Kichik yoshdagi bolalar uchun jismoniy faoliyat

Jismoniy faollik kundalik oʻyinlarning bir qismi sifatida bola hayotida juda erta boshlanishi mumkin. Yosh bolalar uchun mashgʻulot tanlaganingizda vaqtichogʻlik va oʻyinlarga eʼtibor bering. Har kuni kamida 30 daqiqa qorinda yotish kichkintoylarning oʻsishi va rivojlanishiga yordam beradi. 1–5 yoshdagi bolalar har kuni kamida uch soat davomida jismoniy faoliyat, shu jumladan, energiya sarflovchi oʻyinlar bilan shugʻullanishlari zarur.
Body

Kundalik jismoniy faoliyat: koʻngilochar mashgʻulotlarga eʼtibor qaratish

Chaqaloqlar, kichkintoylar va maktabgacha yoshdagi bolalar uchun jismoniy faoliyat tanlaganingizda quvnoq mashgʻulotlarga eʼtibor qarating.

Agar bolalarga qilayotgan ishlari yoqsa, ular buni davom ettirishni xohlaydilar. Bolalarga yoqadigan jismoniy faoliyat ularning oʻziga boʻlgan ishonchini va yaxshi harakat qilish qobiliyatini oshiradi.

Jismoniy faoliyat farzandingizning sogʻlom oʻsishi va rivojlanishi uchun juda muhimdir. U farzandingizning hayotida kundalik oʻyinlarning bir qismi sifatida juda erta boshlanishi mumkin.

0–2 yoshdagi bolalar uchun jismoniy faoliyat

Chaqaloq yurishdan oldin

Hatto kichkina chaqaloqlar ham oʻynashni yaxshi koʻradilar. Polga (yoki hovlida oʻtlarning ustiga) toʻshalgan adyol chaqaloqlar qorniga yotgan holda boshini koʻtarishni mashq qilishi uchun xavfsiz va toza joy vazifasini oʻtaydi. Bunday mashqlar kuchli mushaklarni rivojlantirishga yordam beradi.

Yerga yoki polga toʻshalgan adyol bola oʻtirishni, emaklashni va sirgʻalishni oʻrganishi uchun ham ajoyib imkondir. U talpinib, olishga harakat qilishi uchun oʻyinchoqni yoki biror buyumni undan biroz nariroqqa qoʻying.

Qoʻliga olib, ushlashi mumkin boʻlgan buyumlar, masalan, qogʻoz quti qorniga yotgan paytdagi vaqtini qiziqroq oʻtkazishiga yordam beradi. Yorqin ranglar, nuqta, kvadratchalar yoki yulduzlardan aks etgan rasmlar, yorqin, tusini oʻzgartiruvchi buyumlar va turli tovushlar ham farzandingizni qiziqtirishi mumkin.

Farzandingizni chapak chalishga undab, uni soʻzlar, qofiyalar, qoʻshiqlar bilan boyitib, “Chapakka ho-ho”,”Aji, ku-ku” kabi harakatli oʻyinlar oʻynatishingiz mumkin.

Farzandingizni polga yotqizganda atrofida xavfli buyumlar yoʻqligiga ishonch hosil qiling. Bolaning yonidan uzoqlashmang, bu xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur.

Chaqaloq yurishni boshlaganda

Farzandingiz yura boshlaganida tez-tez harakatlanishiga imkon bergan holda uni ragʻbatlantirishingiz mumkin.

Masalan, zinadan chiqish (nazorat ostida) kabi bolani harakat qilishga undovchi oʻyinlar va mashgʻulotlarni topish mumkin.

Farzandingiz bilan oʻynash va yugurishni, sakrashni, raqs tushishni oʻrganganida maqtashingiz bolani yanada olgʻa yurishga undaydi.

2–5 yoshdagi bolalar uchun jismoniy faoliyat

Kichkintoylar va maktabgacha yoshdagi bolalar uyda, mahallangizda va boshqa xavfsiz, nazorat qilish imkoni bor qiziqarli joylarda oʻynashlari uchun ularga koʻproq boʻsh vaqt kerak boʻladi.

Jismoniy faoliyat bilan vaqtni chogʻ oʻtkazish uchun baʼzi gʻoyalar:

  • Ilib olish, zarb berish, sakrab uloqtirish, tepish uchun katta, yumshoq toʻplardan foydalaning. Tanlagan joyingiz toʻplar uchun xavfli boʻlsa, dumaloqlangan paypoqlardan foydalanishingiz mumkin.
  • Quvib oʻtish, boʻr bilan chizilgan chiziq boʻylab yurish, koʻlmaklar ustidan sakrash kabi har xil harakat turlarini oʻz ichiga olgan oʻyinlar oʻylab toping.
  • Turli xil musiqalar chaling, ovozingiz yoki biror asbob yordamida tovushlar chiqaring.
  • “Hayvonlarni top” oʻyinini oʻynab, maymun kabi yugurishingiz, quyon kabi sakrashingiz, qush kabi qanot qoqishingiz mumkin.
  • Farzandingiz tayyor boʻlganda velosipedda, samokatda yoki uch gʻildirakli velosipedda uchishni oʻrganishiga imkon bering. Albatta, bu nazoratingiz ostida boʻlsin. Unga yuk mashinalari, qoʻgʻirchoq aravachasi va chim oʻruvchi mashina kabi itarib (gʻildiratib) oʻynaladigan oʻyinchoqlar ham yoqishi mumkin.

Farzandingiz qanday jismoniy faoliyatga muhtoj? Kichkintoylar va maktabgacha yoshdagi bolalar kun davomida kamida uch soat jismoniy faol boʻlishlari kerak. Barcha bolalar har kuni faol oʻyinlar oʻynashlari kerak, uch yoshdan oshgan bolalar esa har kuni kamida bir soat faol oʻyinlar oʻynashlari zarur.