Kichkintoylar va bolalar uchun jismoniy faollik: bu nega zarur va unga qancha vaqt sarflash kerak?
Jismoniy faollik: nega u bolalar uchun foydali?
Jismoniy faollik bolalar salomatligi, ruhiy holati va rivojlanishi uchun hozir va kelajakda muhim ahamiyatga ega.
Jismoniy faollikning bolalar sogʻligi uchun foydali jihatlari koʻp:
- suyaklar, mushaklar, yurak va oʻpkalarni mustahkamlaydi;
- bolalarning koordinatsiyasi, muvozanati, qomati va egiluvchanligini yaxshilaydi;
- meʼyordagi vaznni saqlab qolishga yordam beradi;
- yurak kasalliklari, saraton va 2-toifali diabet bilan kasallanish xavfini kamaytiradi.
Jismoniy faollik, shuningdek, bolalarning ruhiy holatini ham yaxshilaydi. Masalan, faol bolalar koʻproq:
- oʻzlariga ishonadi va kerakli ekanliklarini his qiladi;
- xotirjamroq va yaxshi uxlashadi;
- maktabda diqqatini jamlashi osonroq boʻladi;
- boshqalar bilan muloqotda va doʻstlashishda qiynalmaydi;
- ochiqqoʻl boʻladi, navbatga rioya qiladi va boshqalar bilan hamkorlik qila oladi.
Jismoniy faollik – oʻyin va taʼlimning muhim qismidir. Bolalar siz yoki boshqa odamlar bilan jismoniy mashqlar bajarsa, bu ular uchun oilangizda va jamiyatda oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoyishning ajoyib usuli boʻlishi mumkin.
Shuningdek, jismoniy faollik bolalar uchun shunchaki vaqtini chogʻ oʻtkazish hamdir.
Jismoniy faollik nima?
Jismoniy faollik bu – tanangiz harakati bilan bogʻliq har qanday faoliyat. U kundalik mashgʻulotlar, jismoniy faol oʻyinlar, uyushgan sport mashgʻulotlari va mashqlarni oʻz ichiga oladi.
Yengil jismoniy faollikka piyoda sayr qilish, musiqa asbobini chalish yoki molbert yonida rasm chizish uchun uzoqroq tik turishni misol keltirish mumkin.
Oʻrtacha jismoniy faollikda bolalar yengil pishillab, hansirashadi. Bu:
- tez yurish;
- bolalar bogʻchasiga, maktabga yoki doʻstingizning uyiga biror ulovda borish;
- raqsga tushish, sakrash, koʻlmaklardan hatlab oʻtish yoki varrak uchirish;
- suzish kabilar boʻlishi mumkin.
Kuchli jismoniy yuklamada bolalar qattiq hansirab, pishillashadi va terlashadi. Bunday yuklama:
- “Oq terakmi, koʻk terak?” yoki “Oʻrtaga tush” kabi yugurish bilan bogʻliq oʻyinlarni oʻynaganda;
- velosipedni tez haydaganda;
- futbol, basketbol kabi uyushgan sport turlari bilan shugʻullanganda vujudga keladi.
Mushaklarni koʻproq ishlashga majbur qiladigan mashqlar ularni mustahkamlaydi va suyaklarga qoʻshimcha yuklama beradi – masalan, sakrash, yugurish, biror joyga tirmashib chiqish va ogʻirroq narsalarni koʻtarish. Oʻrtacha va kuchli jismoniy mashqlar koʻpincha mushaklar va suyaklarni kattalashtirishga yordam beradi.
Faol oʻyin bu – bolalarning harakatlanishi va faol boʻlishining tabiiy usuli. Masalan, chaqaloqlar oyoqlarini silkitib, tepishadi. Kattaroq bolalar esa yuguradi, sakraydi, aylanadi, biror narsani irgʻitadi, musiqaga raqs tushadi, maydonchalarda oʻynaydi, tartibsiz oʻyinlar va boshqa koʻpgina narsalardan zavqlanadi.
Bolalarga har kuni qancha jismoniy faollik talab qilinadi?
Avstraliya qoidalariga koʻra, 1 yoshgacha boʻlgan bolalar koʻproq polda oʻynashlari kerak. Hali yurishni bilmaydigan bolajonlar kunda 30 minut qornini pastga qilib yotishi maqsadga muvofiq.
1 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar har kuni kamida 3 soat jismoniy faol boʻlishlari kerak. Bu faol oʻyinlarni oʻz ichiga oladi.
3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar har kuni kamida 3 soat jismoniy faol boʻlishlari kerak. Bunga bir soatlik faol oʻyin kiradi.
5 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar har kuni kamida bir soat oʻrta va kuchli jismoniy faollik, shuningdek, bir necha soat yengil jismoniy faollik bilan shugʻullanishlari lozim. Haftasiga kamida uch kun mushaklar va suyaklarni mustahkamlovchi mashgʻulotlar bajarilishi talab etiladi.
18 yoshdan kattalar haftasiga 2,5–5 soat oʻrtacha jismoniy faollik yoki 1–2,5 soat kuchli jismoniy faollik bilan shugʻullanishi yoki jamlanmasi yetarlicha yuklama beradigan oʻrtacha va kuchli jismoniy mashqlarni bajarishi zarur. Shuningdek, ular haftasiga kamida ikki kun mushaklarni mustahkamlovchi mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi kerak.
Farzandingiz jismoniy mashqlarni kun davomida har xil vaqtda amalga oshirishi mumkin. Asosiysi, uning yetarlicha jismoniy faol boʻlishi. Bolangiz qanchalik harakatchan boʻlsa va kam oʻtirsa, bu unga shuncha koʻp foyda keltiradi.
Jismoniy faollik va alohida ehtiyojli bolalar
Jismoniy faollik barcha bolalar uchun muhimdir.
Agar farzandingizning nogironlik, kasallik kabi alohida ehtiyojlari boʻlsa yoki uning jismoniy faollik miqdori va turi haqida xavotirlansangiz, shifokoringiz yoki boshqa mutaxassisga murojaat qiling.