Sunʼiy ovqatlantiriladigan bolalar uchun tavsiya etiladigan oziq-ovqatlar
Sunʼiy oziqlanadigan bolalar boshqa oziq-ovqatlarni biroz oldinroq, 5 oyligidan boshlab isteʼmol qilishlari kerak (17-haftadan oldin emas, 24-haftadan kech emas). Sutli aralashmalar endi bolaning ehtiyojini toʻliq qondira olmaydi va u boshqa ovqatlarga qiziqa boshlaydi. 5 oylik boʻlgach ovqat hazm qilish, shuningdek, harakatlanish tizimi funksiyalari yetiladi va bolaga yarim quyuq hamda quyuq ovqatlarni berish mumkin boʻladi.
Sut
- Sutli aralashmalar sunʼiy oziqlanadigan bolalar uchun dastlabki yilda asosiy oziq-ovqat boʻlib qoladi.
- Sutli aralashmalar bilan oziqlanadigan bola hayotining ikkinchi yili davomida har kuni ikki piyola sut isteʼmol qilishi kerak.
- Sigir suti birinchi yil davomida bolaga tavsiya etilmaydi (bu qoʻy va echki sutiga ham tegishli). Albatta, bolaga pishirilmagan / pasterizatsiya qilinmagan sut berish tavsiya etilmaydi.
- Sut mahsulotlari (quyuq va suyuq qatiq, pishloq) oqsil va kalsiyning asosiy manbai boʻlib, 7–8 oylik va undan katta bolalarga berilishi mumkin. Sut mahsulotlarini saqlash alohida eʼtibor talab etadi, chunki ular tez buziladi va saqlash muddati qisqa boʻladi.
- Oʻsimliklardan tayyorlangan ichimliklarni (soya, guruch yoki bodom sutini) goʻdaklar uchun asosiy sut sifatida tavsiya etilmaydi, chunki ular ozuqaviy ehtiyojlarni qondirmaydi.
6 oylikdan 8 oylikkacha
- Koʻkrak suti bilan oziqlanmaydigan goʻdaklarga emizikli bolalar kabi bir xil miqdorda ovqat va tamaddi kerak boʻladi, bundan tashqari, har kuni yana bitta qoʻshimcha ovqatlantirish talab qilinadi.
- 6 oylikdan keyin bolaga suv ichirib koʻring, lekin majburlamang. Bir yosh boʻlgunga qadar qaynatilgan iliq suv bering.
9 oylikdan 11 oylikkacha
- Koʻkrak suti bilan oziqlanmaydigan bolalarga emadigan bolalar kabi bir xil miqdorda ovqat va tamaddi kerak boʻladi, bundan tashqari, har kuni ikki marta qoʻshimcha ovqat ham berish kerak. Suv ichirishni ham unutmang (qaynatilgan iliq suv yoki gazsiz mineral suv).
12 oylikdan 23 oylikkacha
- Koʻkrak suti bilan oziqlanmaydigan bolalarga emadigan bolalar kabi bir xil miqdorda ovqat va tamaddi zarur boʻladi, shuningdek, ular har kuni ikki mahal ovqatlanishi va ikki piyola sut isteʼmol qilishi lozim.
- Suv berishni unutmang!
- Oziq-ovqat miqdori, uni tanlash, pishirish va oziqlantirish boʻyicha tavsiyalar sunʼiy oziqlanadigan va koʻkrak suti bilan oziqlanadigan goʻdaklar uchun bir xil.
Hozirjavob ovqatlantirish
Farzandingizni kuzating va uning ishoralariga javob bering. Bolaga yana ovqat berishdan oldin ovqatni tugatishini kuting. U toʻyganini bildirsa, ovqatlantirishni toʻxtating. Bolaga pyuresimon ovqatni hech qachon shisha va soʻrgʻich orqali bermang!!! Bu usul ortiqcha kaloriya isteʼmol qilish va semirib ketish, shuningdek, bola tishlari oʻsayotgan davrda kariyes xavfini sezilarli darajada oshiradi. 9 oylikdan 12 oylikkacha boʻlgan aksariyat bolalar oʻzlari ikkala qoʻl bilan ushlab, kosadan yeb-ichishlari mumkin. Bola tugʻilgan kundan boshlaboq shisha va soʻrgʻichdan foydalanishni toʻxtatishga harakat qiling.