Bolalar uchun oʻyinchoqlar tanlash

Shunchalar ko'p o'yinchoqlar mavjudki, farzandingizning xohish va ehtiyojlarini qondirish - reklama va tengdoshlarning ta'siri sabab oson bo’lmaydi. Ammo bolalar uchun eng yaxshi o'yinchoqlar eng qimmat yoki eng murakkab emas - ular bolangizning tasavvur va tafakkurini kuchaytiradigan o'yinchoqlardir.
Body

Bolalar uchun eng yaxshi oʻyinchoqlar

Oʻyinchoqlar farzandingizning rivojlanishini ragʻbatlantiruvchi ajoyib usul boʻla oladi. Ammo farzandingiz siz oʻylagandek koʻp oʻyinchoqlarga muhtoj emas.

Bolalar uchun eng yaxshi oʻyinchoqlar bu “ochiq oʻyinchoqlarʼʼ, yaʼni farzandingiz turli usullarda foydalanishi mumkin boʻlgan oʻyinchoqlar.

Ular farzandingizni tasavvur, ijodkorlik qobiliyati va muammolarni hal qilish koʻnikmalaridan foydalanishga undaydi. Bundan tashqari, eng yaxshi oʻyinchoqlar – erkak va ayol teng huquqliligini taʼminlashga, ijtimoiy-fikrlash va ijodiy koʻnikmalarni keng doirada rivojlantirishga turtki beradigan oʻyinchoqlardir.

Ochiq oʻyinchoqlarga quyidagilar kiradi: 

  • kubiklar – bugun farzandingiz ularni minora qurishda ishlatsa, ertaga qulogʻiga tutib, goʻyo telefonda gaplashayotgandek harakat qilishi mumkin; 
  • koptoklar – ular irgʻitish, dumalatish, ushlash va uloqtirish uchun juda mos keladi; 
  • karton qutilar – farzandingiz ularni doʻkon peshtaxtalari, pechlar, mashinalar, qayiqlar, qoʻgʻirchoq uylari va boshqalar kabi tasavvur qilishi mumkin; 
  • rolli oʻyinlar – farzandingizga turli xil kiyimlar yoki mato parchalarini berishingiz va bola ular yordamida istagan qahramoniga aylanishi mumkin;
  • ijodkorlik uchun vositalar – rangli qogʻoz, plastilin yoki kley, rangli boʻrlar va markerlar farzandingizning tasavvurini rivojlantirishga yordam beradi.

Oʻyinchoqlarni doim sotib olish shart emas. Oshxona anjomlari, plastik idishlar, kiyim uchun savatlar va koʻrpachalar kabi kundalik uy-roʻzgʻor buyumlaridan “ochiq oʻyinchoqlar” sifatida foydalanish mumkin. Asosiysi, farzandingiz oʻynaydigan uy-roʻzgʻor buyumlari xavfsizligiga eʼtibor qarating, shuning uchun kesuvchi oʻtkir buyumlar yoki uning tomogʻiga tiqilib qolishi mumkin boʻlgan mayda jismlarni uzoqroqda saqlang.

Bolalar uchun oʻyinchoqlar tanlash

Aksariyat oʻyinchoqlarning qadogʻida ular necha yoshdagi bolalarga tavsiya etilishi koʻrsatiladi. Bu foydali boʻlsa-da, shunchaki umumiy koʻrsatma sanaladi. Farzandingizga oʻyinchoq tanlashingizga bolaning qiziqishlari va rivojlanish darajasi yordam beradi.

Biroq yoshga oid maʼlumotlar xavfsizlik uchun muhim boʻlishi mumkin, masalan, oʻyinchoqlarda goʻdak yutib yuborishi mumkin boʻlgan kichik qismlar boʻlsa. Bunday holatlarda yosh boʻyicha tavsiyalarga rioya qilish zarur.

  • Chaqalogʻingiz uchun eng yaxshi “oʻyinchoq” bu – siz, tarbiyachisi yoki boshqa yaqin oila aʼzosi. Farzandingizga yuzingizni tomosha qilish, ovozingizni eshitish va shunchaki siz bilan birga boʻlish juda yoqadi. Hatto rangli osma oʻyinchoqni tomosha qilish yoki shiqildoqqa intilib, yetib olish kabi oʻyinlarni siz bilan birga oʻynash kichkintoyingizga yanada koʻproq zavq bagʻishlaydi.

Kichkintoylar qutilarni oʻynashni yaxshi koʻradi va ularga ichidagi sovgʻadan koʻra qutilarning oʻzi qiziqarli boʻladi. Ular uchun yana boshqa yaxshi oʻyinchoqlar – kubiklar (siz ularni boʻsh qutilardan ham yasashingiz mumkin) va almashtirish uchun kiyimlardir. Kichkintoylarga, shuningdek, silkitib yoki urib chalsa boʻladigan oddiy musiqiy asboblar, masalan, toʻntarib qoʻyilgan gultuvak va yogʻoch qoshiq kabilar juda yoqadi.

Kattaroq bolalar ham “yolgʻondakam” oʻyin oʻynashni yaxshi koʻradi. Oddiy kundalik buyumlar – sharf, choʻmich yoki shlyapa kabilar farzandingizga oʻyin uchun turli gʻoyalar beradi. Maktabgacha yoshdagi bolalarga odatda qurish-yasash yoqadi va ular turli konstruktorlarni yaxshi koʻradi, bu oʻrinda ham oʻz qoʻlingiz bilan yasagan oʻyinchoqlarni oʻynash mumkin. Farzandingiz boshqalar bilan oʻynashi mumkin boʻlgan boshqotirmali oʻyinlar ham yaxshi tanlov hisoblanadi.

Oʻyinchoqlar va sizning oilaviy qadriyatlaringiz

Farzandingiz uyda qanday oʻyinchoqlar oʻynashini aynan siz hal qilasiz.

Agar baʼzi oʻyinchoqlarga nisbatan qatʼiy qarashlaringiz va munosabatingiz boʻlsa, farzandingiz bilan bu haqda kelishib olganingiz maʼqul, ayniqsa, u oʻsib-ulgʻayayotgan paytda. Qaysi oʻyinchoqqa qanday munosabatda ekaningizni tushuntirib berishingiz mumkin. Masalan, “Qurol – juda qoʻrqinchli va xavfli. Ular odamlarni jarohatlaydi. Biz oilamizda oʻyinchoq qurollarni oʻynamaymiz”.

Agar siz boshqalar farzandingizga maʼlum bir oʻyinchoqlarni sovgʻa qilishini istamasangiz, ularga qisqa va muloyim tushuntirish berishingizning oʻzi kifoya. Umuman olganda, bu – sizning qaroringiz.