Qoʻlbola oʻyinchoqlar va qoʻl mehnatidan foydalaniladigan mashgʻulotlar

Bolalarga oʻqish va rivojlanishi uchun maxsus yoki qimmat oʻyinchoqlar shart emas. Ozgina tasavvurni ishga solish orqali uyingizdagi oddiy narsalarni qoʻlbola oʻyinchoqlarga aylantirishingiz va bolalar uchun bepul mashgʻulotlarni oʻylab topishingiz mumkin.
Body

Qoʻlbola oʻyinchoqlar va qoʻl mehnatidan foydalaniladigan mashgʻulotlarning foydalari

Uy sharoitida oʻtkaziladigan oʻyinlar va bepul mashgʻulotlar – bolalarga vaqtini chogʻ oʻtkazishga, bilim olishi va oʻsishiga yordam beradi. Ular hech qanday pul talab qilmaydi va haqiqatan ham bolangizning ijodkorligini oshirishi mumkin. Ayniqsa, pandemiya tufayli uyda qolishingiz kerak boʻlsa yoki daromadingiz kutilmaganda kamayib ketgan boʻlsa-da, siz hali ham bolalar uchun ajoyib mashgʻulotlarni topishingiz mumkin.

Yoshi ulgʻaygan sari bolalar uchun gʻoyalar ishlab chiqish osonlashadi. Siz va farzandingiz birgalikda oʻylab topishingiz mumkin boʻlgan oʻyinchoqlar va oʻyinlar juda koʻp.

Shuningdek, uyda mavjud boʻlgan narsalarni butunlay boshqacha tarzda oʻynash uchun bolangizga berishingiz mumkin, yosh bolalar odatda idishlarning qopqogʻini ochib-yopishni yoqtiradi, kattaroq bolalar esa koʻpincha eski oshxona sochiqlari bilan oʻyinlar oʻynashni yaxshi koʻradi. Farzandingizga bergan narsalaringiz sinmaydigan yoki ogʻizga solmaslik uchun ancha katta boʻlishi va xavfsizligiga ishonch hosil qiling.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlar bilan oʻyin oʻynash

Siz yangi tugʻilgan chaqaloqqa eng yoqadigan “oʻyinchoq”siz. Sizning teginishingiz, ovozingiz, chaqaloqni qoʻllaringizda tebratishingiz yoki unga diqqat bilan qarashingiz – bular yangi tugʻilgan chaqaloqni xursand qilish uchun yetarlidir.

Shuningdek, yangi tugʻilgan chaqaloq yaxshi ob-havo sharoitida tashqarida boʻlishni, shamolni his qilishni, qushlarning tovushlarini eshitishni va ochiq havoda yangi hidlardan bahramand boʻlishni yoqtiradi.

Bolangizni tinchlantirish uchun sokin musiqa qoʻyishingiz yoki choʻmiltirish paytida sokinlik va iliq suvni taʼminlash orqali tinchlantiruvchi muhit yaratishingiz, choʻmilishdan soʻng bolani mayin uqalashingiz mumkin.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlar musiqaga javob qaytaradi, lekin ular sizning ovozingizdan koʻproq zavqlanadi. Kichkintoyingizni qoʻlingizga oling, qoʻshiq ayting, gapiring va koʻzlariga boqing. Bu tadbirlar uning koʻnglini koʻtaradi, shuningdek, atrofidagilarni oʻrganishga va tanishga yordam beradi.

Hamma chaqaloqlar oʻziga xos va baʼzi chaqaloqlar yangi his-tuygʻulardan zavq olish uchun boshqalardan koʻra koʻproq vaqt talab qiladi, shuning uchun chaqalogʻingizning qanday javob berishini kuzatib boring, nimadan zavqlanishini va nimaga qiziqishini aniqlang. Farzandingiz qachon oʻynashni xohlashini yoki charchaganini va dam olishni istashini oʻzi koʻrsatib beradi.

Kichkintoylar bilan oʻyin oʻynash

Kichkintoyingiz koʻproq harakatlanishni boshlagandan soʻng, faolroq oʻyinni yoqtirishi mumkin – ayniqsa siz bilan.

Kichkintoyingiz yangi harakat koʻnikmalarni kashf qilish uchun ustingizda emaklashni yoki narsalarni ushlashni va silkitishni yaxshi koʻradi. Barcha yosh bolalarga sokin oʻyin uchun vaqt kerak, shu sababli kichkintoyingiz biroz dam olishi kerakligini koʻrsatuvchi belgilarga eʼtibor bering.

Kichkintoylar bilan oʻynash uchun baʼzi takliflar:

  • Har kuni yakkama-yakka oʻynashga vaqt ajrating, masalan, chaqalogʻingiz bilan gaplashishingiz yoki oyoq barmoqlarini sanashingiz mumkin. Siz buni taglikni almashtirish kabi odatiy mashgʻulotlarning bir qismiga aylantira olasiz.
  • Farzandingizning qorniga lablaringizni bosib, havoni puflang va oyoq barmoqlarini ozgina qitiqlang.
  • Shiqildoq oʻyinchoqlar yasang. Boʻshatilgan, yuvilgan va quritilgan sharbat yoki sut idishni guruch, makaron, noʻxat, quritilgan dukkaklilar yoki eski tugmalar bilan toʻldiring (tiqilib qolish xavfining oldini olish uchun qopqoq mahkam yopilganiga ishonch hosil qiling).
  • Qoʻshiq va bolalarbop sheʼrlar ayting. Kichkintoylar takrorlanadigan harakatlarni juda yaxshi koʻradi – qarsak chaling, barmoqlaringizni silkiting, kaftlaringizni musht qilib siqing.
  • Farzandingizga har kuni kitob oʻqib bering – masalan, yotishdan oldin. Mahalliy kutubxonangiz – kitoblarni tekin olish uchun ajoyib joy, agar kutubxona boʻlmasa, bolaligingiz yoki urf-odatlaringiz haqida hikoyalar toʻqing.
  • Toʻntarilgan qutilar, tuvaklar yoki togʻorachalar yordamida “baraban” yasang. Bolaga barabanni urish uchun yogʻoch qoshiq bering.

