Bolalar uyqusi: tez-tez beriladigan 20 ta savol
Uyquning ijobiy tartibini oʻrnatish va maslahatlarimizdan foydalanish orqali uyqu bilan bogʻliq qiyinchiliklarni yengishingiz hamda bolalarning yaxshi uxlashiga yordam berishingiz mumkin. Uyqu muammolari bolangizning sogʻligʻiga, maktabdagi oʻqishiga, oʻzaro munosabatlariga taʼsir qilishidan xavotirda boʻlsangiz, shifokorga murojaat qilishingiz kerak. Shuningdek, uning uyqusiga taʼsir qiladigan tibbiy holat yoki kasallik borligidan xavotirga tushsangiz ham shifokor bilan bogʻlaning.
Uch yoshli qizim uxlashga yotganda qoʻl-oyoqlari tortishadi. Bu oddiy holatmi?
Ha. Bu tortishishlar, ehtimol, “uyquning boshlanishi”dir,bolangiz uxlashga yotganda qoʻl va oyoqlari tortishadi. 70 foiz bolalar va kattalarda uxlab qolayotganda qoʻl va oyoqlari tortishishi kuzatiladi. Charchoq, kuchli ruhiy zarba yoki uyquning kamligi tortishishni kuchaytirishi mumkin, shuning uchun bolangizning uyqu holatini tekshirishingiz kerak. Agar tortishishlar bir yoki ikkita tez harakatlar bilangina emas, balki qaytalansa yoki butun tun davomida kuzatilsa, shifokor bilan maslahatlashishingiz tavsiya etiladi.
Bolam xirillaydi va tunda nafasi qisadi. Xavotir olishim kerakmi?
Xirillashning sababi shamollash yoki burun bitishi boʻlishi mumkin. Odatda xirillash shamollash oʻtib ketsa, u oʻz-oʻzidan yoʻqoladi.
Xirillash oʻtib ketmasa va hatto sogʻlom vaqtida ham tunning koʻp qismida qaytalansa, bu uxlash paytida nafas olishning qisilib toʻxtab qolishi (“uyquda nafasning toʻxtab qolish kasalligi”) belgisi boʻlishi mumkin va u davolanishni talab etadi.
Uxlash paytida nafas olishning qisilib toʻxtab qolishi bu – uxlayotgan bolangizda nafas olishi qisqa vaqt davomida toʻxtab qolishiga olib keladi. Farzandingizda xirillash doim kuzatilsa, uxlash paytida nafas olishi toʻxtab qolsa, nafas olish qiyin boʻlsa, ogʻzidan nafas olsa, kechasi koʻp agʻdarilsa yoki terlasa, shifokorga murojaat qiling. Bunday nafas olish qiyinchiliklari sababli bolangiz ertalab charchagan va injiq boʻlib uygʻonishi, shuningdek, bu unda yurak kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.
Farzandim yetarlicha uxlayaptimi? Turli yoshdagilar qancha uxlashi kerak?
Turli yoshdagi bolalarga, uxlashi uchun turlicha vaqt kerak boʻladi, shuning uchun bola yetarlicha uxlayaptimi yoki yoʻqmi tushunish qiyin. Quyidagi maqolalarda bolaning yoshi uchun tavsiya etilgan uyqu davomiyligini tekshirib olishingiz mumkin:
- Kichkintoy uyqusi.
- Maktabgacha yoshdagi bolaning uyqusi.
Bola kunduzi uxlashni qachon toʻxtatadi? Kunduzgi uyqu davomiyligi.
Bolalarning taxminan 25 foizi 3 yoshga borib kunduzi uxlashni toʻxtatadilar. Yana 50 foiz bolalar 4 yoshga kirganda kunduzi uxlashni toʻxtatishadi. Agar kechasi yetarlicha uxlasalar, besh yoshgacha boʻlgan bolalarning aksariyati kunduzi uxlamaydilar. Kunduzgi uyqu 30 daqiqadan ikki soatgacha davom etishi mumkin.
