Kichkintoy bilan muloqot qilishning birinchi qadamlari
Ilm-fandan maʼlum boʻlishicha, sifatli tarbiya, shuningdek, bolangizning sogʻlom rivojlanishi uchun birinchi qadam – chaqaloq bilan aloqa oʻrnatish yoʻlini topishdir.
Chaqaloq bilan muloqot uning ehtiyojlariga muloyimlik, mehr va gʻamxoʻrlik bilan javob berishni anglatadi. Oʻzingizni shunday tutsangiz, siz chaqaloq uchun u ishonadigan va tayanadigan, birga tinchlanadigan, yangi koʻnikmalarni oʻzlashtiradigan, oʻzi va dunyo haqida bilib oladigan oʻziga xos insonga aylanasiz.
Siz va chaqalogʻingiz oʻrtasida aloqa oʻrnatilishi rivojlanishning muhim jihatlaridan biridir. Agar u sizdan kerakli narsani (tabassum, himoya, quchoqlash, muloyimlik) olsa, u oʻzining xavfdan xoli ekanini va dunyo oʻrganish, oʻynash va tekshirish uchun xavfsiz joyligini his qiladi. Bu farzandingizning bolalik va undan keyingi davrdagi ruhiy salomatligi, farovonligi va umumiy rivojlanishining asosini tashkil etadi.
Kichkintoy bilan muloqot oʻrnatish uchun, birinchi navbatda, undagi holatlarni (nimani yoqtiradi, uni nima tinchlantiradi, nima bezovta qiladi, ogʻriqqa, tovushlarga qanday munosabat bildiradi) kuzatib borish – koʻrish, tinglash, payqash kerak. Keyinchalik chaqalogʻingizning “tilini” tushunish muhimdir. Chaqaloqlar odatda koʻzlari va boshini burish, nigohini yoki harakatini sizga yoʻnaltirish, koʻz orqali aloqani saqlash, ovozingiz eshitilgan tomonga boshini burish, sekin ovoz chiqarish yoki yigʻlash, boʻshashish, siz bilan aloqada boʻlganda qiziqib qarash yoki qoʻl-oyoqlarini qimirlatish orqali “gaplashadi”. Farzandingizdagi bunday xatti-harakatlarni kuzatib boring va ularga javob qaytarishga harakat qiling.