Chaqaloqlar bilan oʻynash

Oʻyin chaqaloqning umumiy rivojlanishi, oʻrganishi, salomatligi hamda oʻzaro aloqalarni oʻrnatish uchun muhim ahamiyatga ega. Chaqoloq bilan oʻynash u bilan muloqot va birga harakat qilishdir. Chaqalogʻingiz bilan jilmayish, “jigʻiga tegish”, qorniga yotqizish kabilar orqali oʻyin oʻynash va hokazolar yordamida kichkintoyingiz bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlaysiz. Chaqalogʻingiz bilan birga kitob oʻqishga harakat qiling. Buni har qanday paytda boshlashingiz mumkin, faqat kitobni ushlab turishni yoddan chiqarmang.
Body

Chaqaloqlar bilan oʻynash: bu nima uchun muhim?

Oʻyin chaqalogʻingizning umumiy rivojlanishi, taʼlim olishi va oʻzini yaxshi his etishi uchun zarurdir.

Oʻyin orqali chaqalogʻingiz atrofidagi olamni va u bilan qanday aloqa oʻrnatishi mumkinligini bilib oladi. Oʻyin davomida orttiradigan yangi tajribalari kichkintoyingizning ongi rivojlanishi va oʻzaro bogʻliqliklarni anglay boshlashiga yordam beradi. Uni harakat qilishga undovchi oʻyinlar esa uning mushaklari, umumiy va mayda motorikalarining rivojlanishiga sabab boʻladi.

Chaqalogʻingiz bilan oʻynash unga soʻzlarni gapirish va tushunishni oʻrganishga yordam beradi. Ehtimol, har doim ham barcha ishingizni bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyib, farzandingiz bilan oʻynashga vaqtingiz boʻlmas, shunday boʻlsa-da, siz kechki ovqat tayyorlayotgan, kiyimlarni taxlayotgan, xarid qilayotgan paytingiz farzandingiz bilan nimalar qilayotganingiz haqida gaplashishingiz mumkin.

Birgalikda oʻynash siz va chaqalogʻingizga bir-biringizni bilib olishingizga yordam beradi. Chunki oʻyin chaqalogʻingizning shaxsiyati haqida koʻp narsalarni aytib berishi mumkin. Tez orada farzandingizga oddiy va shoʻx yoki tinch va sokin oʻyinlardan qay biri yoqishini bilib olasiz.

Chaqalogʻingiz bilan oʻynaganingizda u sizga ishonishi va suyanishi mumkinligini oʻrganadi. Oʻrtangizdagi aloqa yanada mustahkamlanadi. Bu unga oʻzini sevimli va himoya ostida ekanini his qilishiga yordam beradi.

Chaqalogʻingiz bilan oʻynash uchun gʻoyalar

Chaqalogʻingiz bilan oʻynashda turli oʻyin va oʻyinchoqlar emas, balki muloqotingiz muhim. Demak, chaqalogʻingiz bilan oʻynash uchun ikkovingiz boʻlsangiz bas.

Chaqaloqlar uchun baʼzi oʻyin gʻoyalari:

  • Qoʻshiq kuylang, gaplashing, mayin qitiqlang, oyoq barmoqlarini sanang – oddiy oʻyinlarni tanlashga harakat qiling. Shuningdek, kichkintoylar “Bolalar, qochinglar, mashina kelyapti!” kabi teginish orqali oʻynaladigan oʻyinlarni juda yoqtiradilar. Unga ona tilingizdagi, oʻz madaniyatingizga xos anʼanaviy bolalar sheʼrlarini aytib berishingiz ham mumkin.
  • Yuz ifodasi orqali qiliqlar qiling, jilmaying, kuling, koʻzlaringizni oʻynating yoki tilingizni chiqaring. Chaqalogʻingiz yuzingizni tomosha qilishni yaxshi koʻradi. Taglikni almashtirish yuzma-yuz oʻynash uchun ajoyib fursatdir.
  • Chaqalogʻingiz ushlab, his qilishi uchun unga turli xil buyumlar bering – yumshoq oʻyinchoqlar, shiqildoqlar yoki matodan yasalgan kitoblar chaqalogʻingizga bir olam quvonch baxsh etishi mumkin. Turli buyumlarni ushlab koʻrish kichkintoyingizga atrofidagi olamni anglashga yordam beradi.
  • Chaqalogʻingizga tevarak atrofni koʻrsating – u bilan birga koʻchani tomosha qiling, atrofdagi hamma uylarni, odamlarni va barcha narsalarni kuzating.
  • Chaqalogʻingizni har kuni bir muddat qorni bilan yotqizing. Bu orqali u boshini tutib turishni va atrofdagi narsalarga boshqa burchakdan nazar solishni oʻrganadi. Bola qorni bilan yotganida uni kuzatib turing, uxlatish uchun esa chalqancha yotqizing.
  • Chaqalogʻingiz bilan gaplashing yoki turli tovushlar chiqaring, soʻng u javob berishini kuting. Bunga biroz vaqt ketishi mumkin, ammo siz chaqalogʻingiz shunchalar koʻp “gapirishi”dan hayron qolishingiz aniq. Bu oʻyin orqali chaqalogʻingiz suhbat navbatma-navbat – tinglash va javob berish orqali olib borilishini tushuna boshlaydi.
  • Kichkintoyingizga kitob oʻqib bering. Chaqaloqqa kitob oʻqib berish uchun hali erta deb oʻylamang. Kitobni kichkintoyingizga yaqinroq ushlab turishni unutmang – yangi tugʻilgan chaqaloqlar 20–30 cm oraliqni koʻra oladilar xolos.

Oʻzingiz ham zavqlanishni unutmang. Oʻyin davomida kichkintoyingiz sizga oʻzingizni qanday tutishingizni “aytib” turadi.

Hatto energiyasi koʻp bolaga ham dam kerak. U charchagan boʻlsa-da, oʻyinni davom ettiraversangiz, bola toliqib qoladi. Agar chaqalogʻingiz qoʻrqayotganini yoki bezovta boʻlayotganini koʻrsangiz, biroz tin olib, keyin biror sokinroq oʻyin oʻynashga harakat qiling.