Hojatxonadan qanday foydalanishni oʻrgatish: amaliy qoʻllanma

Farzandingizga tuvak yoki unitazdan foydalanishni oʻrganishga yordam berish – ikkalangiz uchun ham katta va juda hayajonli qadam. Agar ijobiy kayfiyatda va xotirjam boʻlsangiz, bolangiz katta ehtimol bilan hamma koʻnikmalarni oʻrganib oladi. Buning siri bolangiz hojatxonaga oʻrganishga tayyorligini koʻrsatadigan belgilarni kutish va aniqlab olishdan iborat.
Body

Tuvakda oʻtirishga oʻrgatish: bola tayyor ekanini qanday bilasiz?

Farzandingiz tuvakda oʻtirishni oʻrganishga tayyor ekanini u 2 yoshga toʻlganda bilishingiz mumkin. Baʼzi bolalarda tayyorlik belgilarini 18 oyligida, baʼzilarida esa ikki yoshdan katta boʻlganda sezish mumkin.

Agar farzandingiz:

  • dadil yursa va qisqa vaqt davomida oʻtira olsa;
  • vazifalarni bajarishda mustaqil boʻlsa va tez-tez “yoʻq” deb gapirishni boshlasa;
  • unga boshqalarning hojatxonaga borishini kuzatish qiziq boʻlsa, bu – sizda noqulaylik hissini tugʻdirishi mumkin, lekin bu bolaga qandaydir yangilikni tanishtirishning yaxshi usuli;
  • tagliklari ikki soat davomida quruq boʻlsa bu – bola siydigini siydik pufagida

ushlay olishi mumkinligini bildiradi (goʻdaklar yoki yangi tugʻilgan chaqaloqlar siydigini tuta olmaydilar).

  • u tagligiga siyganda yoki axlat qilganda soʻzlar yoki imo-ishoralar bilan bildirsa, u bularni bajarishdan oldin aytsa, demak, u tuvakda oʻtirishni oʻrganishga tayyor;
  • unga taglik bilan yurish yoqmay qoladi, u taglik hoʻl yoki iflos boʻlganda tortib, olib tashlashga harakat qiladi;
  • axlat qilishi tartibli, najasi yumshoq va shakllangan boʻlsa;
  • u ichki kiyimini oʻzi yechib va kiyib olishni oʻrganib olsa;
  • “Toʻpni dadaga ber” kabi oddiy koʻrsatmalarni bajara olsa;.
  • uyda barcha narsalarning oʻrni borligini tushunsa, u tuvakda oʻtirishni oʻrganishga tayyor ekanini koʻrsatadi.

Farzandingiz tayyor boʻlganda bu belgilarning barchasi boʻlishi shart emas. Undagi xulq-atvorning umumiy koʻrinishiga eʼtibor berganingizda oʻrgatishni qachon boshlash mumkin ekanini tushunib olasiz.

Tuvak yoki unitazga oʻrgatish uchun tayyorgarlik

Avval bolangizni tuvakka oʻrgatmoqchimisiz yoki unitazgami, aniqlab oling.

Tuvakdan foydalanishning baʼzi afzalliklari bor – uni bir joydan ikkinchi joyga siljitish oson va bolaga tanish, shuningdek baʼzi bolalarga unitaz qoʻrqinchli boʻlib koʻrinmaydi. Farzandingizga qay biri yoqishini aniqlab oling va shunga koʻra harakat qiling. Baʼzi ota-onalar farzandi unitazdan ham, tuvakdan ham foydalanishini ragʻbatlantirishadi.

Ikkinchidan, barcha kerakli narsalar borligiga ishonch hosil qiling. Misol uchun, agar farzandingiz unitazdan foydalanayotgan boʻlsa, oyogʻini qoʻyishi uchun taglik va albatta unitazning oʻtirgichiga mahkam oʻrnatilgan kichik oʻlchamdagi oʻtirgich kerak boʻladi, chunki bolalar unitazning ichiga tushib ketishdan qoʻrqadilar.

Uchinchidan, bolaga tuvakka yoki unitazga oʻtirishni oʻrgatishni oilaviy hayotingizda katta oʻzgarishlar boʻlmaganda rejalashtirgan yaxshi. Oʻzgarishlarga taʼtilda dam olishga ketish, bolalar bogʻchasiga borish, yana farzand koʻrish yoki boshqa uyga koʻchish kiradi. Tuvak yoki unitazga oʻrgatishni bu oʻzgarishlardan oldin yoki keyin boshlash maqsadga muvofiq boʻladi.

Bundan tashqari, sizning va farzandingizning doimiy kun tartibi boʻlsa, tuvakka yoki unitazga oʻrgatish muvaffaqiyatli boʻladi.

Shunda unitaz yoki tuvakdan foydalanish bilan bogʻliq yangi harakatlar, odatdagi kun tartibingizga kiradi.

