechiring.

Bolani yotish joyida soʻrgʻichsiz boʻlishga oʻrgating.

Bolani shishadagi sut bilan koʻrpada yotishga oʻrgatmang, chunki bu tishlarda kovak (kariyes) paydo boʻlishiga va uyqu bilan bogʻliq muammolarga olib kelishi mumkin. Farzandingiz sutini yotishdan kamida 30 daqiqa oldin ichib tugatgani maʼqul.

Uxlash uchun yotganda, agar bola sizni chaqirsa va oʻrnidan tursa, nima qilish kerak?

Unga xayrli tun tilaganingizdan keyin farzandingiz sizni chaqirishi yoki karavotchasida turib va hatto undan tushib olishi mumkin.

Ushbu maslahatlarga amal qilib koʻring:

  • Yotishdan oldin shovqinli oʻyinlarni oʻynatmang. Bu bolangizning tinchlanishini qiyinlashtirishi mumkin.
  • Televizor, kompyuter va planshetlarni yotishdan bir soat oldin oʻchiring va uxlashidan oldin bolangiz bilan qoʻrqinchli yoki hayajonli multfilm, film koʻrsatuvlarni koʻrmang.
  • Bolaning dam olishiga yordam beradigan, doimiy, tinchlantiruvchi uyqu tartibini oʻrnating.
  • Farzandingizning yotoqxonasidan chiqishdan oldin, bolangizning hamma narsasi borligini tekshirib koʻring. Unga yotish joyida tinch yotishi kerakligini eslatib qoʻying.

Kichkintoyingiz yotoqxonasi aka-uka yoki opa-singillari bilan birga boʻlsa, u tinchlanguncha va uxlab qolguncha, boshqa farzandingizning uyquga yotish vaqtini yarim soatga kechiktirishingiz kerak boʻladi. Agar qatʼiyatli va izchil boʻlsangiz, chaqalogʻingiz tun uxlash uchun ekanini tushunadi.

Farzandingiz sizni chaqirganda, unga haqiqatda ham biror narsa kerakmi, tekshiring. Bolangiz axlat qilgan boʻlsa, tagligini almashtirish vaqtida chiroqni yoqmang va qattiq gapirmang. U karavoti ostidagi maxluqdan qoʻrqsa, haqiqatda ham xonada maxluq yoʻqligini tezda tekshiring (chiroq oʻchirilgan holda) va bolangizga xonada maxluq yoʻq ekanini tasdiqlang. Agar bola qorongʻilikdan qoʻrqsa, tungi chiroqchani yoqib qoʻyish yordam beradi.

Aksariyat bolalarning tinchlanishi va uxlashga yotishi qiyin boʻladi. Ammo autistik buzilishi (bu umumiy rivojlanishning buzilishi boʻlib, unda odatda oʻzaro ijtimoiy reaksiya va muloqot yoʻqolishi kuzatiladi) boʻlgan bolalarda uxlash va uxlab qolish kabi muammolar ogʻirroq boʻlishi mumkin va bu jiddiy muammo. Har kuni bir xil tartibga rioya qilsangiz, autistik buzilish bilan kasallangan bolalardagi uyqu muammolarini nazorat qilishingiz va yengishingiz mumkin.

Tungi qoʻrquvlar

Tungi qoʻrquvlar bu – bolangiz chuqur uxlab yotganida toʻsatdan kuchli qoʻzgʻalishidir. Boladagi tungi qoʻrquvlar sizni qoʻrqitib yuborishi mumkin, lekin bolangiz ularni ertalab eslay olmaydi.

Uyquning kamligi baʼzi bolalarda tungi qoʻrquvni keltirib chiqarishi mumkin. Agar farzandingiz yetarlicha uxlamayotgani haqida oʻylayotgan boʻlsangiz, bunday holatda har kungi uyquga tayyorgarlik tartibi yordam berishi mumkin.

Odatda tungi qoʻrquv 10–15 daqiqada oʻtib ketadi, lekin bundan ham uzoq davom etishi mumkin.

Bola qachon katta karavotda uxlashni boshlaydi?

Koʻpchilik bolalar taxminan 2–3,5 yoshdan odatdagi karavotda uxlashni boshlaydilar. Lekin ehtiyot boʻling, baʼzi kichkina bolalar katta karavotdan tushib qochib ketishga harakat qilishlari mumkin.

Farzandingiz karavotidan oʻzi tushishni boshlagan boʻlsa yoki tunda tuvakka oʻtirishi kerak boʻlsa yoki sizga yangi tugʻilgan chaqaloq uchun karavotcha kerak boʻlsa, bolangizni katta karavotga uxlashi uchun yotqizsangiz boʻladi.

Tishlarni gʻijirlatish

Koʻp bolalar muayyan bosqichda tishlarini gʻijirlatishadi. Odatda bolalar oʻzlarining tish gʻijirlatishidan uygʻonmaydilar, lekin xonadagi boshqalar uygʻonib ketishlari mumkin!

Uyqu muammolari: qayerdan yordam olish mumkin?

Bolalarda uyqu dorilaridan foydalanmaslik kerak, bunday qiyinchiliklarni bartaraf etishning boshqa yaxshi usullari bor.

Farzandingizdagi uyqu muammolarini malakali mutaxassis yordamida hal qilsangiz toʻgʻriroq boʻladi.

Siz yolgʻiz emassiz, bolalardagi uyqu muammolari ota-onalar tomonidan mutaxassislarga murojaat qilishning eng koʻp uchraydigan sabablaridan biridir.