Farzandingiz kunduzi uxlashni xohlamasa, unga oʻz xonasida biroz dam olishiga imkon bering yoki qandaydir tinch mashgʻulot bilan shugʻullanishni taklif qiling, masalan, kitob oʻqish yoki rasmli kitoblarni birgalikda tomosha qilish.
Bolam injiq boʻlib uygʻonsa, bu nimani anglatadi?
Farzandingiz injiq boʻlib uygʻonishining eng katta ehtimoliy sababi – u yetarlicha uxlamagani. Ammo u oʻz yoshiga mos keladigan davomiylikda uxlagan boʻlsa, injiqlik uning yaxshi uxlamaganini anglatishi mumkin. Bolangiz tunda xirillasa yoki juda bezovta boʻlsa, uyqu muammolarini aniqlash uchun shifokorga murojaat qiling.
Qanday qilib bolamni yarim tundan oldin uxlashga yotqizishim mumkin?
Farzandingizning erta uxlashiga yordam beradigan tavsiyalar:
- Bolaning uxlashga yotishi va uygʻonishi har kuni bir vaqtda boʻlishini ragʻbatlantiring. Bu organizm ishida normal biologik ritm oʻrnatilishiga yordam beradi. Masalan, dam olish kunlaridagi kunduzgi bir soatlik uyqu yaxshi, lekin uzoq davom etmasligi kerak. Bu bolangizning yarim tundan oldin uxlay olmasligiga olib keladi.
- Kechaning oxirida (22:00 dan keyin) ovqatlantirmang va bolangiz ertalab turganda nonushta qilishini ragʻbatlantiring.
- Chiroqni oʻchirish va yotishidan oldin tinchlanishi uchun farzandingizga yetarli vaqt bering, masalan, 40 daqiqa. Kitob yoki jurnal oʻqish, rasm chizish, yozish yoki boshqotirmalarni yechish kabi tinch mashgʻulotlar bilan shugʻullanishini ragʻbatlantiring.
- Bolaning yotoqxonasidagi elektr jihozlari: mobil telefon, planshet, kompyuter ekranlari va televizorlarni yotishdan bir soat oldin oʻchiring.
Balogʻatga yetish davrida bolalar melatonin moddasini avvalgi bolalik davridagiga qaraganda kech tunda ajratadilar. Bu ularning sirkad ritmiga taʼsir qilib, farzandingiz kech uxlashni va ertalab kech turishni xohlashini anglatadi.
Oʻqish davrida oʻsmir farzandingiz uchun uxlash vaqti oʻrnatilsa, u yaxshi uxlashi va kun davomida ishlarni yaxshi bajarishi mumkin.
Bolam yaxshi uxlashi uchun kun boʻyi nima qilishim kerak?
Ushbu tavsiyalar bolangizning tungi uyqusini yaxshilashga yordam beradi:
- Uning tanasida biologik ritm (biologik jarayonlarning davriy takrorlanishi) turtki berishga yordam berishi uchun toʻlaqonli nonushta bering.
- Farzandingizni kunduzi, ayniqsa, ertalab iloji boricha tabiiy yorugʻlik boʻlishiga ragʻbatlantiring. Kunduzgi yorugʻlik bolangizda melatonin ishlab chiqarishni toʻxtatadi va uygʻonishi va tetik boʻlishiga yordam beradi. Qorongʻilikda melatonin moddasi ishlab chiqariladi, bu uyquchanlikka olib keladi.
- Farzandingizning jismoniy faol boʻlishi va sport bilan shugʻullanishini ragʻbatlantiring. Jismoniy faollik bolalarning uzoqroq uxlashiga yordam beradi.
- Bolaga tarkibida kofein boʻlgan quvvat beruvchi energetik ichimliklar, qahva, choy, shokolad va kola kabilarni berish tavsiya etilmaydi, ayniqsa, kechga yaqin va kechqurun.
