Bolaga taom tayyorlashni va boshqalar bilan baham koʻrishni oʻrgatish: 3–6 yoshdagi bolalar uchun mashgʻulot

Taomni baham koʻrishni oʻrganish oʻyin oʻynash va doʻstlashishning muhim koʻnikmasidir. Ovqat tayyorlash va birgalikda ovqatlanish – bola uchun uni baham koʻrishni oʻrganishning qiziqarli usuli. Tayyorlash va baham koʻrish mumkin boʻlgan taomlarga mevali salat, yengil pitsa, kekslar va sariyogʻ/qiyom surtilgan non kiradi.
Body

Taom tayyorlash va boshqalar bilan baham koʻrish: nega bu bolalar uchun foydali?

Oila yoki doʻstlar uchun taom, tamaddi yoki ichimliklar tayyorlash bu – farzandingiz uchun baham koʻrishni oʻrganishning qiziqarli usulidir.

Taomni tayyorlash va birgalikda isteʼmol qilish bolangizga boshqalar fikri bilan hisoblashishni, galma-gallikni tushunishni va muzokara qilishni oʻrganishga yordam beradi. Маsalan, bola oʻzining ovqatini boshqalar bilan baham koʻrsa, boshqalar ham u xohlagan narsani berishlari mumkinligini bilib oladi.

Doʻstlar orttirish va boshqa bolalar bilan murosa qilib oʻynash uchun baham koʻrishni bilish muhim ahamiyatga ega. Lekin baham koʻrish, ayniqsa, boshida muammo boʻlishi mumkin. Bola koʻp amaliyot va ragʻbatlantirishga muhtoj boʻladi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini bolalar bilan tayyorlash va baham koʻrish uchun nimalar kerak?

Farzandingiz bilan tayyorlamoqchi boʻlgan oddiyroq taom yoki tamaddini tanlang. Farzandingiz, shuningdek, suv yoki sharbat solingan idishni va bir nechta piyolalarni hozirlashi mumkin.

Quyida tayyorlash va baham koʻrish uchun bir qancha taomlar turi keltirilgan:

  • Mevali salat: banan, qulupnay va tarvuz kabi yumshoq mevalarni tanlang. Bolangiz ularni xavfsiz pichoq bilan oson kesa oladi. Unga oldin mevaning poʻstini tozalashga yordam bering.
  • Sabzi va sulili kichik kekslar: bu yengil tamaddi uchun yaxshi tanlovdir. Bolangizga mahsulotlarni aralashtirish va oʻlchash qiziqarli boʻlib, sanashni oʻrganishga yordam beradi.
  • Yengil pitsa: pitsaga qiyma qoʻshishda sizga yordamlashish va uni oila dasturxoniga tortish bolangizga juda yoqishi mumkin. Siz u bilan kimga katta, kimga kichik boʻlaklar kerakligi haqida gaplashsangiz boʻladi.
  • Qoʻlda tayyorlanadigan taomlar: bolangiz non ustiga sariyogʻ yoki qiyom surtishga, xom yoki pishirilgan sabzavotlarni likobchalarga joylashga koʻmaklashishi, keyin esa ularni baham koʻrishi mumkin.

Oshxona bolalar uchun xavfli joy boʻlishi mumkin. Farzandingiz issiq suyuqliklar, elektr jihozlari va oʻtkir oshxona anjomlari yaqinida boʻlganida doim nazorat qiling.

Ovqatni qanday tayyorlash va boshqa bolalar bilan baham koʻrish

  • Farzandingizni doʻstlar yoki oila uchun taom tanlashga jalb qiling. Taom tanlash vaqtida uning qobiliyatlari haqida oʻylab koʻring, shuningdek, ovqatni tayyorlash uchun qancha vaqt ketishini ham hisobga oling.
  • Farzandingiz bilan taom yoki tamaddini birgalikda tayyorlang. Bolangizga ovqatni boshqalar bilan baham koʻrish uchun tayyorlayotganingizni eslatib qoʻying. Masalan, “Biz besh kishimiz. Nima deb oʻylaysan, qulupnay hammamizga yetadimi?” deb soʻrash mumkin.
  • Farzandingizdan odamlar sonini hisoblashni soʻrang va unga yegulikni likopchalar yoki kosalarga taqsimlab chiqishga yordam bering. Agar dasturxon atrofida oʻtirganlarga xizmat qilayotgan boʻlsangiz, bolangizga oilaning qoidalarini eslatib turing – masalan, taomni oldin yoshi kattalarga yoki tugʻilgan kunini nishonlayotgan odamga uzating, oxirida oʻzingizga olib qoling.
  • Farzandingizni adolat haqida oʻylashga undang. Masalan, “Faqat bir boʻlak tort qoldi, lekin yana 2 ta bola bor va ikkalasi ham tort yeyishni xohlashyapti. Biz nima qilishimiz kerak?

Turli yoshdagi bolalarni birgalikda ovqatlanishga oʻrgatish

Kichik farzandingiz ovqat tayyorlash va uni dasturxonga tortishda ishtirok etishi uchun oddiy idishlardan foydalaning. U hali ham boshqalarga ulashishni oʻrganayotgan boʻlsa, ovqatni tayyorlagani uchun uni faqat “oʻziniki” deb oʻylashi mumkin. Siz muloyimlik bilan unga ovqatni baham koʻrish uchun tayyorlaganini eslatib qoʻying.

Katta farzandingiz diqqatini uzoqroq jamlashi va koʻrish-harakat qilish muvofiqligi yaxshi rivojlangani uchun, balki, murakkab taomlarni tayyorlay olar. U hatto baʼzan kechki ovqat tayyorlashga yordam berishi ham mumkin.