Ijodiy taʼlim va kichkintoylarning rivojlanishi: nima kutish kerak?

Ijodiy oʻyin bolalarning hissiy, jismoniy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishiga yordam beradi. Tajriba, kashfiyot, sinov va ijodkorlik kichkintoylar uchun ijodiy oʻyinning eng muhim qismlaridir. Kichkintoylar drama, sanʼat va hunarmandchilik, musiqa, tovushlar va raqs orqali oʻrganishlari hamda rivojlanishlari mumkin.
Body

Ijodiy oʻyin: nega bu kichkintoylarning oʻrganishlari va rivojlanishlari uchun muhim?

Drama, musiqa, raqs va tasviriy sanʼat bolalarda ijodkorlik va tasavvurning rivojlanishini ragʻbatlantiradi. Bunday mashgʻulotlar yosh bolalarga kashfiyot va tadqiqotlar orqali his-tuygʻularini rivojlantirishga ham yordam beradi. Ular bolalarga dunyoni qanday koʻrishlarini va oʻzlarining undagi oʻrnini ifodalash imkonini beradi.

Kichkintoylar his-tuygʻularini ifodalash uchun ijodiy oʻyinlardan foydalanishlari mumkin. Ular har doim ham nima sababdan jahllari chiqayotganini, tushkunlikka tushganini, baxtiyorligini yoki qoʻrqqanini aytib bera olmaydi. Lekin yaxshi muhitda ular boʻyoqlar, ranglar, harakatlar, yuz ifodalari, dramatik imo-ishoralar, qoʻshiq aytish yoki raqsdan foydalangan holda bu hissiyotlarini ifodalash uchun faoliyat va tajribalarni qoʻllashi mumkin.

Ijodiy oʻyin bolalarga biror-bir faoliyatni turli gʻoya va usullar orqali sinab koʻrish imkonini beradi. Bunda eng muhimi yakuniy natija emas, balki vazifaning bajarilish jarayonidir.

Kichkintoylarning ijodiy oʻrganishlari va rivojlanishlari boʻyicha gʻoyalarimiz bolangiz bilan qiziqarli va ijodiy faoliyatni boshlashingizga yordam beradi.

Drama orqali oʻrganish va rivojlanish

Bolalar uchun dramatik oʻyin bu boshqalar bajargan ishlarni kuzatgan holda uni takrorlashdir. Masalan, kichkintoyingiz qoshiqdan telefon sifatida foydalanib gaplashishi yoki oʻzini supermarketdagiday his qilib, “mahsulotlarni” chelakka solishi mumkin. Bunday dramatik oʻyin tasavvurni rivojlantiradi.

Bolangiz, ehtimol, “Nimaga?” deb soʻrashni yoqtirar. Dramatik oʻyin esa unga savollariga javob topishda yordam beradi. Shuningdek, bu unga savol va muammolariga noodatiy va ijodiy javoblar topishga yordam berishi ham mumkin. Masalan, kichkintoyingiz oʻzini mashina haydayotganday tutsa, u qayerga ketayotganligini, mashinada yana kimlar borligini, svetofor   qaysi rangda ekanini ham tasavvur qilishiga toʻgʻri keladi.

Tasviriy sanʼat va hunarlar yordamida oʻrganish va rivojlanish

Bolalar barmoqlari bilan chizishni, yopishtirishni, rasmlar boʻyashni, qogʻozni buklash va yirtishni, shuningdek, plastilindan haykallar yasashni yoqtiradi. Quyidagi mashgʻulotlar biroz tartibsiz boʻlishi mumkin, lekin yaxshi samara beradi:

– yangi teksturalarga oʻrganish (nam, shilimshiq, yopishqoq);

– boʻyoq va qogʻozni qanday ishlatishni va ular yordamida nima qilish mumkinligini bilish;

– qalamni ushlay olish va qaychidan foydalanish singari mayda motorikaning barcha turlarini rivojlantirish;

– oʻz fikr, kechinma va gʻoyalarini ifoda etish.

Bola yaratgan mahsulot mukammal yoki ideal koʻrinishda boʻlishining ahamiyati yoʻq. Muhimi bola oʻzining ijodiy mayllarini tadqiq qilishi, oʻzini ifoda etishi va biror narsa yaratishidir. Kichkintoyingiz hali ham shakl va chiziqlarni oʻrganayotgan boʻlsa, uning chizgan suratida siz lagʻmon shaklini koʻrasiz, ammo bola uchun bu daraxt!

Musiqa yordamida oʻrganish va rivojlanish

Kichkintoylar kuzatishni va tinglashni yaxshi koʻradi. Shuningdek, ularga musiqa bilan shugʻullanish va tovushlar yoqadi. Boshqa mashqlar bilan mashgʻul paytlari ham koʻpincha past ovozda biror qoʻshiqni xirgoyi qilib turadi.

Qoʻshiq va musiqiy oʻyinlar – oʻz fikrini ifodalashning yaxshi shakllaridir.

Qoʻshiq aytish kichkintoyingizni soʻzlardan foydalanishga undaydi va xotirasini rivojlantirishga yordam beradi. Uning xotirasi hozircha toʻla rivojlanmaganligi uchun u bir martada bir nechta soʻzlarnigina eslab qola oladi xolos. Lekin siz kuylayotganingizda u soʻzlarga harakat qoʻshishi va ularni eslab qolgan soʻzlari qatoriga qoʻshishi mumkin.

Yosh bolalarga musiqa asboblari yoqadi, ayniqsa, silkitsa yoki daranglatsa boʻladiganlari. Kichkintoyingiz 3 yoshga toʻlganida esa ritmga mos tarzda harakatlanishni oʻrganadi.

Raqs orqali oʻrganish va rivojlanish

Kichkintoylar koʻpincha siz aytmasingizdan harakatlanish va raqsga tushishni boshlaydi. Ular raqsga shu darajada berilib ketishi mumkinki, hatto baʼzan jazavaga tushib qolgandek koʻrinadi.

Aslida esa kichkintoy raqsga tushganida ham xayoli har xil oʻylar bilan band boʻladi. U musiqa va atrof olam haqidagi tasavvurlari, fikrlari va tuygʻularini tadqiq qilib boradi.

Raqslar farzandingizga yirik motorika, shuningdek, koʻrish qobiliyati va motorikaning oʻzaro muvofiqligini rivojlantirishga yordam beradi.

Farzandingizning raqslari musiqa yoki qoʻshiq soʻzlariga muvofiq yurish, muvozanatni saqlash, sakrash va irgʻishlashni oʻz ichiga olishi mumkin. Bu vaqtda u musiqaga amal qiladimi yoki berilgan harakatlargami, ahamiyati yoʻq – eng muhimi tovushlar va harakatlarni his qilishdir.