Ijtimoiy-hissiy rivojlanishni ragʻbatlantirish: yigirma toʻrtinchi – oʻttiz oltinchi oylar (24–36-oylar)

Bola boshqa bolalar bilan birgalikdagi mashgʻulotlarga tobora koʻproq qiziqish bildiryapti. Oʻyinlar yanada murakkab va xilma-xil boʻlib boryapti. Tasavvurga asoslangan va rolli  oʻyinlar fikrlash, nutqni,  rivojlantirish, boshqalar bilan munosabatlar va shaxsiy oʻziga xoslikni rivojlantirishga qoʻshimcha turtki beradi. Tuygʻular yanada murakkablashadi.
Body

Tengdoshlar bilan oʻynashning ahamiyati

  • Tengdoshlar bilan oʻynash vaqti ortyapti. Vaqti-vaqti bilan toʻqnashuvlar va koʻngilsizliklar boʻlib turishi muqarrar. Tajriba orqali bola shaxsiy ehtiyojlarini yaxshiroq farqlaydi va boshqalarning ehtiyojlari bilan oʻzaro moslashtiradi. Hamdardlik hissi – boshqalarning his-tuygʻularini sezish va qabul qilish rivojlanadi.
  • Boshqa bolalar bilan aloqa qilish imkoniyatlarini yarating. Bolalar bogʻchasi, oʻyin xonalari, istirohat bogʻlari, shuningdek, yosh bolali boshqa oilalarga borish farzandingiz hayotidagi muhim voqealardir.
  • Agar farzandingiz uyatchan boʻlsa, dalda bering, lekin sabr bilan. Bosim qilmang, bola buni uddalay olishi vaqt bering.
  • Agar farzandingiz tinib-tinchimas, ehtiyotkorligi kam boʻlsa, uning yonida boʻling. Zarur hollarda munosabat bildiring. Aniq koʻrsatmalar bering va barchasini ketma-ketlikda bajaring.

Mustaqillik

  • Mustaqillikni ragʻbatlantirish bolangizning shaxsiyatini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Muvaffaqiyatli mustaqil harakatlar qoniqish va magʻrurlik hissini uygʻotadi. Siz yoʻl koʻrsatasiz, yordam berasiz va maqtaysiz.
  • Farzandingizni yanada mustaqil boʻlishga undash uchun kundalik ishlardan foydalaning. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, ovqatlanish, kiyinish bu uchun ideal imkoniyatdir.
  • Farzandingizga siz uchun biror narsa qilishi, sizga biror narsa olib kelishi uchun imkoniyat bering. Bu siz uchun qadrli ekanini koʻrsating, biror ish bajara olgani uchun bolani maqtang.
  • Bolalarning urinishlarini eʼtirof qiling va qoʻllab-quvvatlang, hatto ular muvaffaqiyatsiz boʻlsa ham. Bola taslim boʻlmaydi, keyingi safar esa bu ishni osonroq bajaradi.

Hamkorlik

  • Bola oʻz xohish-istaklarini tobora koʻproq anglab yetyapti. U istagan narsasiga erishishda qatʼiyatli boʻlishi, shu bilan birga, turli xil salbiy his-tuygʻular va yoqimsiz xatti-harakatlarni namoyon qilishi ham mumkin. Bundan oʻzingizni ojiz his qilishingiz yoki gʻazablanishingiz mumkin. Esingizda boʻlsin, farzandingiz ham xuddi shunday hissiyotlarni tuyadi.
  • Bola sizga aytmoqchi boʻlgan narsani tinglang. Uning istaklarini anglashingizni koʻrsating. Nimaga ruxsat berilgani va nimaga ruxsat berilmaganini tushuntiring. Hamkorlik qilishga tayyorligini koʻrsatganda bolani maqtang. Siz mukofot tariqasida bolaga yoqadigan biror narsani taklif qilishingiz mumkin.
  • Bolaga u nimalarni his qilayotganini bilishingizni ayting, undagi tuygʻuni nomlang va uning istagini nima uchun bajara olmasligingizni tushuntiring.
  • Salbiy izoh bermang, bolaga gʻazabingizni sochmang. Tushunish va xotirjamlikni koʻrsating. Soʻz va harakatlaringiz aniq boʻlsin, qisqacha tushuntirishlar bering va hammasini ketma-ketlikda bajaring. Oʻzingizni tuta bilishingiz va aniq qoidalaringiz bolaga katta yordam beradi.