- Farzandingiz tayinlangan vaqtda toʻyib ovqatlanganiga ishonch hosil qiling. Uxlashdan oldin ochlik yoki ortiqcha toʻyishni his qilish bolangizning uxlashini qiyinlashtirishi mumkin.
Turmush oʻrtogʻim ishdan kelganda qanday qilib uyqudan oldin bolalarimning shovqinli oʻyinlarining oldini olaman?
Turmush oʻrtogʻingiz ishdan keyin farzandlaringiz bilan biroz xursandchilik qilishi odatiy holdir. Muammo shundaki, shovqinli va faol oʻyinlar bolangizning uxlab qolishiga toʻsqinlik qiladi.
Turmush oʻrtogʻingiz bilan aynan oilangizga mos keladigan oilaviy kun tartibini ishlab chiqishni muhokama qiling, jumladan, bolalarning uxlashi oldidan vaqtni past yorugʻlikda bir necha soat davomida tinch holatda oʻtkazish mumkin. Masalan, turmush oʻrtogʻingiz uyga ertaroq kelishi va chiroq oʻchguncha bolalarga sokin holatda kitob oʻqib berishi mumkin.
Farzandimning uxlash vaqtini qanday qilib ertaroqqa oʻtkazishim mumkin?
Bolaning erta uxlab qolishiga yordam berishni uning joriy yotish vaqtidan boshlang va uni har ikki kunda taxminan 15 daqiqa oldin yotish tartibiga asta-sekin oʻzgartiring. Aksariyat bolalar yotgandan keyin 20 daqiqa ichida uxlab qolishadi. Bolangiz chiroq oʻchgandan keyin ham 20–30 daqiqadan koʻproq vaqt davomida uxlamagan boʻlsa, qaytadan erta uxlashga oʻtishdan oldin, uxlash vaqtini yana bir necha hafta davomida avvalgi vaqtda qoldirishingizga toʻgʻri kelishi mumkin.
Farzandingizni har kuni ertalab bir vaqtning oʻzida, shu jumladan dam olish kunlarida ham uygʻotishga harakat qiling. Ertalabki doimiy uygʻonish vaqti muntazam uyqu vaqtini saqlashga yordam beradi.
Olti yoshli bolamni oʻz karavotida uxlashga qanday oʻrgatishim mumkin?
Farzandingiz oʻz karavotida uxlab qolishiga yordam beradigan baʼzi tavsiyalar:
- Uxlashdan oldingi doimiy tartibni oʻrnating, masalan choʻmilish, hikoya aytib berish va joyiga yotish.
- Farzandingizning yotoqxonasi tinch va chiroq xira ekaniga ishonch hosil qiling.
- “Kaming-aut” usulidan foydalaning, bu asta-sekinlik va yumshoqlik usuli boʻlib, bunda bolangiz bilan uxlab qolguncha oʻtirasiz, soʻngra tinchgina chiqib ketasiz. Bu usuldan 1–3 hafta davomida foydalanasiz.
- Kun davomida foydali odatlarni rivojlantiring, masalan, quyosh nurida koʻp boʻlish va jismoniy mashqlarni bajarish.
- Farzandingiz uyqu tartibini oʻzgartirishga urinayotganini sezganingizda uni maqtang. Shuningdek, uxlashdan oldingi toʻgʻri xulq-atvorni ragʻbatlantirish uchun mukofotlash sxemasini sinab koʻrishingiz mumkin.
Bolangizning yotish tartibiga va uxlash odatlariga oʻzgartirish kiritishni rejalashtirmoqchi boʻlsangiz, unga uxlash vaqtining yangi tartibini tushuntirishga toʻgʻri keladi. Izchil boʻling va rejaga rioya qiling.
Bolamdagi tunda chaqirish va joyidan turish odatini qanday qoldirsa boʻladi?
