Tungi peshob tutolmaslik
Tungi peshob tutolmaslikning sabablari
Tungi peshob tutolmaslik bolalarda tunda siyish xohishi paydo boʻlgan payt uygʻona olmaganlarida yuz beradi. Bolalar koʻrpa-toʻshaklarini ataylab hoʻllamaydilar.
Bolalardagi tungi peshob tutolmaslikning bir nechta sabablari bor.
Baʼzi bolalar juda qattiq uxlaydilar, boshqalarida tunda odatdagidan koʻproq peshob hosil boʻladi, baʼzilarida siydik pufagi kichik boʻladi, bu esa kechasi yotoq joyini hoʻllash ehtimoli katta boʻlishidan darak.
Tungi peshob tutolmaslik koʻpincha nasldan naslga oʻtadi. Agar siz bolaligingizda toʻshakni hoʻllagan boʻlsangiz, farzandlaringizda ham toʻshakni hoʻllash ehtimoli koʻp boʻlisi mumkin. Lekin bu degani farzandingiz kechasi yotoq joyini hoʻllashiga siz aybdorsiz degani emas.
Bolangizning tunda peshob tutolmasligi baʼzida sizni xafa qilishi va tashvishga solishi mumkin. Shuning uchun bu boʻyicha samarali muolajalar borligini va ular bolangizga yordam berishini bilish muhim.
Tungi peshob tutolmaslikning belgilari
Tungi peshob tutolmaslik – nomidan ham koʻrinib turibdi – kechasi yuz beradi. Baʼzi bolalar har kuni yotoq joyni hoʻllaydi. Boshqalari haftada bir necha marta yoki oyda bir marta siyib qoʻyadi.
Kunduzgi peshob tutolmaslik bola uygʻoq paytida, kun davomida tasodifiy siyib qoʻyishidir. Bu holat tungi peshob tutolmaslikka qaraganda ancha kam uchraydi. Kunduzgi peshob tutolmaslik koʻpincha kasalliklar yoki stress tufayli yuzaga keladi. Agar bolangizda kunduzgi peshob tutolmaslik kuzatilsa, shifokorga uchrang.
Tungi peshob tutolmaslikda qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Agar bolangizning tunda peshob tutolmasligidan xavotirda boʻlsangiz yoki bu farzandingizga va oilangizga muammo tugʻdirsa, davolanish va keyingi kuzatuv boʻyicha shifokordan maslahat soʻrashingiz mumkin.
Masalan, bolangiz yetti yoshida ham toʻshagini muntazam ravishda hoʻllayotgan boʻlsa va quyida keltirilgan holatlarda shifokorga murojaat qilishingiz mumkin:
- farzandingiz doʻstlarinikida yoki maktab lagerlarida tunni qanday oʻtkazishi haqida tashvishlanganingizda;
- tungi peshob tutolmaslik bolangizni bezovta qilganda yoki tashvishlantirganda.
Farzandingiz tunni “quruq” oʻtkazishga odatlangan davrdan keyin yana tungi peshob tuta olmaslik boshlagan boʻlsa, shifokoringizga murojaat qilish juda muhim. Chunki bu infeksiya va diabet kabi ogʻir holatlarning birinchi alomatlari boʻlishi yoki oyilada yangi uka yoki singil tugʻilishi kabi hissiy stress bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Tungi peshob tutolmaslikni davolash
Bolani koʻtarish va uygʻotish:
Bolani koʻtarish – uni uxlab yotgan paytida koʻtarib, yotoqdan hojatxonaga siydirish uchun olib borishdir. Uygʻotish – bolani hojatxonaga borib siyishi uchun uygʻotishdir. Buni yotishdan oldin yoki kechasi belgilangan vaqtda qilishingiz mumkin.
Bolani koʻtarish va uygʻotish qisqa vaqt ichida tungi peshob tutolmaslikni toʻxtatishga yordam berishi mumkin, lekin odatda tungi peshob tutolmaslikni butunlay toʻxtatmaydi. Bu uzoq muddatli yechim emas.
Suyuqliklar ichish:
Farzandingiz toʻshakni hoʻllagan taqdirda ham, kun davomida muntazam ravishda suv ichib turishi muhim.
Agar bolangiz kun davomida koʻp miqdorda suv ichsa, yotishdan oldin juda koʻp suyuqlik ichmasligi mumkin. Uyqudan oldin koʻp miqdorda suyuqlik ichish bolangizning siyishga ehtiyojini tuni bilan oshirishi va bu peshob tutolmaslikka olib kelishi mumkin. Agar bolangiz yotishdan oldin suyuqlik ichishni xohlasa, bu u kun davomida yetarli darajada suyuqlik qabul qilmagani belgisi boʻlishi mumkin.
Farzandingiz kechqurun kofeinli har qanday ichimlikdan voz kechgani maʼqul – masalan, kola, choy, kofe yoki issiq shokolad. Ushbu ichimliklar bolangiz chiqaradigan peshob miqdorini koʻpaytiradi.
Tungi peshob tutolmaslikda uygʻotkichlar (budilnik):
Tungi peshob tutolmaslikda uygʻotkichlar – shovqin chiqaradigan va yotoq joyni hoʻllaganda bolangizni uygʻotadigan moslamadir.
Uygʻotkich ovozi bolangiz yotoq joyida peshob ajratishni boshlaganda uni uygʻonishga oʻrgatishda yordam beradi. Bu moslama bolangizga siydik pufagi toʻlganini aniqlash va uni ushlab turishni oʻrganishiga yoki uygʻonib, hojatxonaga borishiga koʻmaklashadi. Maqsad aniq – uygʻotkich ishga tushganda bolangiz siydik pufagini toʻliq boʻshatmasdan oldin uygʻonadi.
Tungi peshob tutolmaslikda uygʻotkichlardan foydalanishga qaror qilsangiz, bolangiz tezda turishi va hojatxonaga borishiga yordam berish uchun birinchi hafta yoki shu davr mobaynida uning xonasida yotganingiz maʼqul. Agar u uygʻotkich ovozidan bezovta boʻlsa yoki oʻzini yoʻqotib qoʻysa, uni yupatishga toʻgʻri kelishi mumkin.
Shifokoringiz ushbu uygʻotkich farzandingiz va oilangiz uchun mos keladimi-yoʻqmi – maslahat bera oladi.