Kichkintoylar bilan oʻyinlar
Kichkintoylar bilan oʻyinlar: ular nega motorika va jismoiy rivojlanish uchun muhim?
Agar oʻyin kichkintoyni harakat qilishga undasa, bu uning umumiy va jismoniy rivojlanishi uchun foydalidir.
Oʻyin farzandingizga:
- boshini ushlab turishi va harakatlanishi uchun zarur boʻlgan boʻyin mushaklari va tanasining yuqori qismini mustahkamlaydi;
- buyumlarga choʻzilib, ularni ushlashni oʻrgatadi;
- turishi uchun emaklash, intilish va dumalashni oʻrganishida mushaklarini mustahkamlaydi.
Siz – farzandingizni hamma narsadan koʻra koʻproq qiziqtiradigan “oʻyinchoqsiz”. Kichkintoy bilan oʻyin oʻynash va harakatlanish oʻzaro aloqani mustahkamlashning ajoyib usulidir.
Kutiladigan natijalar: kichkintoylar va motorika
3–6 oylik farzandingiz:
- oʻyinchoqlarga choʻziladi va qorni bilan yotqizganingizda orqasiga aylana oladi;
- chalqancha yotganida qoʻllarini ogʻziga olib keladi, oyoqlari va oʻyinchoqlarga intiladi;
- qorni bilan yotganda orqasiga, chalqancha yotganda pastga oʻgirilishga harakat qiladi.
Aksariyat 6–9 oylik chaqaloqlarga chalqancha emas, balki qorni bilan yotish yoqishi mumkin. Ular pastga qarab yotganda oʻyinchoqlarga choʻzilishi va aylana boʻylab harakat qilishi, hatto emaklashga urinishi ham mumkin. Shu bilan birga, bolajoningiz bu davrda boshqa harakatlarni ham bajara oladi, masalan:
- qorni bilan yotganda tepaga, chalqancha yotganda pastga oʻgirilib oladi;
- sizning yordamingiz bilan yoki oʻzlari mustaqil ravishda oʻtiradi;
- qoʻllariga tayanib tizzalab oʻtirib oladi;
- sizning yordamingiz bilan oyoqda turishi mumkin.
9–12 oylikdan boshlab kichkintoyingiz:
- emaklaydi, turishi uchun oʻgiriladi va choʻziladi;
- yiqilmasdan mustaqil ravishda oʻtiradi, oʻyinchoqlarga intiladi;
- oʻtirgan holatdan qorni bilan yotishi va yana oʻtirib olishi mumkin;
- oʻynaganda ikkala qoʻlini ham ishlatadi.
Odatda bola rivojlanishining asosiy jihatlari bir xil ketma-ketlikda amalga oshadi, lekin bu rivojlanish sodir boʻlayotgan yosh har bir bolada farq qilishi mumkin. Bola rivojlanishining har bir oyida nimalar yuz berishini bizning xronologiyamizdan bilib olsangiz boʻladi.
Qorin bilan yotish
Qorin bilan yotish vaqti – bola uxlamagan paytda qorni bilan yotish holatidir. Tugʻilganidan soʻng biroz vaqt oʻtgach, kichkintoyni qisqa vaqtga qorni bilan yotqizish uning emaklashi, choʻzilishi, keyinchalik esa oyoqda turishi uchun boʻyni, boshi va tanasining yuqori qismini mustahkamlashga yordam beradi.
Dastlab chaqaloq pastga qarab yotishni yoqtirmasligi mumkin – shu bois oldin uni koʻkragingiz yoki tizzangizga qorni bilan yotqizing. Bunday holatda kichkintoy yuzingizni ham koʻra oladi.
Shuningdek, farzandingiz bilan polga yotishingiz ham mumkin. Qoʻshiq aytish, gapirish, orqasini silash yoki qoʻlchalarini sekingina qitiqlash orqali unga yonida ekaningizni bildirib turishingiz mumkin.
Boshida kichkintoyingizni 1–2 daqiqa qorni bilan yotqizib koʻring, keyinchalik u koʻnikkandan soʻng kuniga bir necha marta 5–10 daqiqadan yotqizing. Agar unga bunday yotish yoqmasa yoki ahvoli yomonlashsa, pediatrga murojaat qiling.