Uxlash tartibiga toʻgʻri rioya qilish tungi ziddiyatlarni kamaytirishi mumkin. Farzandingiz toʻshakka yotishi bilanoq, u uxlab qolguncha oʻz karavotida tinch yotishiga umid qilayotganingizni tushuntirishga harakat qiling. Juda erta uxlash tunda joyidan tez-tez turishning sababi boʻlishi mumkin, shuning uchun chiroqlar oʻchirilgandan keyin bolangiz uxlab qolishi uchun qancha vaqt talab qilinishi haqida oʻylab koʻring.
Bolamning boshi chayqalib, uxlab yotganida nima qilaman?
Boshini urish, tanani silkitish va boshni chayqash aksariyat holatlarda zararsizdir va farzandingiz oʻsib-ulgʻaygan sari buni asta-sekin toʻxtatadi.
Bu xatti-harakatlarga eʼtibor bermaslikka, bolaning xonasida shovqinni kamaytirishga harakat qiling va bolangizning xavfsizligini taʼminlang. Misol uchun, karavotni devordan uzoqroqqa koʻchirishingiz, uning vintlarini burab qoʻyishingiz va mahkamlashingiz mumkin, baʼzan xonaning oʻrtasiga toʻshakni yerga solib bersangiz ham boʻladi. Biror narsa sizni bezovta qilsa, shifokorga murojaat qiling.
Uch yoshli bolam tunda shishaсhada sut talab qiladi. Bu odatni qanday yoʻqotish mumkin?
Ehtimol,bolangiz uxlashi uchun shishachani talab qilish odati borligi tufayli shunday qiladi. Tunda u uygʻonib va keyin qayta uxlay olmasa, u shishacha bilan ovunadi..
Quyida tungi ovqatlanishni toʻxtatish va bolangiz mustaqil uxlab qolishni oʻrganishida yordam beradigan baʼzi maslahatlar:
- Shishachadan voz kechish uchun qulay vaqtni tanlang. Sizda yoki bolangizda kuchli ruhiy zarba, kayfiyatning oʻzgarishi boʻlsa, bu noqulay boʻlishi mumkin.
- Farzandingiz bilan shishadan voz kechish haqida gaplashing.
- Adyol yoki yumshoq oʻyinchoq kabi boshqa tasalli beruvchi vositalarni sinab koʻring.
- Farzandingiz shishadan voz kechishga muvaffaq boʻlganda, katta bayram qiling yoki bolangizga mukofot bering.
- Orqaga qaytmaslikka harakat qiling.
Farzandingizni bunday oʻzgarishlarga qanchalik yaxshi tayyorlagan boʻlsangiz ham, bolangizda baʼzi noqulayliklar kuzatilishi va u qarshilik koʻrsatishi mumkin.
Besh yoshli bolamni uyquda yurishdan qanday toʻxtatish kerak?
Bolangiz yetarlicha uxlayaptimi, shuni aniqlashdan boshlashingiz mumkin. Bola uxlash uchun juda kech yotmasa yoki doimo bir vaqtda yotsa, bu uyquda yurishni kamaytirishi mumkin.
Farzandingiz uyqu vaqtida yursa, u xavfsiz sharoitda ekaniga ishonch hosil qiling: yotoqxona va yoʻlaklardagi toʻsiqlarni olib tashlang, old va orqa eshiklarni qulflang, xavfli narsalarni tashqariga chiqaring va atrofda oʻtkir narsalar yoʻqligini tekshiring.
Bolalarning 7–15 foizi uyqu vaqtida yurishadi. Odatda, tashvishlanishga oʻrin yoʻq. Bolalarda bu odatlar oʻsmirlik vaqtida oʻtib ketadi. Lekin xavotirlanayotgan boʻlsangiz, shifokorga murojaat qiling.
Farzandim baʼzida xafa, bezovta boʻlib, yigʻlab uygʻonadi. Nima qilishim kerak?
Bolangizga tasalli berish yoki tinchlantirish yordam bermasa, lekin u oʻzini yaxshi his qilsa, u qoʻrqinchli tush koʻrgan boʻlishi mumkin. Xotirjam boʻling va u oʻziga biror shikast yetkazmasligiga ishonsangiz, bolani uygʻotmang va unga tegmang. Tungi qoʻrquvlar noxush boʻlishi mumkin, lekin ular bolangizga zarar qilmaydi va u ertalab ularni eslamaydi.
