Hissiyotlar va oʻyinlar: kichkintoylar

Farzandingiz oʻyin orqali hissiyotlarini namoyon qiladi va ular haqida bilib oladi. Kichkintoyingizga oʻz hissiyotlarini ifodalashga va atrof-muhitni tadqiq qilishga yordam beradigan bir nechta oʻyin gʻoyalari misol tariqasida keltirildi.
Body

Bolalar hissiyotlari va oʻyinlar

Kichkintoylar endigina oʻz hissiyotlarini va ularni qanday ifodalashni oʻrgana boshlaydi. Oʻyin – bolalarning bilim olishi va rivojlanishi uchun tabiiy usuldir, oʻyin bolalarga baxt va umidsizlik kabi tuygʻularni kashf etish imkonini beradi.

Bu jarayonda asosiy rolni aynan siz oʻynaysiz. Kichkintoyingiz bilan oʻynash davomida siz unga oʻz hissiyotlarini ifoda etishni oʻrgatasiz.

Kichkintoy bilan oʻyin – bu ikkalangizning oʻzaro aloqangizdir. Muhimi oʻyinchoqlar emas. Shunchaki qiliq qilish ham farzandingiz uchun oʻyindir. Bir-biringizning koʻzlaringizga qarab ham oʻzaro aloqalaringizni mustahkamlaysiz.

Kichkintoylar “tana tili” orqali nima his qilayotgani toʻgʻrisida sizga koʻp narsa aytishi mumkin. Bizning “Kichkintoylarning ishoralari” deb nomlangan taʼlimiy videoroligimizda farzandingiz sizga nima “demoqchi” boʻlganini tushunishga yordam beradigan umumiy “belgilar” koʻrsatilgan.

Bolalar hissiyotlaridan nima kutish mumkin?

Farzandingiz katta ehtimol bilan:

  • 2–4 oyligida ovoz chiqarib kuladi;
  • taxminan 8 oyligidan boshlab notanish odamlarga xavfsirab qaraydi, yangi odamlardan esa qoʻrqadi, bu notanish odamlardan qoʻrqish deb ataladi;
  • taxminan 8 oyligidan boshlab boshqa odamlardan sizni afzal koʻradi va hamisha siz bilan boʻlishni xohlaydi;
  • taxminan 8 oyligidan boshlab ajralishdan qoʻrqish belgilarini namoyon qiladi, hatto uyingizda shunchaki xonadan chiqsangiz ham;
  • 10 oyligidan sizni mehr bilan quchoqlashni boshlaydi.

Bolalarda hissiyotlarni kuchaytirishga undovchi oʻyinlar

Farzandingizga hissiyotlarni bilish va ularni ifodalashga yordam beradigan oʻyin gʻoyalari:

  • Kichkintoyingiz bilan musiqa yarating. Qoʻshiq aytish yoki oʻyinchoq va turli buyumlar yordamida har xil tovushlar hosil qilish kabi musiqiy oʻyinlar bolangizga oʻz hissiyotlarini yuzaga chiqarishga koʻmaklashadi.
  • Farzandingiz bilan oʻynayotganingizda unga tegining. Bu unga hissiyotlarini ifoda etishga yordam beradi. “Dada hormang” singari birorta sheʼr aytgan holda kichkintoyingizning oyoqchalarini qitiqlang.
  • Ust-boshingiz kir boʻlishidan qoʻrqmang. Qum, loy, kraska, plastilin, shoʻr xamir kabi narsalarni oʻynang. Bu bilan farzandingiz materiallar tuzilishiga koʻra har xil boʻlishini bilib oladi. Masalan, kichkintoyingiz bajonidil kaftlari bilan loyni chapillatishi yoki suvni sachratishi mumkin. Shunchaki uni kuzating.
  • Oddiy hissiyotlarni tushuntirish uchun qoʻgʻirchoq yoki oʻyinchoqlarni ishlating. Masalan, qoʻgʻirchoq yoki oʻyinchoqlardan foydalangan holda, “Mashina avtobus bilan sayrga chiqqanidan xursand” yoki “Sichqoncha xafa, chunki mushuk uni ushlab oldi” deyishingiz mumkin.

Oʻyin taʼlim va rivojlanish uchun ahamiyatli boʻlsa-da, muhimi – xush kayfiyat. Agar quvnoqlik boʻlmasa, oʻyin koʻngildagidek oʻtmaydi. Shuning uchun oʻyin vaqtida bolangizga eʼtibor qarating. Kichkintoyingizning “tana tili” unga oʻyin yoqayotganini yoki joniga tekkanini koʻrsatib beradi.

Bola hissiyotlarini ifoda etishga qiynalayotgandek tuyulsa, qachon yordam uchun murojaat qilish kerak?

Bolalarning oʻsish va rivojlanish tezligi har xil boʻladi. Odatda bola rivojlanishining asosiy jihatlari bir xil ketma-ketlikda amalga oshadi, lekin bu rivojlanish sodir boʻlayotgan yosh har bir bolada farq qilishi mumkin. Hatto bir oilaning farzandlari ham turlicha rivojlanadi.

Agar farzandingiz:

  • muntazam ravishda sizdan yuzini oʻgirsa va koʻzingizga qaramasa;
  • his qilayotgan kechinmalarini yuzida ifoda etmasa – masalan, u sizga xursand yoki xafaligini koʻrsatmasa, bolalar shifokoriga murojaat qilishingiz mumkin.