Bolalarda ovqatni hazm qila olmaslik
Ovqatni hazm qila olmaslik
Ovqatni hazm qila olmaslik bu – siz isteʼmol qiladigan ovqatga javob reaksiyasi. Reaksiya tanangiz ovqatni toʻgʻri hazm qila olmasligi sababli yuzaga kelishi yoki oziq-ovqat tarkibidagi kimyoviy moddaning tanangizga taʼsir qilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Baʼzi insonlar oʻzlari hazm qila olmaydigan oziq-ovqat mahsulotlarining oz miqdordagisini muammosiz isteʼmol qiladilar.
Ovqatni hazm qila olmaslik oziq-ovqatga allergiya degani emas. Oziq-ovqat allergiyasi bu – siz yegan ovqatga immun tizimning javob reaksiyasi. Ovqatni hazm qila olmaslik immun tizimingizga taʼsir etmaydi. Oziq-ovqat allergiyasi odatda ogʻirroq kechadi va kasallik belgilari ovqatni hazm qila olmaslikka qaraganda koʻproq boʻladi.
Ovqatni hazm qila olmaslik belgilari
Ovqatni hazm qila olmaslik belgilari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- qorin dam boʻlishi;
- ich ketishi;
- qorindagi ogʻriq;
- bosh ogʻrigʻi;
- ogʻizdagi yaralar.
Ovqatni hazm qila olmaslik belgilari odatda yuzaga tez chiqmaydi. Belgilar hazm qila olmaydigan ovqatni isteʼmol qilganingizdan keyin 2–3 kun oʻtib paydo boʻlishi mumkin.
Bolangizda ovqatni hazm qila olmaslik holati bor deb hisoblasangiz yoki nima uchun bunday belgilar kuzatilishini bilmasangiz, shifokorga murojaat eting.
Ovqatni hazm qila olmaslikning tarqalishi
Quyidagi mahsulotlar ovqatni hazm qila olmaslikning keng tarqalishiga olib keladi:
- laktoza (sut mahsulotlaridagi shakar);
- bugʻdoy;
- oziq-ovqat qoʻshimchalari, glutamat natriy kabi taʼm kuchaytirgichlar;
- fruktoza (mevalar tarkibidagi shakar).
Ovqatni hazm qila olmaslikni tashxislash
Olib tashlash diyetasi ovqatni hazm qila olmaslikni tekshirish uchun keng tarqalgan usul. Bu usulda bolangiz hazm qila olmaydigan mahsulotlar ovqat tarkibidan olib tashlanadi. Oziq-ovqatlarni bittadan, aniq bir muddatga, odatda bir necha hafta davomida isteʼmol qilmaydi. Soʻng qaysi ovqatni hazm qila olmayotganini aniqlash uchun mahsulotni yana bera boshlaysiz.
Fruktoza yoki laktozani hazm qila olmaslikka shubha boʻlsa, shifokorlar nafas sinovidan ham foydalanishlari mumkin. Bunda bola nafas chiqarayotgan havoda vodorod gazining miqdori aniqlanadi. Laktozani hazm qila olmaydigan bolalar nafas chiqarayotgan havoda vodorod miqdori yuqori boʻladi.
Laktozani hazm qila olmaslikni tashxislash baʼzan qiyin boʻlishi mumkin, chunki belgilar oziq-ovqat allergiyasiga oʻxshash boʻladi.
Ovqatni hazm qila olmaslik holatida nima qilish kerak?
Shifokor bolangizga “ovqatni hazm qila olmaslik” tashxisini qoʻygan boʻlsa, unda hazm qila olmaslikka olib keladigan mahsulotni oz miqdorda isteʼmol qilishni yoki bunday mahsulotni butunlay bermaslikni tavsiya qilishi mumkin.
Bolangiz hazm qila olmaslikni keltirib chiqaradigan siz bilgan biror ovqatni isteʼmol qilgan va hazm qila olmaslik belgilari boʻlsa, odatda bu holat oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi. Farzandingizga shoshilinch tibbiy yordam kerak emas.
Agar farzandingizda hazm qila olmaslik belgilari bilan birga diareya boʻlsa, u koʻp miqdorda suyuqlik ichayotganiga ishonch hosil qiling.
Ovqatni hazm qila olmaslik qancha davom etadi?
Yoshi katta boʻlgan sari bolalarda ovqatni hazm qila olmaslik holati oʻtib ketish ehtimoli qandayligi nomaʼlum. Ovqatni hazm qila olmaslik qancha davom etishi ovqatga va bola tanasi aniq bir mahsulotga qanday javob berishiga bogʻliq.
Farzandingizda uzoq vaqt oziq-ovqat allergiyasi kuzatilmayotgan boʻlsa, shifokor yoki diyetolog bilan yana bir bor maslahatlashing. Ular maʼlum bir ovqat mahsulotini hazm qila olmaslik oʻtib ketganini aniqlash uchun bolaning ovqat taomnomasiga ehtiyotkorlik bilan kiritishni taklif qilishi mumkin.