Bolalar uyqusini yaxshilash: 10 ta maslahat
Bolalar uchun yaxshi uyqu
Yaxshi tungi uyqu bu – bolaning uxlab qolishi va tunda uygʻonmasdan uxlashi. Koʻp bolalar uyquga toʻysalar, ertalab oʻzlari uygʻonadilar.
Uxlab qolish
Koʻp bolalar uxlash uchun yotqizilgandan keyin 20 daqiqa davomida uxlab qoladilar. Uxlashga qancha vaqt ketishi bolaning uyquchanligi, shuningdek, uning kun tartibi va uyquga tayyor ekaniga bogʻliq boʻlishi mumkin. Baʼzi uyquga tayyorgarlik usullari bolangizning uxlashidan oldin tinchlanishiga yordam beradi, bu oson uxlab qolishi uchun zarur holat.
Bolalar uyqusini yaxshilash uchun nima qilish mumkin: maslahatlar
1. Uxlash vaqti tartibini belgilang
Doimiy yotish vaqti taxminan bir vaqtning oʻzida boshlanadi. Choʻmilish, ertak aytib berish va uxlash uchun yotqizish muolajalari kichkintoylarga uxlash uchun tayyor ekanliklarini his qilishda yordam beradi. Katta yoshdagi bolalarda uxlashga tayyorgarlik tartibi siz bilan oʻtgan kun haqidagi sokin suhbatni, keyin esa chiroqni oʻchirishingizdan oldin mustaqil dam olishni oʻz ichiga olishi mumkin.
2. Yotishdan oldin dam olish
Bola uxlashdan oldin dam olishi kerak. Kattaroq yoshdagi bolalar kitob oʻqiganlarida, tinch musiqa tinglaganlarida yoki boʻshashish uchun nafas mashqlarini bajarganlarida dam olishlari mumkin. Bolangizni uxlashi uchun yotqizganingizdan keyin uxlab qolishi uchun 30 daqiqadan koʻproq vaqt ketsa, demak chiroqni oʻchirishdan oldin tinchlanishi va u uyquga ketishi uchun unga uzoqroq vaqt kerak boʻladi.
3. Uxlash va uygʻonishning bir xil jadvaliga rioya qiling
Farzandingizning uyquga ketishi va uygʻonishi har kuni 1–2 soatdan koʻp boʻlmagan farq bilan taxminan bir vaqtning oʻzida boʻlishini kuzating. Bu bolangizda “biologik soat”ning chalkashib ketmasligiga yordam beradi. Ushbu maslahatga dam olish kunlarida ham, bayramlarda ham, bola maktabga boradigan kunlarda ham rioya qilish tavsiya etiladi.
4. Kattaroq yoshdagi bolalarning kunduzgi uyqusi erta va qisqa boʻlishi kerak
Koʻpchilik bolalar 3–5 yoshga toʻlganlarida kunduzi uxlamay qoʻyadilar. Besh yoshdan oshgan bolangiz hali ham kunduzi uxlasa, shunday qilingki, u tushdan keyin 20 daqiqadan koʻp uxlamasin. Bola kunduzi kech va uzoq uxlasa, unga kechasi uxlash qiyin boʻladi.
5. Farzandingiz kechasi oʻzini xavfsiz his qilishiga ishonch hosil qiling
Agar bolangiz qorongʻida qolishdan yoki uxlashdan qoʻrqsa, har safar qoʻrqmayotganini namoyish etganda uni maqtashingiz va ragʻbatlantirishingiz mumkin. Qoʻrqinchli teledasturlar, filmlar, multfilmlarni koʻrish va kompyuterda oʻyinlarni oʻynashni rad etish foydali boʻlishi mumkin. Qorongʻida qolishdan qoʻrqadigan baʼzi bolalarda tungi chiroq boʻlsa, oʻzlarini tinch his qiladilar.
6. Bolaning yotoqxonasi ortiqcha shovqin va yorugʻ emasligiga ishonch hosil qiling
Farzandingizning yotoqxonasi uxlash uchun juda yorugʻ yoki shovqin boʻlmasligini kuzating. Televizorlar, kompyuter ekranlari, telefonlar va planshetlarning koʻk nuri melatonin miqdori pasayishiga olib keladi, shu sababli bola uxlashni xohlamay qolishi mumkin. Ularni yotishdan kamida bir soat oldin oʻchiring.
7. Soatdan foydalanmang
Farzandingiz vaqtni tez-tez tekshirib tursa, undan soatni oʻzi koʻra olmaydigan joyga olib qoʻyishini iltimos qiling.
8. Kerakli vaqtda yetarli miqdorda ovqat isteʼmol qiling
Yotishdan oldin ochlik yoki toʻqlik hissi bolangizni bezovta qilishi yoki u noqulaylikni sezishi mumkin.
9. Kun davomida koʻp miqdorda tabiiy yorugʻlik oling
Farzandingiz kun boʻyi, ayniqsa, ertalab iloji boricha koʻproq tabiiy yorugʻlik olishi muhim. Yorugʻlik melatonin ishlab chiqarishni soʻndiradi. Bu bolangiz kun davomida oʻzini tetik his qilishi va uxlashga yaqin vaqtda uyquchan boʻlishiga yordam beradi.
10. Kofeindan voz keching
Kofein qahva, choy, shokoladda boʻladi. Kunning ikkinchi yarmida va kechqurun ularni ichishdan saqlaning.
Farzandingiz uyqu tartibini oʻzgartirishga harakat qilayotganini yoki uxlashga yangicha yondashayotganini kuzatganingizda bolangizni doimo maqtang.
Tashvish, xavotir bolangizning uyqusiga taʼsir qiladi
Bolangizda yotishdan oldin dam olishga toʻsqinlik qiladigan tashvish va xavotirlar boʻlsa, nimadandir qoʻrqsa, oʻylab koʻring, bu xavotirlarni darhol bartaraf eta olasizmi, agar yoʻq boʻlsa, bolangizni tinchlantiring va ertalab hammasi yaxshi boʻlishi haqida gaplashib oling. Uyqu bilan bogʻliq muammolar bolaning kayfiyati, maktabdagi oʻqishi yoki munosabatlariga taʼsir qilishi mumkin. Uyqu muammolari 2–4 haftadan ortiq davom etsa, shifokorga yordam olish uchun murojaat qilishingiz kerak.