Maktab yoshigacha boʻlgan bolalar uyqusi: nimalarni bilish kerak?
Maktab yoshigacha boʻlgan bolalar uyqusi: nimalarni bilish kerak?
3–5 yoshdagi bolalar sutka davomida 10–13 soatga yaqin uxlashlari kerak. Baʼzilari taxminan bir soat atrofida kunduzi uxlashlari mumkin.
Uyqu maktab yoshigacha boʻlgan farzandingizning sogʻligʻi, oʻsishi va rivojlanishi uchun muhimdir. Bolalar yaxshi uxlaganda kun davomida tinch va quvnoq boʻlishadi. Toʻyib uxlash, shuningdek, bolangizning immun tizimini mustahkamlaydi, infeksiya va kasallik xavfini kamaytiradi.
Tungi qoʻrquv va yomon tushlar
Tungi qoʻrquv va yomon tushlar maktab yoshigacha boʻlgan bolalar orasida juda keng tarqalgan. Tungi qoʻrquv va yomon tush tunning turli vaqtlarida sodir boʻladi va bunday holatda har xil harakat qilish kerak.
Tungi qoʻrquv
Tungi qoʻrquv tunning dastlabki bir necha soatlarida, bolalar chuqur uyquda boʻlganida sodir boʻladi. Bolangiz tungi qoʻrquv paytida, u uygʻonganga oʻxshab koʻrinsa-da, aslida uxlab yotgan boʻladi. Misol uchun, uning koʻzlari ochiq boʻlishi yoki u harakat qilishi mumkin. Lekin bola sizga odatdagidek javob bermaydi.
Tungi qoʻrquv sizga qoʻrqinchli boʻlib koʻrinishi mumkin, ammo bolangizga zarar yetkazmaydi.
Farzandingizni tungi qoʻrquv paytida uygʻotmang, chunki bu yana ham uzoqroq davom etishiga olib keladi. Buning oʻrniga, bolangiz yigʻlashdan va bezovtalikdan toʻxtashini kuting. Agar u joyidan turib ketgan boʻlsa, uni qayta joyiga yotqizing. Bolalar odatda tungi qoʻrquvdan keyin tezda uxlab qolishadi va ertalab hech narsani eslay olmaydilar.
Yomon tushlar
Yomon tushlar odatda tunning ikkinchi yarmida, bolalar koʻp tushlar koʻrganlarida sodir boʻladi. Ular maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning rivojlanayotgan tasavvurlari bilan bogʻliq. Bolangiz yomon tushlar koʻrsa, xafa boʻlib uygʻonishi mumkin. U yomon tushni eslashi va sizga bu toʻgʻrisida gapirib berishi mumkin.
Bolangiz yomon tush koʻrsa, uni quchoqlash, tasalli berish va “Yomon tushlar juda qoʻrqinchli, toʻgʻrimi? Men sen bilanman, doimo yoningdaman”, — deb tinchlantirish kerak boʻladi. Farzandingiz uxlab qolishi uchun biroz vaqt kerak boʻlishi mumkin.
Uyquga tayyorgarlik
Baʼzan maktab yoshigacha boʻlgan bolalarda uyqu sekinroq kelishi mumkin, chunki ular yotgandan keyin ham oʻtgan kun voqealarini oʻylash bilan band boʻlishadi. Bunda ayniqsa, kun tartibiga ham haftada davomida, ham dam olish kunlari doimiy ravishda amal qilishingiz yordam beradi.
Maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning aksariyati kech soat 7 atrofida yotishga tayyor boʻlishadi, ayniqsa, maktabgacha taʼlim tashkilotida oʻtgan kuni mazmunga boy boʻlsa. Ammo baʼzi bolalar tunda koʻp ertaklar aytib berishni talab qilishadi, shunday qilib ular uxlab qolish vaqtini keyinga surishni xohlashadi. Uxlashdan oldin ikki yoki uch kitob qoidasini oʻrnatishingiz mumkin, shuningdek unga kun davomida koʻproq kitob oʻqib berishni vaʼda qiling.
Farzandingizni tunda soʻrgʻich bilan uxlashga oʻrgatmang.
Bolani uxlashga yotqizganingizdan keyin turib ketsa...
Ehtimol maktab yoshigacha boʻlgan bolangiz sizni oʻzining oldiga chaqirishi yoki xayrli tun tilaganingizdan keyin joyidan turib ketishi mumkin.
Quyidagi maslahatlarni bajarib koʻring:
- Shovqinli oʻyinlarni oʻynash, televizor tomosha qilish va kompyuter, telefon yoki planshetdan foydalanishdan voz keching. Bunday mashgʻulotlar tufayli bolaga uxlash qiyin boʻlishi mumkin.
- Farzandingizning uyquga tayyor boʻlishiga imkon beradigan aniq kun tartibini oʻrnating.
- Farzandingizning xonasi tinch, xira yoritilgan chiroq va juda issiq ham, juda sovuq ham emasligiga ishonch hosil qiling.
- Xonadan chiqib ketishingizdan oldin, bolangiz uyqusi uchun kerak boʻlgan hamma narsa, uning sevimli yumshoq oʻyinchogʻi yoki adyol borligiga ishonch hosil qiling. Unga toʻshakda tinch yotishini eslatib turing.
- Farzandingiz sizni chaqirganda, uning oldiga har safar bormaslik tartibini oʻrnatmoqchi boʻlsangiz, qatʼiy rioya qiling va unga haqiqatan ham biror narsa kerak boʻlgandagina oldiga boring.
- Farzandingiz karavotidan tursa, undan karavotga qaytishini xotirjamlik bilan soʻrang. Boshqa xonada ekaningizni ayting. Farzandingiz oʻrnidan turishni toʻxtatmaguncha, qayta-qayta, qatʼiyat va xotirjam holatda takrorlang.
Baʼzan bolangizga rostdan ham nimadir kerak boʻlishi mumkin. Farzandingiz karavot ostidagi maxluqdan qoʻrqsa, tezda atrofga qarang va bolangizga hech qanday maxluq yoʻqligini ayting. U shu bilan tinchlanishi mumkin. Farzandingiz qorongʻilikdan qoʻrqsa, tungi chiroqdan foydalaning.
Farzandingiz uyqu muammosiga duch kelsa, ularni bartaraf etishning eng yaxshi yoʻli, muayyan tartib, masalan uyquga tayyorgarlik tartibini oʻrnatish. Uyqu dorilaridan bolalardagi uyqu muammolarini bartaraf etish uchun foydalanmaslik kerak.