Laktoza “koʻtara olmaslik”: chaqaloqlar va kattaroq yoshdagi bolalar
Laktoza “koʻtara olmaslik” nima?
Laktoza “koʻtara olmaslik” bu – organizm laktozani parchalay olmaganda roʻy beradi. Bu muammo organizmda laktaza fermenti yetishmasligi tufayli yuzaga keladi.
Laktoza – sut tarkibidagi shakardir. U ona sutida va boshqa sut hamda sut mahsulotlarida mavjud. Uning ona suti va sutli aralashmalardagi ulushi 7 foizni tashkil qiladi.
Laktozani parchalaydigan ferment laktaza deb ataladi. Fermentlar oziq-ovqatlarni parchalaydi, shunda organizm ularni oʻzlashtiradi.
Laktoza chaqaloqning salomatligi va rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. U chaqaloqning energiyaga boʻlgan ehtiyojining 40 foizini qondiradi va unga kalsiy hamda temirni oʻzlashtirishiga yordam beradi.
Laktoza “koʻtara olmaslik”ning sabablari
Laktoza “koʻtara olmaslik”ning uchta asosiy sababi bor.
Birlamchi laktaza yetishmasligi (gipolaktaziya)
Bu farzandingizning laktaza fermentlari asta-sekin kamaya boshlaganda sodir boʻladi. Birlamchi laktaza yetishmasligi irsiy va juda keng tarqalgan holat – odamlarning taxminan 70 foizida bu turdagi laktoza “koʻtara olmaslik” kuzatiladi. Uning belgilari besh yoshdan keyin paydo boʻlishi mumkin, lekin odatda oʻsmirlar va yoshlarda uchraydi. Bolalar odatda kundalik ovqat ratsionida oz miqdordagi laktozani oʻzlashtirishlari mumkin.
Tugʻma laktaza yetishmovchiligi (alaktaziya)
Bu chaqaloqlar butunlay laktaza fermentlarisiz tugʻilganda paydo boʻladi. Tugʻma laktaza yetishmovchiligi irsiy, lekin juda kam uchraydigan holat. Bunday laktoza “koʻtara olmaslik” holati bor chaqaloqlarda hayotining birinchi kunidan boshlab jiddiy ich ketishi kuzatiladi. Ular rivojlanishi va oʻsishi uchun tugʻilishidan boshlab maxsus parhezga muhtoj.
Ikkilamchi laktaza yetishmovchiligi
Bolaning ovqat hazm qilish tizimi, yaʼni oshqozon va ingichka ichak shilliq qavatini oʻzgartiradigan gastroenterit kabi infeksiyalar tufayli zararlangan boʻlsa, ushbu yetishmovchilik sodir boʻlishi mumkin. Bunday laktoza “koʻtara olmaslik” turi odatda bir necha haftadan soʻng oʻtib ketadi.
Glyuten “koʻtara olmaslik” kabi kasalliklar ham, ikkilamchi laktoza “koʻtara olmaslik”ka olib kelishi mumkin. Ushbu kasalliklarni nazorat qilish uchun zarur choralar koʻrilgandan soʻng ushbu muammo hal boʻladi.
Laktoza “koʻtara olmaslik”ning umumiy belgilari
Chaqaloqlarda va katta yoshli bolalarda laktoza “koʻtara olmaslik”ning belgilariga quyidagilar kiradi:
· gazlar (meteorizm/qorin dam boʻlishi, kekirish)
· qorin ogʻrigʻi va shishishi
· diareya
Baʼzida laktoza “koʻtara olmaslik” sigir suti allergiyasi kabi oziq-ovqat allergiyasi bilan adashtiriladi. Oziq-ovqat allergiyasining baʼzi tarqalgan belgilariga qusish, diareya paytida qon yoki shilliq ajralishi, eshakyemi kabi toshmalar va koʻz atrofidagi shish kiradi, bular laktoza “koʻtara olmaslik” belgilariga kirmaydi. Bolada bunday belgilar kuzatilsa, tekshirtirish uchun shifokoringizga murojaat qilishingiz kerak.
