Chaqaloq bilan aloqa

Siz bilan oʻrnatilgan kuchli hissiy aloqa bolangizning atrof olamni oʻrganishga, tushunishga tayyorligi va jasorati kaliti hisoblanadi. Bu munosabatlar tugʻma boʻlmaydi, ular ota-ona va bolaning birgalikdagi hayotining birinchi daqiqalaridan boshlab rivojlanadi.
Body

Chaqaloq bilan kuchli hissiy aloqangiz, birinchi navbatda, birgalikda vaqtni qanday oʻtkazishingizga va dunyoni farzandingizning nuqtayi nazaridan qanchalik koʻrishingizga bogʻliq – bu farzandingizning ehtiyojlarini tushunishingiz hamda ularga tez, samimiy va izchil javob berishingiz uchun kerak. Chaqaloq bilan muloqot qilish birinchi navbatda u bilan tanishishga bogʻliq. Shuning uchun orangizda kuchli hissiy aloqani oʻrnatish uchun birinchi qadamlar aynan shunday boʻladi:

Kichkintoyingiz bilan individual aloqa uchun har kuni vaqt ajrating

Yangi tugʻilgan chaqaloqni parvarishlash, yangi kun tartibini tiklash va oʻrnatish charchatadigan jarayon boʻlishi mumkin. Shu sababli chaqaloq uchun hech boʻlmaganda qisqa vaqt ajratishingiz juda muhim, agar siz uy ishlarini yoki boshqa ishlarni ustun qoʻymasangiz, chaqalogʻingiz bilan yaqindan tanishishga va unga yetarli darajada oʻzingizni bagʻishlashga erishasiz. Bola sizni koʻrishi, eshitishi va tasodifiy harakatlar bilan teginishi uchun unga yaqin boʻling. Muloyim ovozda gapiring, unga tegining, koʻz orqali aloqani iloji boricha uzoqroq saqlab turishga harakat qiling. Eʼtiboringiz chaqaloq siz bilan dam olishni, tinchlantiruvchi, yoqimli lahzalarni siz bilan boʻlishishni va siz bilan aloqa oʻrnatishni oʻrganishi uchun kuchli ragʻbat boʻladi.

Kichkintoyingizga muloyimlik bilan tegining, bagʻringizga bosing

  • Chaqaloqlar juda sezuvchan boʻlgani uchun teginganingizda qattiq taʼsirlanadi. Choʻmilish, tagliklarni almashtirish, ovqatlanish paytida, shuningdek, birgalikda vaqt oʻtkazganingizda unga koʻproq tegining.

Chaqaloq yigʻlayotganda doim unga eʼtibor qarating

  • Chaqaloqlar juda sezgir boʻladi. Shuning uchun uni qoʻllaringizda ushlab, tana harakatlari va ovozingiz bilan yupating. Shunda u sizdan himoya va gʻamxoʻrlik kutishi mumkinligini bilib oladi. Bu – bola uchun asosiy xavfsizlik manbai.

Kichkintoyingizni koʻtaring

  • Yangi tugʻilgan paytda chaqaloqni iloji boricha tanangizga yaqin tuting. Hayotning birinchi kunlarida chaqaloqlar uchun teri orqali aloqa qilish ayniqsa muhimdir.
  • Chaqaloq uni qoʻlda koʻtarishlariga yoki erkalatishlariga “koʻnikmaydi”. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, chaqaloq hayotining birinchi kunlarida teginish va jismoniy aloqa xavfsizlik hamda oʻrganishning eng yaxshi manbai, shuningdek, bola va ota-ona oʻrtasidagi munosabat uchun eng yaxshi imkoniyatdir.

Bolangiz siz bilan jismonan xavfsiz ekaniga ishonch hosil qiling

  • har doim chaqaloqning boshini va boʻynini ushlab turing; harakat qilish, tomosha qilish, gapirish imkoniyatini taʼminlash uchun uning pozitsiyasini qanday oʻzgartirganingizga va unga qaysi pozitsiyalar yaxshiroq ekaniga eʼtibor bering.

Birinchi kundan boshlab chaqalogʻingiz bilan gaplashing

  • Ovozingiz mayin, sokin, tinchlantiruvchi boʻlishi kerak. Chaqaloqqa guvranib gapirishning hojati yoʻq; aniq soʻzlar ayting, lekin muloyimlik bilan. Har qanday narsa haqida gapiring, nima qilayotganingizni tasvirlab bering, hikoyalar aytib bering, xayolingizda nima borligini soʻzlang. Bu birinchi kunlarda chaqaloq sizning ovozingiz bilan tanishishini taʼminlaydi va keyinchalik nutqni rivojlantirish uchun asos boʻladi.

Gaplashayotganingizda yoki qoʻshiq aytayotganingizda chaqaloqning koʻziga qarang

  • Keng tabassum qiling va nima deyotganingizga qarab yuz ifodangizni yaqqol oʻzgartiring. Gapirayotganda ovozingiz tembri va balandligini oʻzgartiring. Bu chaqalogʻingizga diqqatini jamlashga yordam beradi.