Bolangiz yetarlicha uxlamasa, tungi qoʻrquvlar paydo boʻlishi mumkin, shuning uchun bolangizning uxlash tartibini koʻrib chiqing. Farzandingiz kasal yoki isitmasi boʻlsa, holat tez-tez sodir boʻlishi mumkin. Baʼzida tashvish va xavotirlar tungi qoʻrquvning tez-tez sodir boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Bolangizning sogʻligi yoki farovonligi haqida tashvishlanayotgan boʻlsangiz, tungi qoʻrquvlar uzoq davom etsa yoki jiddiy boʻlib tuyulsa, mutaxassislardan maslahat oling.
Bolam qoʻrqinchli tush koʻrsa, nima qilishim kerak?
Bolangiz qoʻrqinchli tushdan keyin uygʻonsa, unga bu yomon tush ekanini tushuntiring. Unga hamma narsa joyida va u xavfsiz ekanini bildiring. Oʻpish va quchoqlash bolangiz tinchlanishiga yordam berishi mumkin. Shuningdek, kun boʻyi sodir boʻlgan voqealarni tahlil qiling, balki, qoʻrqinchli telekoʻrsatuvni tomosha qilish qoʻrqinchli tushlarning sababidir.
Farzandingiz qoʻrqinchli tush koʻrsa va kunduzi juda xavotirda boʻlsa, maslahat olish uchun mutaxassisga murojaat qiling. Shuningdek, bolangiz shikastlangan boʻlsa va bu haqida qoʻrqinchli tush koʻrsa, shifokor bilan maslahatlashing.
Bolamda autizm spektrining buzilishi bor va uyqusi yomon. Buni qanday oʻzgartirishim mumkin?
Autizm spektrining buzilishi bu – ijtimoiy oʻzaro taʼsir yetishmasligi, boshqa odamlar bilan aloqa qilishdagi qiyinchiliklar, aloqa paytida yetarli boʻlmagan reaksiyalar, cheklangan qiziqish va stereotiplarga moyillik (takrorlanadigan harakatlar, naqshlar) bilan tavsiflanadi. Bu kasallik bilan ogʻrigan bolalarda uyqu muammolari tez-tez uchraydi va koʻp holatlarda ularga yordam berish mumkin. Bunday bolalarning uyqusini yaxshilash ularning kunduzgi holati yaxshilanishiga olib keladi.
Xulq-atvorning meʼyoriy turlaridan foydalanib, boladagi uyqu muammolarining koʻpini va ASBni boshqarishingiz va yengishingiz mumkin. Shuningdek, autizm spektrining buzilishi boʻlgan bolangizda yaxshi uyquni, jumladan, doimiy uxlash vaqti, toʻgʻri uyqu tartibi va uxlatishga mos paytni ragʻbatlantirishingiz mumkin. Biror holat borasida tashvishlansangiz, shifokorga murojaat qilishingiz kerak.
Bolamning rivojlanishi orqada qolmoqda. Unga yaxshi uxlashi uchun qanday yordam berishim mumkin?
Uxlashdan oldingi xulq-atvorning standart yoʻnalishlaridan foydalanib, bolangizning uyqu muammolarini boshqarishingiz va yengishingiz mumkin. Doimiy uyquga ketish tartibi bolangizda uxlash vaqti kelganini aniqlashga yordam beradi. Farzandingizga u yotish joyida qolishini xohlayotganingizni aytsangiz, bu uning esida qoladi.
Shuningdek, bolangizni joyiga yotqizish kabi usullarni ham sinab koʻrishingiz mumkin. Baʼzan kechalari uni bir necha marta yotqizishingiz kerak boʻladi. Biror masalada tashvishlansangiz, shifokorga murojaat qiling.