Mindi-mindi. 1–6 yoshli bolalar uchun harakatli oʻyinlar
Mindi-mindi: nima sababdan harakatli oʻyinlar bolalar uchun foydali?
Harakatli oʻyinlar bu – bolalar bir-birining ustidan oshib oʻtishlari, kurashishlari, dumalashlari va olishayotgandek harakat qilishlaridir.
Aksariyat bolalarga bunday oʻyinlar yoqadi. Bu ularga:
- jismoniy va ijtimoiy koʻnikmalarni amaliyotda sinab koʻrishga;
- muvozanat saqlashni mashq qilishga;
- xavf-xatarni his qilishga;
- oʻz tanalarini sinab, qanchalar kuchli ekanini bilib olishga imkon beradi.
Harakatli oʻyinlar nafaqat vaqtichogʻlik, balki yaxshi mashgʻulot hamdir!
Harakatli oʻyinlar uchun nimalar kerak?
Farzandingiz oʻyindan bahramand boʻlishi uchun yetarli joy boʻlsa bas.
Bu oʻyinlar odatda juda faol tarzda oʻynaladi, shuning uchun hech narsa buzib yoki sindirib qoʻyilmaydigan joyda oʻynalgani maʼqul.
Harakatli oʻyinlarni tashqarida, bogʻda yoki oʻyin maydonchasida, plyajda yoki katta batutda oʻynash qiziqarli boʻladi.
Farzandingiz ichkarida, masalan, divan yoki gilamda oʻynashi mumkin. Faqat ichkarida biroz ehtiyotkor boʻlishingiz va oʻyin nazoratdan chiqishiga yoʻl qoʻymasligingiz kerak.
Qanday qilib harakatli oʻyinlardan zavq olish mumkin?
Siz va farzandingiz harakatli oʻyinlardan zavq olishingiz uchun turli usullar mavjud. Mana ulardan ayrimlari:
- Quvlashmachoq oʻyini. Bu olti yoshli farzandingiz bilan ochiq havoda oʻynaladigan qiziqarli, yuqori tezlikdagi oʻyindir. Yoki dahlizda emaklab yurgan kichkintoyingizni tutib olib, quchoqlash uchun uni quvlashingiz mumkin.
- Kurash. Yerga, yoki polga yotib, farzandingiz sizni agʻnata oladimi yoki turishingizga toʻsqinlik qila oladimi, yoʻqmi – koʻring. Bolalar koʻpincha oʻz kuchlarini shu tarzda sinab koʻrishdan zavqlanishadi. Siz unga biroz yordamlashib, goʻyo u sizdan kuchliroq boʻlib koʻrinishi uchun mos tarzda harakat qiling.
- Qitiqlash oʻyini. Divanda oʻtirib qitiqlash oʻyini oʻynashingiz mumkin. Faqat boshqa mebellarga urilib ketmaslik uchun ehtiyot boʻling.
- Yirtqich hayvon yoki maxluq kabi irillang, oʻzingizni goʻyo farzandingizni yeb qoʻymoqchidek koʻrsating. Farzandingizni qoʻrqitib yubormang, u oʻzini xavfsiz his qilsagina oʻyin qiziqarli boʻladi.
- Tashqariga chiqib, farzandingizni orqangizda uchiring yoki qoʻllaridan ushlab aylaning, raqs tushing. Yumshoq oʻt ustida boʻlsangiz, yiqilsangiz ham, qattiq tushmaysiz.
Baʼzan bolalar harakatli oʻyinlar oʻynayotganda, ayniqsa, bir-birlari bilan kurashayotganda, yoki “jang” qilayotganda jarohat olishlari mumkin. Bunday holat yuzaga kelmasligi uchun maxsus qoidalar oʻrnatish zarur, masalan: “Tishlash, tirnash va sochdan tortish mumkin emas. Kimdir “Toʻxta!” desa, toʻxtash zarur”.
Farzandingizning hissiyotlariga moslashishingiz juda muhim. Farzandingiz harakatli oʻyinlarga juda berilib ketgan boʻlsa, buning aslo qoʻrqinchli joyi yoʻq, avvalo u oʻzini xavfsizlikda his qilishi kerak. Asosiysi – oʻyindan hamma zavq olishi.
Oʻyinlarni bolaning yoshiga qarab moslashtirish
Siz oʻyinni oʻz sharoitingiz va farzandingizning yoshiga qarab moslashtira olasiz.
Masalan, kichik yoshdagi farzandingiz bilan oʻta ehtiyotkor boʻling. Kichkintoyingizni shunchaki tizzangizga qoʻyib chayqatishingiz yoki ehtiyotkorlik bilan koʻtarib, havoda samolyot kabi harakatlantirishingiz yetarlidir.
Kattaroq yoshdagi farzandingiz doʻstlari bilan ancha faolroq oʻynaydi va baʼzan oʻyin hamma uchun qiziqarli boʻlmay qolsa, uni toʻxtatish uchun eslatish kerak boʻladi.