Kichkintoylar bilan oʻyinlar

Oʻyin kichkintoyingizning umumiy rivojlanishi, oʻrganishi va sogʻligini taʼminlash uchun muhimdir. Oʻyin haqida gap ketganda, farzandingizning qiziqishlarini inobatga oling. Eng muhimi – u bilan oʻzaro munosabat. Kichkintoylar bilan oʻynash uchun gʻoyalar: “ku-ku” oʻyini, shovqin solish yoki qoʻshiq va bolalar sheʼrlarini aytish, oʻqish va muloqot.
Body

Kichkintoylar bilan oʻyinlar: nima uchun bu muhim?

Oʻyinlar kichkintoyingizning umumiy rivojlanishi, taʼlim olishi va sogʻligi uchun muhimdir.

Oʻyin orqali kichkintoyingiz tadqiq qilish va hamma narsa qanday tuzilganini tushunish davomida atrof olamni oʻrganadi. Masalan, u shaqildoqni silkitganida, harakatlari natijasida nimadir sodir boʻlayotganini tushunadi.

Farzandingizni harakatlanishga undaydigan faol oʻyinlar uning mushaklarini mustahkamlaydi hamda yirik va mayda motorikasini rivojlantiradi. Bir-biriga qarash, gaplashish, qoʻshiq aytish va oʻqish asosida oʻynaladigan oʻyinlar esa farzandingizga hissiyot, nutq va muloqot nimaligini tushuntirish uchun ajoyib vositadir.

Kichkintoy bilan oʻynashdan maqsad ham oddiy – u siz uchun qanchalik muhimligini koʻrsatish. Oʻyin kichkintoyingiz bilan aloqangizni mustahkamlaydi. Mustahkam aloqalar esa bola rivojlanishida katta ahamiyatga ega, chunki ular farzandingizda yangi narsalar kashf etish va oʻrganishi uchun ishonch uygʻotadi.

Bolalar oʻyinlaridan nima kutish mumkin?

Bolalarga odamlar bilan oʻynash, ularning yuzlariga teginish va ovozlarini eshitish yoqadi.

Kichkintoylar qoʻl va oyoqalarini qimirlatishni yaxshi koʻradi va ular hamma narsaga – oʻyinchoqlar, uy hayvonlari va aka-opalariga intiladi! Kichkintoy ulgʻaygani sari oʻyinlar ham faollashib boradi. U tortmalarni ochishi, narsa-buyumlarni yerga otishi va uchragan tugmachalarni bosishni boshlashi mumkin.

Baʼzida bolangiz oʻyinda boshqaruvchi boʻlishni va uning harakatlarini qaytarishingizni xohlab qoladi. Keyingi safar esa nimanidir mustaqil ravishda bajarishni istashi mumkin. Uning oʻyinda boshqaruvchi boʻlishini qoʻllab-quvvatlang, lekin oʻyin xavfli tus olishi va bolaning jarohat olishi ehtimoli boʻlsa, nazorat qilib turishingiz kerak.

Farzandingiz xavfni tushunmaydi, shu bois xavfli narsalar ham unga zavqli tuyulishi mumkin. Harakatchan bolangiz uchun uyni xavfsizlantirish chora-tadbirlarini oldindan oʻylab qoʻying.

Kichkintoylar uchun oʻyin gʻoyalari va oʻyinlar

Kichkintoyingiz uchun eng zoʻr oʻyinchoq – sizning oʻzingiz, eng zoʻr oʻyin esa siz bilan oʻynaladigan oʻyindir. Bu bolalar oʻyinlarining sodda ekanligini koʻrsatadi.

Siz va kichkintoyingiz uchun bir nechta yaxshi gʻoyalar:

– “Jigʻiga tegish” oʻyinini oʻynang, tilingizni chiqaring, qiliq qiling yoki “ku-ku” oʻyinini oʻynang. Bolajonlarga odamlarning yuzlari yoqadi, shu sababli bunday oʻyinlar ular uchun  qiziqarliroq;

– birgalikda shovqin soling. Turli qoʻshiqlarni – baland ovozli va sokinlarini, tez va sekinlarini kuylang. Idish-tovoq va tovalarni daranglatishingiz, shaqildoq yoki qoʻngʻiroqlarni silkitishingiz mumkin;

– kichkintoyingiz bemalol harakatlanishi va oʻynashi uchun uyingizda xavfsiz joy yarating. Bu unga oʻtirish, emaklash, choʻzilish, tayanch yordamida yurish kabi koʻnikmalar ustida ishlash imkonini beradi;

– teginib koʻrishi uchun bolaga turli buyumlarni bering – silliq poʻstli olma, yirik oʻyin kubiklari yoki muz boʻlagi. Shuningdek, kichkintoyga yuzingizning turli qismlariga teginish va sizning ham uning yuziga tegishingiz yoqadi;

– oddiy bolalar sheʼrlarini ayting, masalan “Qoʻgʻirchogʻim Natasha”. Kichkintoyga ona tilingizda madaniyatingizga oid bolalar sheʼrlari va anʼanaviy qoʻshiqlarni tinglash yoqishi mumkin;

– farzandingiz bilan “gaplashing”. Gapiring yoki boshqa tovushlarni talaffuz qiling va uning javobini kuting, ehtimol, uning sizga aytmoqchi boʻlgan narsalari koʻpligidan hayron qolarsiz!

– Bolajoningizga mutolaa qilib bering. Birgalikda kitob oʻqish – kichkintoyingiz bilan birga oʻtkazadigan oʻzgacha vaqt boʻlishi mumkin, hattoki u bitta ertakni qayta va qayta oʻqib berishingizni xohlasa ham. Farzandingiz bitta ertakni qayta-qayta tinglash orqali oʻz ona tili toʻgʻrisida bilib oladi.

Oʻyin bu – zavq olish demakdir. Kichkintoyingiz oʻyinni davom ettirmoqchi yoki charchaganini va dam olmoqchi ekanini oʻzi sizga bildiradi.