Motorikani rivojlantirish uchun oʻyinlar
0–6 oylik bolalar bilan quyidagi oʻyinlarni oʻynab koʻrishingiz mumkin:
- kichkintoyingizni tanasini qimirlatishga undang, buning uchun unga qoʻshiqlar, bolalarbop sheʼrlar ayting yoki shaqildoqlarni silkiting;
- biroz oʻynashi uchun kichkintoyingizni kuniga bir necha marotaba qorni bilan yotqizing.
Turli yoshda tananing qaysi qismlari rivojlanishiga qarab 6–12 oylik bolalarga quyidagi mashgʻulotlar yoqishi mumkin:
- Kichkintoy choʻzilishi va harakatlanishi uchun oʻyinchoqlarini undan uzoqroqqa joylashtiring. Shuningdek, teginib, ushlashi uchun unga har xil oddiy oʻyinchoqlarni, masalan, shaqildoqlarni taklif qiling.
- Turli idish va tovalarga urishi uchun bolaga yogʻoch qoshiqlar yoki silkitishi uchun munchoqlar solingan yopiq idishlar bering.
- Kichkintoyni polga vertikal holatda oʻtqizib, ushlab turing va uning oldida toʻp yoki oʻyinchoqni qimirlating. Bu bolangizni oʻyinchoqni koʻzlari bilan kuzatishga, intilib uni ushlashga undaydi.
- Bolangizni mebel yoniga oʻtqizib, choʻzilishga, keyin esa turishga undang. Mebelingiz mustahkamligiga va tushib ketmasligiga ishonch hosil qiling.
- Biroz turgach, kichkintoyingizni choʻkkalab oʻtirishga undang. Choʻkkalab olishi uchun uning oldiga, polga oʻyinchoqlarini qoʻying.
- Kichkintoyingiz biror narsaga suyanib oʻrnidan tura olsa, unga sudrab oʻynaladigan oʻyinchoqlar, masalan, konstruktorli aravachalar bering. Agar aravacha tez yursa, uni sekinlatish uchun ichiga bir nechta ogʻir kitob yoki bir xalta yorma solib qoʻying.
- stul yoki karton korobkalardan tunnellar yasang, kichkintoyingizga ularning orasidan emaklash, harakatlanish yoqadi.
Shuningdek, farzandingizning aynan mayda motorikasini rivojlantirish uchun toʻgʻri keladigan tinch va sokin mashgʻulotlar ham muhim. Masalan, bola kichik buyumlarni koʻtarishi yoki qisqichlarni chelakchaga solishi uning mayda motorikasini rivojlantiradi. Rang-barang kitob yoki rasmlarni tomosha qilish esa uning koʻz mushaklarini mustahkamlaydi.
Oʻzlari taniydigan odamlar (masalan, bobo-buvilar) bilan videomuloqot qilishni hisobga olmaganda, ikki yoshdan kichik bolalarga ekran oldida vaqt oʻtkazish tavsiya etilmaydi.
Kichkintoylar hamma narsa qanday ishlashi va ular nima qila olishini amalda sinab koʻrish va xato qilish orqali bilib oladi. Oʻyin paytida baʼzan bolalarda gʻurra va tirnalishlar paydo boʻlishi oddiy hol. Uyingizni xavfsiz holatga keltiring – shunda kichkintoyingiz oʻziga zarar yetkazmasdan oʻynashi mumkin.
Kichkintoylar uchun jihozlar
Kichkintoylar uchun yordamchi jihozlar, masalan, ovqatlantirish uchun stul, avtokreslo, aravacha va manejlar albatta foydali, lekin ular farzandingizning harakatlanishini cheklab qoʻyadi. Bunday jihozlardan faqat zarurat tugʻilganda foydalaning, bolani ularning ichida koʻp vaqt qoldirmaslikka harakat qiling.
Toy-toy arava (bola itarib harakatlantiradigan aravacha, xodunka) va sakragichlarni ishlatmaganingiz maʼqul. Bunday jihozlar farzandingizning yurishi, emaklashi va suyanchiqsiz oʻtirishini kechiktirishi, shuningdek, turli jarohatlarga sabab boʻlishi mumkin, chunki u qarovsiz qolib, xavfli joylarga (pechka, hojatxona, vannaxona, zina singari) borib qolishi ehtimoli yuqori.