Uch yoshga toʻlgan va undan katta yoshdagi bola uchun ekran vaqti, uxlashi va jismoniy faoliyatiga oid koʻrsatmalar
Bola uchun rejalashtirilgan kundalik tadbirlar uning yoshiga va individual ehtiyojlariga moslashtirilishi kerak. Ovqatlanishdan tashqari oʻyin va jismoniy faollik, uxlash uchun, shuningdek, bola shunchaki oʻtirishi yoki oʻtirgan holatda oila aʼzolari bilan suhbatlashishi, hikoyalarni tinglashi, ekranga qarashi, mashinada yurishi, ovqatlanishi uchun ham vaqt ajratish haqida oʻylashimiz kerak.
Uch yoshga toʻlgan va undan katta yoshdagi bolalar
- Bu yoshdagi bola kun davomida kamida 180 minut jismoniy faollikning turli koʻrinishlarida band boʻlishi, shundan kamida 60 minuti oʻrtacha va yuqori intensivlikdagi jismoniy faollik boʻlishi kerak;
- Nisbatan sokin, osoyishta dam olish holati 1 soatdan oshmasligi kerak. Bu vaqtdan suhbat, diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish, oʻqish, hikoya aytish uchun foydalaning. Ekran oldida oʻtkaziladigan vaqtning davomiyligi (televizor ekranlari va boshqa qurilmalar / gadjetlar oldida oʻtkazilgan vaqt) koʻrilayotgan dastur mazmunining ota-ona tomonidan muntazam kuzatuvi ostida kuniga 1 soatdan oshmasligi kerak;
- Talab etiladigan uyqu vaqti kunduzgi va tungi uyqu hamda tungi uygʻonish vaqtini oʻz ichiga olgan holda 10–13 soatni tashkil etadi. Bolaning uxlash vaqtini qisqartirmasligingiz kerak, chunki bu turli buzilishlarga olib kelishi mumkin: oʻsishning buzilishi, semirish, emotsional tuygʻularini tartibga solishning buzilishi va boshqalar.
Yengil intensiv jismoniy faollikda bola sokin, osoyishta holatidagiga nisbatan 1,5 dan 4,0 baravargacha koʻproq energiya sarflaydi. Masalan, choʻmilish, sekin yurish yoki boshqa mayda harakatlar. Bunday mashqlar bola tanasining qizib ketishiga olib kelmaydi.
Oʻrtacha va yuqori intensiv jismoniy faollikda bola sokin holatdagiga nisbatan 4–7 baravargacha koʻproq energiya sarflaydi. Bular: tez yurish, velosipedda uchish, yugurish va toʻp oʻyinlari, sakrash, suzish, raqs va boshqalar. Bunday mashqlar davomida bola tanasi qizib ketadi va hansiraydi.