Tayyorgarlikni qanday qilish boʻyicha maslahatlar:

  • Farzandingizga hojatxonaga borish uchun boradigan soʻzlarni oʻrgating – masalan, “siyaman”, “axlat qilaman” va “hojatxonaga borishni xohlayman”.
  • Farzandingizning tagligini almashtirganingizda, uni tuvakka tashlang, bu bolaga tuvak nima uchun kerakligini tushuntirishning oddiy usuli.
  • Unga yangi his-tuygʻularni sinab koʻrishi uchun tuvak yoki unitazning kichik oʻrindigʻida oʻtirishga imkon bering.
  • Uyda boʻlganingizda kunda bir yoki ikki marta oddiy ich kiyim kiygizing. Bu unga “hoʻl” nima ekanini tushunishga yordam beradi.
  • Farzandingizning ichi qotib qolmasligi uchun ovqatida koʻp miqdorda tolali oziq-ovqat mahsulotlarini (mosh, loviya, sabzi, karam, yashil noʻxat, mevalar) isteʼmol qilishiga va koʻp miqdorda suyuqlik ichishiga ishonch hosil qiling. Ich qotib qolishi tuvakka oʻrgatishni qiyinlashtirishi mumkin.

Tuvakka oʻrgatish tezda amalga oshmaydi, bunga kunlar, haftalar yoki oylar kerak boʻlishi mumkin. Asosiysi, xafa boʻlmang, bolangizni majburlamang va unga oʻz tezligida oʻrganishiga imkoniyat bering. Farzandingiz oʻz vaqtida bu narsani oʻrganib oladi. Va u hozir tuvakka yoki unitazga oʻtirishni oʻrganishga qiziqmasa, kuting, biroz vaqt oʻtkazib, qaytadan harakat qiling.

Tuvak yoki unitazga oʻtirishni oʻrgatishni boshlash

Tuvak yoki unitazga oʻrgatishni uydan chiqishni rejalashtirmagan kundan boshlash maqsadga muvofiq. Ushbu maslahatlarimiz tuvakda yoki unitazda oʻtirishni oʻrgatishga yordam beradi.

Vaqt

  • Bolani tuvakka yoki unitazga u tez-tez axlat qiladigan vaqtda oʻtqizing, masalan, ovqatlanganidan 30 daqiqakeyin yoki choʻmilganidan soʻng. Bu hamma bolalarga ham yordam bermaydi, tuvakka yoki unitazga oʻtirishni haqiqiy oʻrganish bolangiz siyayotganini yoki axlat qilayotganini tushunganda va unga bu jarayonni nazorat qilish qiziq boʻlganda boshlanadi.
  • Farzandingiz hojatxonaga borishi kerak boʻlgan belgilarga eʼtibor bering. Bunday belgilarga holatidagi oʻzgarish, yel kelish, jim boʻlib qolish yoki oʻzi boshqa xonaga kirib ketish kabilar kiradi.
  • Uni tuvak yoki unitazga oʻtqizganingizdan keyin 5 daqiqa oʻtgach, siymasa yoki najas qilmasa, bolangizni oling. Farzandingizni tuvakda yoki unitazda uzoq vaqt oʻtirishga majburlamang, chunki bu unga jazo boʻlib koʻrinishi mumkin.

Farzandingizni ragʻbatlantirish va eslatish

  • Farzandingizni harakat qilgani uchun maqtang (garchi hamma narsa sekin rivojlansa ham), ayniqsa ular muvaffaqiyatli boʻlsa. “Tuvakda oʻtirding. Barakalla! Yaxshi” deb aytishingiz mumkin. Bu unga hamma narsa yaxshi boʻlayotganini tushunishga imkon beradi. Jarayonning navbatdagi har bir qismini oʻzlashtirgandan keyin asta-sekin maqtashni kamaytiring.
  • Kun davomida (lekin tez-tez emas), bolangizdan hojatxonaga borish-bormasligini soʻrang. Ovqatlangandan va kunduzgi uyqudan keyin, suyuqlik ichgandan 15–20 daqiqa oʻtkazib hamda kechki uyqudan oldin ehtiyotkorlik bilan, bolangizga bosim oʻtkazmasdan eslatib qoʻyish yetarli boʻladi.
  • Farzandingiz hojatga borishi kerak boʻlganda bormasa, xafa boʻlmang va bolangizga bildirmang.

Trusilar va kiyim

  • Kechasi va kunduzgi uyqudan tashqari vaqtda taglikdan foydalanishni toʻxtating. Trusilardan yoki tuvakka oʻrgatish uchun maxsus trusilardan foydalanishni boshlang. Bolangizga ichki kiyimni oʻzi tanlashiga ruxsat bering, bu u uchun qiziqarli mashgʻulot boʻlishi mumkin.
  • Farzandingizga yechish oson boʻlgan kiyim kiygizing, masalan, ishton bogʻi rezinadan boʻlgan kalta ishtonlar (kombinezon emas). Issiq havoda, uyda boʻlganingizda bolangizni trusida qoldiring.

