3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni toʻgʻri ovqatlantirish

Toʻgʻri ovqatlanish bolangizning yaxshi oʻsishi va rivojlanishi uchun eng muhim shartlardan biridir. 3 yoshdan 5 yoshgacha davrda bolaning oʻsishi susayadi, lekin nima ozuqa yeyishi, qachon va qanday ovqatlanishi hali ham uning sogʻligʻi uchun juda muhimdir. Bu davrdan sogʻlom ovqatlanish odatlari va koʻnikmalarini shakllantirish uchun foydalanish kerak.
Body

Hayotining ikkinchi yilida siz bolaning ovqatlanish ehtiyojlari, unga tayyorlanadigan ovqatlarni pishirish usullari haqida bilib oldingiz, bolangizning odatlarini oʻrgandingiz va yuzaga kelgan katta qiyinchiliklarni yengib chiqdingiz. 

Maʼlum boʻlishicha, uchinchi yildan boshlab ota-onalarning eʼtibori koʻproq bolaning boshqa ehtiyojlari va mashgʻulotlariga qaratiladi. Yodingizda tuting, toʻlaqonli ovqatlanish hali ham bolaning oʻsib-ulgʻayishiga va uning toʻliq rivojlanishiga koʻmaklashuvchi asosiy omillardan biridir. Toʻgʻri ovqatlanish – insonning keyingi hayoti davomida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan semirish, diabet, yurak va qontomir kasalliklari kabi sogʻliq bilan bogʻliq muammolarining oldini olishda eng ahamiyatli jarayondir.

Bola nimani va qancha yeyishi kerak?

  • Ikki yoshdan besh yoshgacha bolalar odatda yiliga yetti santimetrga oʻsadi va ikki kilogrammgacha vazn qoʻshadi. Ikki yoshdan keyin (toʻrt yoshgacha) bola meʼyorda oʻsishi va vazn qoʻshishi uchun 24 soat ichida 1300 kaloriya isteʼmol qilishi kerak. Ammo kaloriya ehtiyojlari, bolaning faolligiga, shuningdek, tuzilish va metabolizmga qarab farq qiladi. Shuni hisobga oling. Agar farzandingiz siz kutgan darajada koʻp miqdorda ovqatlanmasa, tashvishlanmang.
  • Bu yoshda ishtaha oʻzgaruvchan, baʼzi davrlarda u yuqori boʻladi, lekin bola charchaganida yoki hayajonlanganda koʻpincha susayadi. Bolalar ular uchun alohida tayinlangan qoshiq, piyola va likobchadan ovqat yeyishni yaxshi koʻrishadi. Bolalar likobchadan foydalanganda unga mos keladigan ovqat hajmini aniqlash siz uchun ham osonroq boʻladi.
  • Bolaga oziq-ovqatning besh xil guruhiga tegishli turli taomlarini taklif qilish kerak. Tana harakati va miya sogʻlom rivojlanishi uchun turli xil oziq moddalar zarur. Ushbu yoshdagi bolalar taomining asosi kattalar ovqatlariga oʻxshaydi, ammo ularning miqdori sezilarli darajada farq qiladi.
  • Hayotining ikkinchi yilidan soʻng toza sut oʻrniga 2% yogʻli sut yoki yogʻsizlantirilgan sutni taklif qilish mumkin, uning miqdori taxminan 500 ml bilan cheklanishi kerak (mol sutiga allergiya kuzatilmasa). Kuniga 120 ml gacha sharbat bering.
  • Agar bolangiz yangi uzilgan meva, sabzavot va don mahsulotlarini koʻp isteʼmol qilsa, bu yoshdagi bolaga qoʻshimcha vitaminlar kerak boʻlmaydi.
  • Mumkin boʻlmagan ovqatlanish odatlari: shisha yordamida ovqatlanish, koʻp miqdordagi shirinliklar, quyuq sharbatlar, shirin yormalar, chipslar, konfetlar.

Bola qachon va qanday ovqatlanishi kerak?

  • Kundalik menyu tez-tez va yoshiga mos hajmdagi mayda ovqatlardan iborat boʻlishi kerak (odatda uchta asosiy ovqatlanish va ular oʻrtasida ikki marta tamaddi). Farzandingiz har kuni uchta teng hajmdagi ovqatga ega boʻlishi kerak, ularni oʻtkazib yubormaslik yoki birlashtirmaslik zarur. Ovqatni har kuni taxminan bir vaqtda berish talab etiladi.
  • Nonushta bola uygʻonganidan keyin, birinchi soat ichida berilishi kerak. Bu yangi kunni boshlash uchun bolaga zarur energiya beradi. Uyda nonushta qilishni odat qilgan bolalar oshxona, kafe va novvoyxonalarning taomlarini unchalik xush koʻrmaydilar.
  • Boshqa taomlar ikki-uch soatlik oraliq bilan beriladi. Kunning oxirgi ovqatlanishi yotishdan kamida bir soat oldin boʻlishi kerak.
  • Bolangizning menyusini yangi gʻoyalar va ovqat tayyorlash usullari bilan boyitishga harakat qiling. Bolalar rang-barang, oʻziga jalb etiladigan taomlarni yaxshi koʻradi.
  • Ovqatlar orasida tamaddi ham taklif qilish kerak, chunki bolaga faqat uchta asosiy ovqatlanish orqali kerakli kaloriya va ozuqaviy moddalarni yetkazib berish qiyin. Tamaddi yangi ovqatni kiritish uchun ham qulay, chunki koʻpincha bola yangi taomni dastlab shunchaki xoʻrak sifatida qabul qiladi.

Bolalikda shakllangan sogʻlom ovqatlanish odatlari butun hayot davomida saqlanib qoladi

Hayotimizning dastlabki yillarida oʻrgangan odatlarimiz bizga butun umr hamrohlik qiladi. Shuning uchun bolangizga sogʻlom ovqatlanish odatlarini oʻrgatish nafaqat koʻplab kasalliklarning rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi, balki bolaning toʻgʻri oʻsishi va rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadigan koʻplab salbiy omillarni yoʻqotishda beqiyos ahamiyatga egadir. Bolaga berishimiz mumkin boʻlgan eng qadrli sovgʻalardan biri ovqatni toʻgʻri tanlashni oʻrgatishdir.

Ovqatlantirish ovqatdan koʻra muhimroq jarayondir.

Siz quyidagilarni aniqlaysiz:

  • Bola nimani isteʼmol qiladi – barcha turdagi mahsulotlar: yormalar, meva, sabzavot, goʻsht, baliq, tuxum, sut va sut mahsulotlari.
  • Kim bolani faol ovqatlantiradi va ovqatlanishni nazorat qiladi (buni kattaroq yoshdagi bolalarga topshirish mumkin emas!).
  • Bola ovqatlanadigan vaqt. Nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik, peshindan keyingi tamaddi, kechki ovqat. Bolaga xavfsizlik hissini beradigan odatlar va tartiblar kerak.
  • Bola qayerda ovqatlanishi. Stol atrofida, kichkina oʻrindiqda, katta kursida. Ovqatlanish vaqtida oila aʼzolarini iloji boricha koʻproq toʻplang.

Bola belgilaydi:

  • Unga taklif qilinayotgan taomni yeyish yoki yemaslikni. Agar bolangiz “yoʻq” deb aytsa, bola qabul qilmaydigan ovqatning bir qismini yana (oʻn martagacha) taklif qiling. Ehtimol, boshqa biron-bir shaklda, u isteʼmol qilishni yoqtiradigan boshqa oziq-ovqat bilan aralashtirilgan holda taklif qilish mumkin. Shuningdek, oʻzingizni sabr-toqatli boʻlishga tayyorlang.
  • Qancha ovqat yeyishini. Likobchaga ozroq taom soling, keyin kerak boʻlsa, yana qoʻshing. Bolani likobchadagi barcha taomni yeyishga majburlamang. Kichik yoshdagi bolaga barmoqlari bilan ovqatlanishga, kattaroqlariga qoshiq va piyoladan foydalanishni oʻrgating.

Bolangiz toʻgʻri oʻsishi, rivojlanishi va yaxshi odatlarni shakllantirishi uchun nafaqat nimani va qancha miqdorda yeyishi, balki qachon, qanday va qayerda ovqatlanishi, bolani kim ovqatlantirishi yoki nazorat qilishi muhim ahamiyatga ega. Ikki yoshga yetgach, farzandingizda motorika qobiliyatlari yetarlicha rivojlanadi, endi u hech kimning yordamisiz ovqatlana oladi, buning uchun unga imkon berish kerak. Siz bolalar baʼzida stol atrofida hosil qiladigan tartibsizliklarga sabr-toqat qilishingiz kerak. Ularga yaxshi odob-axloqni koʻrsatishda davom eting, bola sizdan oʻrganadi. Bu yoshdagi bola nimani yoqtirishi va nimani yoqtirmasligini aniqlab olishi kerak, bu sizdan qatʼiylikni talab qilishi mumkin. Shu va shunga oʻxshash sabablar koʻpincha ovqatlanish vaqtini kechiktiradi.

Uch yoshida bola qoshiq va vilkani ishlatishni biladi. U yaxshi koʻrgan taomlarini (koʻpincha shirinliklarni) qidiradi va bir necha kun ketma-ket bir xil ovqatni talab qilishi mumkin. Bolalar oshxonada yordam berishni va “ovqat pishirish” oʻyinini yaxshi koʻradilar. Bolangizni yoshligidan dasturxon atrofida ovqatlanishga, har bir luqmani chaynashga va ogʻzida ovqat boʻlagi boʻlganida hech qachon shoshilmaslikka va gapirmaslikka oʻrgating. Agar farzandingiz oila aʼzolari bilan birga dasturxon atrofida ovqatlanishdan zavqlana boshlasa, ovqatlanish ham muloqot qilish, ham oila davrasida yoqimli dam olish vaqti ekanini bilib oladi.

Farzandingizga oʻrnak boʻling! Bolalar ularga nima deyishimiz va maslahat berishimizdan qatʼi nazar, ota-onalari va oilala aʼzolarining odatlariga, ularning xulq-atvoriga taqlid qiladilar. Bolalarning sogʻlom ovqatlanishi haqida gʻamxoʻrlik qilish oilaning ovqatlanish odatlarini qayta koʻrib chiqish va bu borada ijobiy oʻzgarishlar qilish uchun ham imkoniyatdir. Kichik qadamlar tashlash va ularni kundalik odatlarimizga singdirib borish osonroq. Kichik oʻzgarishlar oilangiz sogʻligʻi masalasida katta muvaffaqiyatlar olib keladi. Natijalarni koʻrib, hayratga tushishingiz ham mumkin.