Qusish/qayt qilish

Bolalar kasal boʻlganda kattalarga qaraganda koʻproq qusadi. Bolalar odatda qusishdan keyin juda tez tiklanadi. Qusish bilan bogʻliq asosiy xavflardan biri suvsizlanishdir. Farzandingiz koʻp miqdorda suv yoki ogʻizdan ichiriladigan tuzli eritma (oral regidratatsion vosita – ORV) suyuqliklarini qabul qilishiga ishonch hosil qiling. Farzandingiz oʻzini yaxshi his qilmayotganidan xavotirda boʻlsangiz, shifokorga murojaat qiling.
Body

Kichkintoylarda, katta yoshdagi bolalarda va oʻsmirlarda qusish

Bolalar nega qusishining koʻp sabablari bor, lekin eng koʻp tarqalgani gastroenterit (oshqozon va ingichka ichakning yalligʻlanish kasalligi) va baʼzida shamollash kabi yengilroq kasalliklar hisoblanadi.

Qusishning boshqa sabablariga transportda chayqalish, siydik yoʻllari infeksiyalari va appenditsit yoki meningit, ichak tutilishi yoki bosh jarohati kabi jiddiyroq kasalliklar kiradi.

Baʼzi qusish turlari odatiy hisoblanadi. Masalan, chaqaloqlar emizishdan keyin oz miqdordagi sutni qusishadi. Bu holat “reflyuks” deb ataladi.

Bolalarda qusish juda tez-tez uchraydi. Bu yoqimsiz his-tuygʻularni keltirib chiqarib, sizni hamda farzandingizni qoʻrqitadi. Koʻp hollarda qusishdan keyin bolalar juda tez oʻziga kelishi sizni biroz tinchlantirishi mumkin.

Qusish bilan bogʻliq belgilar

Qusayotgan bolalarda koʻpincha qorin ogʻrigʻi, diareya (ich ketishi) va koʻngil aynishi kuzatiladi.

Suvsizlanish, ayniqsa, yosh bolalarda qusishning jiddiy xavflaridan biridir. Suvsizlanish belgilariga siyishning kamayishi (chaqaloqlarda hoʻl tagliklar soni kamayadi), koʻzlarning kirtayishi, chanqoqlik, vazn kamayishi, charchoq va boʻshashish / lanjlik kiradi.

Farzandingizda qusish boʻlsa, shifokorga koʻrsatish kerakmi?

Ha, shifokorga murojaat qiling, chunki bu jiddiy kasallikning belgisi boʻlishi mumkin. Agar quyidagi belgilar farzandingizda boʻlsa, shifokorga murojaat qiling yoki darhol tez yordam chaqiring (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling):

  • har qanday ovqat yoki suyuqlikdan soʻng qayta-qayta qusish;
  • qon aralash qusish;
  • gʻayrioddiy xatti-harakatlar, masalan, juda boʻshashish / lanjlik, karaxtlik yoki bezovtalik;
  • qusish bilan birga: nafas olishda qiyinchilik, diareya, yuqori isitma, kuchli qorin ogʻrigʻi, boshning ensa qismidagi ogʻriqlar tufayli boʻynini buka olmaslik;
  • bolada suvsizlanish bor deb hisoblasangiz – u siymaydi yoki odatdagidan kamroq siyadi, rangpar, koʻzlari kirtaygan, qoʻllari va oyoqlari sovuq, uyqusiragan yoki injiq;
  • bolada qusish bilan birga kuchli yoki doimiy qorin ogʻrigʻi bor;
  • bosh jarohatidan keyin qusish;
  • bola dorilar, maishiy kimyoviy moddalar va boshqa xavfli kimyoviy moddalar bilan zaharlangandan keyin qusishi;
  • bolangizning ahvoli yomonligidan xavotirdasiz.

“Fantansimon” qusish

“Fantansimon” qusish bu – yosh bolalarda oshqozon tarkibidagi narsalarning katta kuch bilan chiqarib yuborilishidir. Bu pilorostenoz (oshqozonning pilorik qismining torayishi) deb ataladigan jiddiy kasallik bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Agar farzandingizda tez-tez uchraydigan va oʻtib ketmaydigan “fantansimon” qusish boʻlsa, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qilishingiz kerak.

Siz farzandingizni hammadan yaxshiroq bilasiz, shuning uchun uning ahvoli yomon boʻlib koʻrinmasa, oʻz sezgingizga ishoning. Farzandingizga jiddiy shoshilinch tibbiy yordam kerakligini koʻrsatadigan belgilarga kuchli ogʻriq, uyquchanlik, teri rangparligi yoki koʻkimtirligi, suvsizlanish, nafas olishning qiyinligi, xurujlar va sezuvchanlikning pasayishi kiradi.

Qusishni davolash

Agar farzandingiz qusayotgan boʻlsa, eng muhimi, unga tez-tez, oz-ozdan suyuqlik ichirish kerak – masalan, har 5–10 daqiqada bir necha qultum ichirish. Suv yoki ogʻiz orqali regidratasiya suyuqligi eng yaxshi vositalar hisoblanadi. Bular suvsizlanishning oldini olishga yordam beradi. Farzandingiz yetarlicha suyuqlik ichishini bilish uchun u qanchalik siyishini kuzatish zarur.

Shuningdek, bolani tinchlantirish va unga dalda berish kerak.

Bolalarda qusishni toʻxtatish uchun retsepsiz sotiladigan dorilardan foydalanmaslik lozim. Ushbu dorilarning nojoʻya taʼsirlari juda jiddiy boʻlishi mumkin. Baʼzida shifokorlar qusishni toʻxtatish uchun toʻliq tibbiy koʻrikdan soʻnggina dori-darmonlarni buyuradi.

Agar chaqalogʻingiz gastroezofageal reflyuksdan aziyat chekayotgan boʻlsa, turli davolash usullari yordam berishi mumkin. Ammo birinchi navbatda shifokor bilan maslahatlashish kerak.