Gigiyena

  • Farzandingiz orqa chiqaruv teshigini oʻzi mustaqil artishni oʻrganib olmaguncha oʻzingiz artib qoʻying. Eslab qoling, toza hojatxona qogʻozi bilan oldindan orqaga qarab arting, ayniqsa farzandingiz qiz bola boʻlsa. Farzandingiz aхlat qilgandan keyin orqa chiqaruv teshigi yuvilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.
  • Oʻgʻlingizga siyib boʻlgandan keyin siydik tomchilaridan tozalash uchun jinsiy aʼzosini silkitish va hojatxona qogʻozi bilan artishni oʻrgating. Oʻgʻlingiz oʻtirib siyishni oʻrgansa, bu uning sogʻligʻi uchun foydali boʻladi va ichki kiyimlariga siydik tomchilari tegmaydi.
  • Farzandingizga hojatxonadan keyin qoʻlini sovunlab yuvishni oʻrgating. Bu farzandingiz yoqtiradigan va kundalik hayotining bir qismiga aylanadigan qiziqarli mashgʻulot boʻlib qoladi.

Bolalar 3–4 yosh boʻlganida quruq tagliklar bilan uygʻonadi. Besh yoshli bolalarning har besh nafaridan biri va olti yoshdan katta har 10 boladan biri hali ham tunda taglik ishlatadi. Tunda siydikni ushlab qola olmaslik maktab yoshidagi bolalarda juda keng tarqalgan. Bunday holatda maslahat olish uchun shifokorga murojaat qiling.

Tuvak va unitazga oʻrgatish paytida koʻchaga chiqish kerak boʻlsa nima qilish kerak?

Tuvak va unitazga oʻrgatish paytida, bir necha kunga uyda qolish maʼqulroq, lekin qandaydir vaqtda uydan chiqishingizga toʻgʻri keladi.

Qayerga borsangiz ham, eng yaqin hojatxona qayerda ekanini bilib oling.  Mahalliy savdo markaziga bormoqchi boʻlsangiz, u yerga yetib borganingizda bolangiz hojatga borishni xohlashini soʻrab koʻring. Bu bola yangi joy bilan tanishishiga yordam beradi.

Uydan chiqmoqchi boʻlsangiz, nimadir reja boʻyicha ketmasa, albatta, almashtirish uchun zaxira trusi va kiyimlarni oling. Hoʻl yoki kir kiyimlar uchun plastik paket olib yuring.

Farzandingiz maktabgacha taʼlim tashkilotiga, doʻstlaringiz yoki qarindoshlaringizning uyiga borsa, barchaga bolangiz tuvak yoki unitazda oʻtirishni oʻrganayotganini ayting. Kattalar bolangizga tuvak yoki unitazdan foydalanishda yordam beradi.

Tuvak yoki unitazga oʻrgatish vaqtidagi muvaffaqiyatsizliklar va baxtsiz hodisalar

Hojatxonada siyishni va axlat qilishni oʻrganish vaqt talab etadi. Noqulay vaziyatlar va kutilmagan hodisalar – oʻrganish jarayonining bir qismi.

Farzandingiz noqulay vaziyat tufayli asabiylashsa, bolangizni tinchlantiring va bu muhim emasligini va xavotirlanishga hojat yoʻqligini ayting.

Noqulay vaziyatlarning oldini olishda yordam beradigan maslahatlar:

  • Bolangiz hoziroq hojatxonaga borish kerakligini aytsa, shoshiling. Chunki u haq boʻlishi mumkin!
  • Bolangiz uzoq vaqt siymaganini va axlat qilmaganini bilsangiz, unga tualetga borish kerakligini eslatib qoʻying. Farzandingiz jarayonga shunchalik berilib ketib, kech boʻlgunga qadar hojatxonaga borish kerakligini unutib qoʻyishi mumkin.
  • Oʻynash uzoq vaqt davom etganda, koʻchaga chiqishdan oldin yoki sayr vaqtida hojatxonaga borishga zarurati bor yoki yoʻqligini soʻrang. Agar u xohlamasa, xavotirli joyi yoʻq.
  • Tuvak yoki unitazga borish va undan foydalanish har doim oson boʻlishiga harakat qiling.
  • Farzandingizni yotishdan oldin hojatga borishga oʻrgating.

Tuvakka oʻrgatish siz kutgandan uzoqroq davom etsa, xotirjam boʻling. Farzandingiz vazifalarni bajarganda xursand boʻling, chunki u ertami-kechmi hamma narsani oʻrganib oladi. Haddan tashqari bosim yoki kuchli ruhiy zarba salbiy his-tuygʻularga olib kelishi va bolangiz hojatxonaga borishni xohlamay qolishi mumkin.

Sogʻligʻidagi muammolar

Tuvak yoki unitazga oʻrgatish vaqtida quyidagi belgilarga eʼtibor berish kerak:

  • siyish yoki axlat qilish sonining oʻsishi yoki kamayishi;
  • axlat qilish qiyinligi;
  • axlati juda suyuq va yoki bir xil emasligi;
  • najas yoki siydikda qon boʻlishi (baʼzida siydik loyqa boʻlib koʻrinadi);
  • farzandingiz hojatga borganda ogʻriq sezishi.

Tuvak yoki unitazga oʻrgatish boʻyicha xavotirlaringiz boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashing.