Fikrlash va oʻynash: yangi tugʻilgan chaqaloqlar bilan oʻynash va kognitiv rivojlanish haqida

Oʻyin yangi tugʻilgan chaqaloqning kognitiv rivojlanishi uchun juda muhim, chunki u oʻyin orqali sizni, dunyoni, harakat va rang kabi tushunchalarni oʻrgana boshlaydi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlar bilan oynashi, gaplashish, birga kitob oʻqish va rasmlar tomosha qilish, qoʻshiq aytish, tashqarida sayr qilish va yumshoq oʻyinchoqlar bilan oʻynashni oʻz ichiga oladi.
Body

Yangi tugʻilgan chaqaloqning kognitiv rivojlanishi, yaʼni fikrlashi, tushunishi, muloqot qilishi, eslashi, tasavvur qilishi va keyin nima boʻlishi mumkinligi oʻylab koʻrish qobiliyati uchun oʻyin muhim ahamiyatga ega. 

Chunki yangi tugʻilgan chaqaloq bilan oʻynaganingizda u bilan muloqot qilasiz va koʻrsatmalariga javob berasiz. Bu oʻzaro taʼsirlar chaqalogʻingizning miyasini rivojlantirib, millionlab neyron aloqalarini yaratadi.

Bu oʻzaro taʼsirlar yordamida chaqalogʻingiz dunyo haqida bilib oladi – dunyo xavfsizmi yoki yoʻqmi, odamlar uni sevadimi, kimlar uni sevadi va hokazo.

Agar chaqalogʻingiz oʻzini xavfsiz, himoyalangan va suyukli his qilsa, u kashf qilish va oʻrganishda davom etadi. Bu uning miyasi va kognitiv qobiliyatining rivojlanishi davomli boʻlishi uchun zamin yaratadi.

Chaqalogʻingiz bilan boʻlgan iliq va mehrli munosabatlaringiz uning keyingi taʼlimi va barcha rivojlanish sohalari uchun asos boʻladi. Bu chaqalogʻingiz bilan munosabatlaringiz uning rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini anglatadi.

Kutilayotgan natija: yangi tugʻilgan chaqaloqning kognitiv rivojlanishi

Yangi tugʻilgan chaqaloqlar koʻp narsalarni oʻrganishi kerak va siz bu jarayonning qanchalik tez sodir boʻlishidan hayron qolasiz.

Dastlab chaqalogʻingiz hatto kimligingizni ham bilmaydi. Ammo taxminan toʻrt hafta oʻtgach, ovozingizni taniydi va unga javob qaytaradi.

Yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz yuzingizga maftun boʻladi va sizga hayron boʻlib qaraydi, ayniqsa, gapirganingizda. Kichkintoyingiz ovozingiz va tashqi koʻrinishingizga eʼtibor berishni va eslashni oʻrganadi.

Bu yoshda chaqalogʻingiz uzoq vaqt yotoq yoki uxlash joyi ustiga osib qoʻyilgan yorqin rangli mato va boshqa narsalarga  qarashi mumkin. Ehtimol, bu oddiy mashgʻulot kabi koʻrinar, lekin chaqalogʻingiz harakat va rang kabi tushunchalarni oʻrganadi.

Chaqaloqlar atrof olamni kuzatishni  xohlaydi, lekin birdaniga emas – koʻp odamlar, tovushlar va harakatlar uni charchatishi mumkin. Baʼzida haddan tashqari axborot ham uni  toliqtiradi, shuning uchun charchoq belgilariga eʼtibor berib turing.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning kognitiv rivojlanishiga qaratilgan  oʻyinlar

Boshlash uchun baʼzi oʻyin gʻoyalari:

  • Kichkintoyingiz bilan tez-tez gaplashing, uni qoʻlga oling  va koʻzlariga qarang.
  • Birgalikda ertaklar oʻqing yoki qoʻshiqlar kuylang. Bir xil qoʻshiqni, qofiyani yoki hikoyani takrorlash chaqaloqlar uchun zerikarli emas – takrorlash ular uchun oʻrganishning bir usuli.
  • Farzandingizga yuzingiz bilan ishoralar qiling. Bu oʻyinni bola tugʻilgandanoq birga oʻynashingiz mumkin. Tilingizni chiqarsangiz yoki lablaringiz bilan “O” shaklini yasasangiz, baʼzi chaqaloqlar ham buni takrorlay oladi.
  • Kichkintoyingiz koʻzdan kechirishi uchun yuzidan taxminan 20–30 cm nariga har xil buyumlarni qoʻying. Masalan, unga turli ranglar va shakllarni koʻrsatish uchun kitoblardan yoki bolalar oʻyin gilamchalaridan foydalanishingiz mumkin.
  • Bola bir necha haftalik boʻlganda intilishi uchun unga yumshoq oʻyinchoq yoki shaqildoq bering.
  • Kichkintoyingizni asta tebrating, silang yoki massaj qiling. Uning barmoqlariga va oyoqlariga tegishingiz, hatto nom berish oʻyinini oʻynasangiz ham boʻladi.
  • Shamol, qushlarning sayrashi yoki turli xil musiqalarni tinglang.
  • Birgalikda tashqarida aylaning – piyoda yoki aravachada birga sayr qilishingiz yoki parkka borishingiz mumkin.

Oʻyin paytida chaqalogʻingizning harakatlarini takrorlagan yaxshi. Misol uchun, agar unga ayiqchani ushlab koʻrish yoqsa, birga qoʻl tekkizing. Siz hatto: “Ha, oʻyinchoq juda yumshoq ekan” deyishingiz mumkin. Lekin chaqalogʻingiz mashgʻulotlarga qiziqmasa yoki oʻynashdan charchagan boʻlsa, ehtimol, boshqa oʻyinni sinab koʻrish vaqti kelgandir.

Yon-atrofda chaqalogʻingiz oʻrganadigan narsa koʻp. Kichkintoyingizni charchatib qoʻymaslik uchun uning feʼl-atvoriga qarab, yangi oʻyinlarni sekin va muloyimlik bilan tanishtirishingiz kerak boʻladi.