Harakat va oʻyin: yangi tugʻilgan chaqaloqlar
Yangi tugʻilgan chaqaloqlar bilan oʻynash: harakat va motorika koʻnikmalarini rivojlantirish nima uchun muhim?
Oʻyin yangi tugʻilgan chaqaloqlarga tananing turli qismlarini harakatlantirish bilan shugʻullanish imkonini beradi, bu esa yirik va mayda motorika koʻnikmalarini rivojlantirishga yordamlashadi. Yangi tugʻilgan chaqaloq bilan oʻynasangiz, u yanada kuchliroq boʻladi va harakatlarni muvofiqlashtirishi yaxshilanadi.
Yangi tugʻilgan chaqaloqlar va yosh bolalar oʻyin orqali atrof-muhit bilan qanday munosabatda boʻlishni oʻrganadi va tanalari nimaga qodirligini bilib oladi. Masalan, siz oʻyinchoqni chaqalogʻingizga yaqin tutganingizda va u unga intilganda (yangi tugʻilgan davrdan keyin), yaqin atrofdagi narsalarga qoʻllari bilan tegishi mumkinligini biladi.
Kichkintoyingizning harakatlarini maʼqullang va maqtang, qila olgan ishlaridan esa faxrlaning. Natijada u oʻzini sevishlari va qadrlashlarini his qiladi. Bu his uning oʻziga boʻlgan ishonchni oshiradi, natijada u koʻplab yangi harakatlarni sinab koʻradi.
Nima kutish kerak: yangi tugʻilgan chaqaloq harakati
Hayotning birinchi toʻrt haftasida chaqalogʻingizning koʻp harakatlari reflekslardir, shuning uchun u ularni boshqara olmaydi. Masalan, siz chaqalogʻingizning yonogʻini silaganingizda, chaqalogʻingiz refleks orqali emish uchun shu tomonga buriladi.
Hayotining birinchi toʻrt haftasida chaqalogʻingiz:
- yuzingizga qaraydi va koʻzlari bilan u yoqdan bu yoqqa qilingan harakatni kuzatadi;
- qorin boʻshligʻida yotganda boshini qisqa vaqtga koʻtaradi.
Kichkintoyingiz oʻz harakatlarini koʻproq nazorat qila boshlagach esa:
- mushtlarini ochib, osilib turgan narsalarga qoʻl tekkizadi;
- qorin ustida yotgan holda boshini koʻtaradi va oldida turgan oʻyinchoqqa qarash uchun tirsaklariga suyanadi (taxminan 4–8 haftalik boʻlganda);
- bir tomondan ikkinchi tomonga yoki aylana boʻylab harakatlanayotgan oʻyinchoq yoki sizning yuzingizni kuzatadi. Buning uchun unga taxminan 30 sm masofaga yaqinlashing
- oyoqlarini qimirlatadi va siltaydi, ayniqsa choʻmilayotganda yoki tagligini almashtirishayotganda (taxminan 8 haftaligida)
- qoʻl va oyoqlarini silkitadi, yuzingiz yoki oʻyinchoqqa qoʻlini choʻzadi (taxminan 12 haftaligida)
Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz hali ham boʻyin muskullarini boshqarishni oʻrganmoqda, shuning uchun uni koʻtarganingizda boshini ushlab turish muhimdir.
Kichkintoyingiz tugʻilganidan boshlaboq yuz ifodalaringizni nusxalashga intiladi. Unga jilmaysangiz, buni takrorlashga harakat qiladi. Qoshlaringizni chimirib koʻring, shunda kichkintoy ham buni takrorlashiga guvoh boʻlasiz!
Yangi tugʻilgan chaqaloqni harakatga keltiradigan oʻyinlar
Kichkintoyni harakatga keltiradigan va harakat koʻnikmalarini rivojlantirishni tezlashtiradigan oʻyinlar boʻyicha baʼzi gʻoyalar:
- Kichkintoyingizning qoʻliga oʻyinchoq yoki qoʻngʻiroq qoʻying, u uni ushlab tursin.
- Kichkintoyingizning tepasiga qiziqarli, rangli narsalarni osib qoʻying. Bolani ularga qarashga va choʻzilishga undang. Oʻyinchoqlarni bola ularga osongina yetadigan qilib osing. Buning uchun aravachaga yoki chaqaloq stuliga maxsus ilgich ulang va unga oʻyinchoqlarni iling. Lekin farzandingiz bu ilgichlarga oʻralib qolmasligiga ishonch hosil qiling.
- Kichkintoyingiz oʻsib-ulgʻaygani sari oddiy harakatlarni taʼriflovchi-tavsiflovchi qoʻshiqlarni kuylang. Bu uni harakat qilishga undaydi.
- Farzandingiz harakatlanish oson boʻlgan polda biroz vaqt oʻtkazsin. Uni shoshiltirmang. Tayyor boʻlgan payti u hamma narsani oʻzi qila oladi. Shunchaki uning harakatini tomosha qilishdan zavqlaning.
- Kichkintoy qornida yotgan holda biroz vaqt oʻtkazishi kerak. Farzandingizni qorni bilan qattiq yuzaga, masalan, polga yotqizing, u ulgʻaygach, tirsagini surish va boshini koʻtarishni mashq qilishi mumkin. Mashqlar davomiyligini 1–2 daqiqadan boshlang va kuniga 10–15 daqiqagacha yetkazing.
Bolaning rivojlanishi bilan bogʻliq muammolar
Odatda bolaning rivojlanishidagi bosqichlar bir xil tartibda sodir boʻladi, lekin ularning qanday davriylikda kechishi har bir bola uchun farq qilishi mumkin. Hatto bir oilaning bolalari ham turlicha rivojlanadi.
Siz kichkintoyingizni hammadan koʻra yaxshi bilasiz. Agar uning rivojlanishi, shu jumladan, harakat qilishi va oʻynashi masalasida xavotirlansangiz, pediatringizga murojaat qiling.