Motorika va oʻyinlar: maktabgacha yoshdagi bolalar

Oʻyin bolangizning har tomonlama rivojlanishi, jumladan, motorikasi va jismoniy qobiliyatlari uchun ham muhimdir. Maktabgacha yoshdagi bolalarga odatda faol boʻlish yoqadi, ammo turli bolalar turlicha faoliyatni afzal koʻradi. Faol maktabgacha yoshdagi bolalar uchun harakatli oʻyinlarga toʻplar, qutilar, tayoqlar bilan oʻynash, ochiq havodagi oʻyinlar, faol oʻyinlar hamda tabiatdagi oʻyinlar kiradi.
Body

Maktabgacha yoshdagi bolalar oʻyinlari: ular nega motorika va jismoniy rivojlanish uchun  muhim?

Oʻyin – rivojlanish, oʻsish va yangi narsalarni oʻrganishning asosiy usullaridan biridir. Oʻyin bolangizning har tomonlama rivojlanishi, jumladan, uning motorikasi va jismoniy rivojlanishi uchun foydalidir.

Maktabgacha yoshdagi bola bilan kundalik oʻyinlar uning mushak va suyaklarini mustahkamlaydi, shuningdek, jismoniy koʻnikmalarini yaxshilash imkonini beradi. Oʻyinlar bolaning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirishda ham foydali, chunki u oʻz imkoniyatlarini sinab koʻradi va har safar yanada yuqoriroq sakray olishini, yanada tezroq yugura olishini va yanada uzoqroqqa sakray olishini bilib oladi.

Kun davomidagi yuqori jismoniy faollik maktabgacha yoshdagi bolaning umumiy salomatligi va kayfiyati uchun foydalidir.

Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun har kuni bir necha soat faol oʻyinlar bilan shugʻullanish muhim ahamiyatga ega. Oʻyinlar turli shakllarda boʻlishi mumkin: yugurish va sakrashdan tortib kundalik uy yumushlarida yordam berish va tashqarida sayr qilish kabi tinchroq harakatlargacha.

Kutilayotgan natijalar: maktabgacha yoshdagi bolalar va motorika

Turli bolalar har xil oʻyin turlari va jismoniy faoliyatni afzal koʻrishsa-da, bu yoshdagi bolalar faollikdan zavqlanishadi.

Farzandingiz 3–4 yoshda, ehtimol:

– mustaqil ravishda kiyinadi;

– qaychidan yaxshi foydalanadi;

– uch gʻildirakli velosipedda harakatlanadi va oddiy velosipedni minishga urina boshlaydi (toʻrt yoshga kelib);

– kichik toʻsiqlardan sakrab oʻtadi va mustaqil ravishda argʻimchoqda uchadi;

– panjaradan ushlamay, zinadan yuqoriga chiqadi va pastga tushadi;

– harakatlarini oʻzaro muvofiqlashtiradi – masalan, toʻpni oʻng va chap oyoqlari bilan tepa oladi;

– bir oyogʻida qisqa vaqt (oʻng va chap oyoqlarida) tura oladi.

Maktabgacha yoshdagi bolangiz besh yoshga kelib harakatlarini yaxshiroq muvofiqlashtiradi va kuchliroq boʻladi. Farzandingiz quyidagilarni amalga oshirishi mumkinligini aniqlab olishingiz mumkin:

– chap va oʻng oyoqlarda bir xil yaxshi sakraydi;

– argʻamchida sakrashni oʻrganadi;

– sizning yordamingizsiz kiyinadi;

– poyabzal bogʻichlarini bogʻlashni oʻrganadi;

– toʻpni otadi, uradi, bir qoʻli bilan oʻynatadi, ushlab oladi.

Maktabgacha yoshdagi bolangiz bu davrda boshqa bolalar bilan oddiy qoidali oʻyinlar oʻynashni xohlashi mumkin, ammo ular uchun hali ham qoidalarni eslab qolish qiyin boʻladi.

Farzandingiz jismoniy imkoniyatlarini sinab koʻradi va bunda kichik gʻurra va yiqilish odatiy holga aylanadi. Bu bolalardagi oʻrganish va rivojlanish jarayonining odatiy qismidir.

Farzandingiz uchun boshqa bolalar bilan muloqot qilish qiziq emasligini sezsangiz yoki u faol oʻyinlardan qochsa, uning rivojlanishi haqida pediatringiz bilan gaplashib koʻrishingiz zarur.

Jismoniy imkoniyatlari cheklangan maktabgacha yoshdagi bolalarda harakat koʻnikmalari rivojlanishining ayrim bosqichlari farqlanadi. Farzandingiz ulgʻaygani sari pediatringiz va boshqa mutaxassislar sizga yordam berib borishadi.

Maktabgacha yoshdagi bolangizni harakatga undovchi oʻyinlar

Maktabgacha yoshdagi bolangizning harakat koʻnikmalarini rivojlantirishga va birgalikda vaqtni zavq bilan oʻtkazishga yordam beradigan oʻyin gʻoyalari!

– farzandingizga futbol toʻplari yoki yumshoq toʻplar kabi bolalar uchun xavfsiz oʻyinchoqlarni taklif qiling;

– farzandingizga bir nechta katta, mustahkam karton qutilarni bering. U ularning ustiga chiqishi, orasidan oʻtishi va shu qutilar bilan yana boshqa mashgʻulot oʻylab topishi mumkin. Ammo xavfsizlikni unutmang!

– iloji boʻlsa, bolangizga kichik velosiped haydashni oʻrgating. Ammo uning xavfsizligini taʼminlashni unutmang;

– iloji boricha park yoki ochiq havodagi oʻyin maydonchasida oʻynash uchun vaqt toping, hech boʻlmaganda hovliga chiqing;

– farzandingiz raqsga tushishni yoqtiradigan musiqani tinglang. Qoʻshiqqa oddiy raqsni oʻylab toping va mashq qiling. Farzandingizga musiqa ritmiga mos ravishda silkitib turishi uchun bir parcha mato bering;

– tabiat bagʻriga sayohat tashkil qiling, hatto uyga yaqin joy boʻlsa ham. Bu bolangizga koʻp harakat qilish uchun ajoyib imkoniyatdir va u oʻz hunarmandchiligi hamda oʻyinlari uchun barglar, tayoqlar yoki toshlarni yigʻib olishi mumkin.

Maktabgacha yoshdagi bolangizning rivojlanishi uchun faol harakatni talab qiladigan shovqinli yoki sergʻayrat oʻyinlar kabi jim va sokin mashgʻulotlar ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, bolalar quyidagi mashgʻulotlar orqali mayda motorikalarini rivojlantirishlari mumkin:

– mozaika (pazl) boʻlaklari yoki biror narsa qurish mumkin boʻlgan kichik oʻyinchoqlar bilan oʻyinlar;

– plastilin bilan oʻyinlar;

– rasm chizish, egri-bugri chiziqli “xat”lar, harflar va raqamlarni yozish;

Bolalar ota-onalarini kuzatgan holda oʻrganadi. Shuning uchun agar bolangiz faol boʻlishini istasangiz, siz ham faol boʻlishingiz kerak.