Glyuten koʻtara olmaslik (seliakiya)
Glyuten koʻtara olmaslik haqida
Glyuten koʻtara olmaslik (seliakiya) bu – autoimmun kasallikning bir turidir. Autoimmun tananing oʻziga oʻzi notoʻgʻri hujum qilishini anglatadi. Seliakiyada bugʻdoy, javdar, arpa va joʻxori tarkibida glyuten deb ataladigan oqsil hujum qiluvchi omil boʻlib hisoblanadi.
Seliakiya tukchalar bilan qoplangan ingichka ichakning shilliq qavatiga taʼsir qiladi. Tukchalar ichak shilliq qavatidan chiqib turadigan mayda barmoqchalarga oʻxshaydi. Agar bolada seliakiya kasalligi boʻlsa, glyuten tutuvchi ovqatlarni isteʼmol qilish ushbu tukchalarga zarar yetkazadi. Agar tukchalar shikastlangan boʻlsa, bolaning tanasi ozuqa moddalarini toʻgʻri oʻzlashtira olmaydi.
Glyuten koʻtara olmaslik, 70–100 odamdan 1 nafarida uchraydi. Ushbu kasallikka bolalar ham, kattalar ham har qanday yoshda chalinishi mumkin. Bolalarda u taxminan olti oylikdan boshlab, glyuten tutuvchi ovqatlar ularning ratsioniga kiritilganida paydo boʻlishi mumkin.
Glyuten koʻtara olmaslikning sabablari
Glyuten koʻtara olmaslik nasliy oʻtishi ham kuzatiladi. Kasallikka chalingan odamlar ota-onalarning biridan yoki ikkalasidan ham nasliy orttirishlari mumkin. Bu esa uning rivojlanish ehtimolini oshiradi. Ammo bu genlarga ega boʻlgan barcha insonlarda mazkur kasallik rivojlanishi kuzatilmaydi.
Agar bolaning otasi yoki onasi, yoki opa-ukalaridan biri seliakiya kasalligiga chalingan boʻlsa, bolada ham bu kasallikka chalinish ehtimoli taxminan 10 foizni tashkil qiladi.
Glyuten koʻtara olmaslikning belgilari va alomatlari
Farzandingizda glyuten koʻtara olmaslik boʻlsa, belgilar va alomatlar roʻyxati juda sezilarli boʻlishi mumkin:
- koʻngil aynishi va qayt qilish;
- diareya;
- ich qotishi/qabziyat;
- ishtahaning pasayishi;
- qorin ogʻrishi;
- ogʻizda yaralar;
- temir tanqisligi;
- kamqonlik;
- oʻsishning kechikishi yoki kech balogʻatga yetish;
- vazn yoʻqotish;
- charchoq va asabiylashish.
Agar seliakiyaga eʼtibor berilmasa, u sogʻliqdagi uzoq muddatli muammolarga, jumladan, ovqat hazm qilishning buzilishi, kam vazn qoʻshish, laktoza koʻtara olmaslik, osteoporoz, artrit, jigar kasalligi, epilepsiya, bepushtlik va saratonga olib kelishi mumkin.
Seliakiya kasalligida qachon pediatrga murojaat qilish kerak?
Agar siz yuqorida koʻrsatilgan alomatlardan birini sezsangiz va ularning sababini tushuntirib boʻlmasa yoki bu alomatlar ikki haftadan koʻproq davom etsa, farzandingizni pediatrga koʻrsatish zarur.
Seliakiya kasalligini aniqlash
Seliakiya kasalligini aniqlash qon tahlilidan boshlanadi. Agar farzandingizda bu kasallikka xos antitanachalar koʻp boʻlsa, pediatr uni gastroenterologga yuboradi.
Gastroenterolog bolangizda kasallikning borligini tasdiqlash uchun gastroskopiya oʻtkazadi.
Baʼzi hollarda farzandingizda seliakiya kasalligiga olib kelishi mumkin boʻlgan genlar borligini aniqlash uchun qoʻshimcha qon tahlili oʻtkazilishi mumkin. Agar boshqa tahlillarning natijalari noaniq boʻlsa, bunday muolaja zarur boʻladi.
Seliakiya kasalligini davolash
Hozirgi vaqtda seliakiya kasalligining davosi yoʻq. Ammo buni qatʼiy, umrbod glyutensiz parhezga rioya qilish orqali boshqarish mumkin.
Farzandingiz tarkibida glyuten boʻlgan taomlarni isteʼmol qilishni toʻxtatgandan soʻng uning ingichka ichaklari tiklanadi va holati yaxshilanadi. Odatda bu bir necha kun yoki hafta ichida roʻy beradi.
Seliakiya kasalligida salomatlikni saqlash
Farzandingizning ratsionidagi oz miqdordagi glyuten ham uning ingichka ichaklaridagi tukchalarga zarar yetkazishi ehtimoli bor. Garchi unda har doim ham alomatlar yoki belgilar kuzatilmasligi mumkin. Shuning uchun glyutensiz parhezga rioya qilish juda muhimdir. Bolaning ratsionidan glyuten tutgan ovqatlarni chiqarib tashlash shart.
Glyuten bugʻdoy, javdar, arpa va joʻxori tarkibida boʻladi, shuning uchun siz ushbu mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni taomnomadan istisno qiling. Bu mahsulotlarga quyidagilar kirishi mumkin:
- non;
- pirojniylar;
- pechenye;
- quruq nonushta;
- pitsaning nonli qismi;
- makaron mahsulotlari;
- qandolat mahsulotlari;
- maydalangan non asosida tayyorlangan taomlar.
Farzandingizga tashxis qoʻyilganda bola uchun glyutensiz parhezni qanday boshqarish boʻyicha dietolog shifokor bilan maslahatlashish muhim.
Boshqa muhim qadamlarga quyidagilar kiradi:
- glyutensiz mahsulotlarni uyda alohida saqlash;
- barcha oziq-ovqat mahsulotlarining yorliqlarini oʻqish;
- koʻchada ovqatlanayotganda glyutensiz parhezni unutmaslik.
Oʻrnini bosuvchi oziq-ovqat turlarini izlashga harakat qiling: masalan, glyutensiz ovqatlarni tayyorlash boʻyicha koʻplab kitoblar bor, ulardan parhezning xilmaxilligini taʼminlash uchun yangi gʻoyalarni topish mumkin. . Siz dietolog shifokordan baʼzi ishonchli retseptlar, kulinariya kitoblari va veb-saytlarni tavsiya qilishini soʻrashingiz foydadan xoli emas. Baʼzi bolalar va kattalar sulini muammosiz isteʼmol qilishlari mumkin.
Farzandingizda glyuten koʻtara olmaslik boʻlsa ham, u muvozanatli va toʻyimli ovqatlanishi mumkin.