Kattaroq bolalar bilan oʻyin oʻynash

Kattaroq yoshdagi bolalar kichik olimlarga oʻxshaydi. Ularning oʻyini koʻpincha tajriba oʻtkazish, kuzatish, sinash, gʻoyalarni sinab koʻrish va narsa-buyumlarning qanday ishlashini aniqlashdan iborat.

Katta yoshli bolalar bilan uyda oʻynash uchun baʼzi takliflar:

  • Kichkintoyingizga kir iladigan qisqich va ular uchun idish bering. Farzandingiz qisqichlarni qayta-qayta idishga solish va undan chiqarib olishdan zavqlanadi.
  • Kartondan kichikroq konvertlarni kesib oling va ularni bezang. Eski muzqaymoq idishi yoki karton qutining old qismini kesib, “pochta qutisi” yasashingiz mumkin.
  • Tuzli xamir tayyorlang va uni barmoqlari bilan qorish uchun kichkintoyingizga bering. Birgalikda u xohlagan narsalarni – minoralar, pishiriqlar, sharlar yasashingiz mumkin.
  • Almashtirish yoki oʻynash uchun eski kiyimlarni qutiga soling.
  • Ochiq havodagi boʻsh joylarda oʻynang.

Kichkintoylarda ijodkorlik va badiiy isteʼdodni ochib berish haqidagi maqolamizda qoʻlbola oʻyinchoqlar va qoʻl mehnati materiallaridan foydalanish toʻgʻrisida koʻproq ijodiy gʻoyalarni topishingiz mumkin.

Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan oʻyin oʻynash

Kichkintoylar bilan oʻynash uchun bildirilgan koʻplab takliflar maktabgacha yoshdagi farzandingizga ham mos keladi, shuningdek, quyidagi oʻyin gʻoyalarini ham sinab koʻring. Ular qiziqarli va bolangizda mayda va yirik motorikani rivojlantirishga yordam beradi:

  • Farzandingizga ilon yoki kapalak qurti yasab berish uchun uzun paypoqlarni qogʻoz yoki mato parchalari bilan toʻldiring.
  • Eski paypoqlardan qoʻlbola qoʻgʻirchoq yasang. Koʻz, burun va soch uchun tugmachalardan yoki boshqa materiallardan foydalaning.
  • Bolani yasantirish uchun qutini toza va eski kiyimlar bilan toʻldiring. Muzqaymoq chelakchasidan alomat shlyapa yasang. Yoki uni folga bilan oʻrasangiz, bolangiz kosmonavtga aylanadi. Farzandingiz choy ziyofatida eng zamonaviy mehmonga aylanishi uchun siz har qanday materialni, sunʼiy gullarni yoki popuklarni uning kiyimiga yopishtirishingiz mumkin.
  • Gazetani buklab, uchburchak qaroqchi qalpogʻini yoki fokuschi shlyapasini yasang. Farzandingiz eski jurnallardagi rangli rasmlarni kesib, ularga yopishtirib qoʻysin. Farzandingizning tasavvuriga koʻra eski karton qutilarni oʻyinchoqlarga aylantirsin – mashina, kichkina uy, doʻkon peshtaxtasi yoki oshxona plitasi.
  • Iloji boʻlsa, yaqin atrofdagi istirohat bogʻiga yoki doʻstingizning uyiga tashrif buyuring yoki oʻz bogʻingizda sayr qiling. Bularning barchasi bolangiz uchun sarguzasht va zavq manbaidir.
  • Qogʻozlardan oddiy kitob yarating. Farzandingizga hikoya oʻylab topishga, sahifalarni bezatishga va qahramonlarni oʻzi chizishiga yoki eski jurnallardan kesib olib, kitobga yopishtirishiga imkon bering.

Maktabgacha yoshdagi bolalarning ijodiy va badiiy rivojlanishini ragʻbatlantirish haqidagi maqolamiz bilan tanishing. Uyda yangi oʻyinchoqlar yasash uchun kundalik narsalardan foydalanish boʻyicha koʻplab gʻoyalar mavjud.

Oʻyin maktabgacha yoshdagi bolalarga taʼlim-tarbiya berishning asosiy usuli hisoblanadi, kichkintoylar va kattaroq yoshdagi bolalar uchun esa oʻrganish vositasidir.

Lekin oʻyin qiziqarli boʻlishi va bolani butunlay oʻziga jalb qilishi kerak. Bolaga oʻyinni oʻzi boshqarishiga imkon bering, bu unga zerikmaslikka yordam beradi. Chaqaloq charchaganda oʻyinni toʻxtatish zarur. Maktabgacha yoshdagi bolalarga esa xohlagan oʻyinini oʻynashga ruxsat berishingiz mumkin.