Laktoza “koʻtara olmaslik”ni aniqlash
Laktozani “koʻtara olmaslik” belgilari oʻtib ketadimi, yoʻqmi, tekshirish uchun bolaning ovqat ratsionidan laktozani oʻz ichiga olgan mahsulotlarni chiqarib tashlash usuli. Laktoza tutuvchi ovqatlar qayta kiritilgandan keyin belgilar yana paydo boʻlsa, unda bolada laktoza “koʻtara olmaslik” ehtimoli borligini koʻrsatadi.
Laktoza “koʻtara olmaslik” va oziq-ovqat allergiyasining baʼzi alomatlari oʻxshash boʻlgani uchun, laktoza “koʻtara olmaslik”ni aniqlash baʼzida murakkab boʻlishi mumkin.
Davolash: chaqaloqlarda laktoza “koʻtara olmaslik”
Tugʻma laktaza yetishmovchiligi
Chaqalogʻingizda tugʻma laktaza yetishmovchiligi boʻlsa, shifokor farzandingiz uchun davoni belgilaydi. Xavotir olmang, bu kasallik juda kam uchraydi.
Ikkilamchi laktaza yetishmovchiligi
Emiziladigan bolada gastroenteritdan kelib chiqqan ikkilamchi laktaza yetishmovchiligi boʻlsa, uni emizishda davom etish kerak.
Chaqalogʻingiz sunʼiy oziqlanadigan boʻlsa yoki unga sutli aralashmalarni berishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, past laktozali yoki laktozasi boʻlmagan sutli aralashmasiga oʻtishdan oldin, shifokor yoki dietolog bilan maslahatlashing.
Davolash va nazorat qilish: katta yoshdagi bolalarda laktoza “koʻtara olmaslik”
Katta yoshli farzandingizga laktoza “koʻtara olmaslik” tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, uning ovqat ratsionini koʻrib chiqish kerak. Ammo tarkibida laktoza tutgan mahsulotlardan butunlay voz kechishning hojati yoʻq, bolaga boshqa mahsulotlar bilan birga kun davomida ularni oz miqdorda isteʼmol qilishiga ruxsat beriladi. Quyidagi ovqatlanish va parhez boʻyicha maslahatlardan foydalanishingiz mumkin.
Laktoza “koʻtara olmaslik”da qanday ovqatlarni isteʼmol qilish mumkin:
· Tayyorlash muddati 30 kun yoki undan ortiq boʻlgan har qanday pishloq; laktoza miqdori juda past boʻlgan pishloqlar – feta, gauda, motsarella, parmezan (pishloq turlari) va boshqalar
· yogurt – yogurt tarkibidagi bakteriyalar laktozani parchalaydi, shuning uchun odatda u bolaga toʻgʻri keladi
· kalsiy bilan boyitilgan soya mahsulotlari – soya suti
· laktozasiz sigir suti
· sariyogʻ va qaymoq – ular tarkibida oz miqdorda laktoza boʻladi va odatda isteʼmol qilinadi
· non, yormalar, mevalar, sabzavotlar, goʻsht va boshqa oqsilli mahsulotlar
· yogʻi olinmagan sut – uning tarkibidagi yogʻ bolaning organizmida laktozaning uzoqroq hazm boʻlishiga imkon beradi.
Bu mahsulotlardan ehtiyot boʻling:
· sutli muzqaymoq va sutli shirinliklar
· qaymoqli pishloq, yumshoq (eritilgan) turdagi pishloqlar
· sut qoʻshilgan kartoshkali va sabzavotli pyure
Har doim quyidagi mahsulotlarning tarkibini tekshiring:
· pechenye, pishiriqlar va pishiriq uchun aralashmalar
· shoʻrvalar
· mayonez
· sutli shokolad
Farzandingizga laktozani parchalaydigan tabletka yoki tomchilarni berishdan oldin shifokoringiz bilan maslahatlashing.