10 oylikdan 12 oylikkacha boʻlgan bolalarning toʻgʻri ovqatlanishi

Boshidanoq foydali va sifatli ovqatlarning turli xillarini taklif etish bola hayoti davomida sogʻlom ovqatlanish odatlarini qabul qilishiga mustahkam zamin yaratadi. Oziqlanish va ovqatlantirish faqatgina ozuqaviy moddalarni isteʼmol qilish emas, bu bola rivojlanishining koʻplab jihatlarini qoʻllab-quvvatlash imkoniyatidir.
Body

Boshidanoq foydali va sifatli ovqatlarning turli xillarini taklif etish bola hayoti davomida sogʻlom ovqatlanish odatlarini qabul qilishiga mustahkam zamin yaratadi. Oziqlanish va ovqatlantirish faqatgina ozuqaviy moddalarni isteʼmol qilish emas, bu bola rivojlanishining koʻplab jihatlarini qoʻllab-quvvatlash imkoniyatidir.

Ushbu yoshda hali ham ona suti bolalar uchun eng asosiy ozuqa boʻlib qoladi va bolaning energiyaga boʻlgan ehtiyojining yarmini taʼminlaydi. Quyuq ovqatlar bola hayotning birinchi yilida sut oʻrnini bosa olmaydi. Bolangizni talabiga koʻra, kecha-yu kunduz emizishda davom eting. Bu uning sogʻlom va kuchli boʻlishini taʼminlaydi. Bolalarga sunʼiy aralashmalar yoki maxsus aralashmalar (6 oylikdan katta bolalar uchun maxsus ishlab chiqarilgan sut aralashmalari) berishga hojat yoʻq, chunki koʻkrak suti xilma-xil qoʻshimcha ovqatlar bilan birgalikda bolangiz uchun zarur boʻlgan barcha oziq moddalarni beradi.

Boshqa ovqatlarni berishdan oldin emizishni unutmang.

Bolaga qoʻshimcha ovqat berishda oltita muhim jihatni eʼtiborga olish kerak:

  1. Qoʻshimcha ovqat berish davriyligi: bolani kuniga 4 marta qoʻshimcha ovqat bilan boqing.
  2. Qoʻshimcha ovqat miqdori: har ovqat berilganda ovqat miqdorini asta-sekin yarim piyolagacha (250 ml li hajmdagi piyola) koʻpaytiring. Berilgan ovqatni yeyishiga ishonch hosil qilish uchun alohida likopchadan foydalaning.
  3. Qoʻshimcha ovqat quyuqligi: oilaviy dasturxondagi ovqatlarni mayda toʻgʻralgan holda bering, boshqa mahsulotlarni ham toʻgʻralgan shaklda bering.
  4. Qoʻshimcha ovqatning xilmaxilligi: bolaga har ovqatlantirish paytida turli xil ovqatlar berilishi muhimdir.
    • Hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlari (goʻsht, tuxum va sut mahsulotlari) juda muhimdir. Bolangizni kam yogʻli mol goʻshti (agar mol goʻshtiga allergiya boʻlmasa), kam yogʻli qoʻy goʻshti, kurka, quyon goʻshti, baliq, tuxumdan tayyorlangan va yaxshi pishirilgan qiyma bilan boqing.
    • Pishirilgan sabzavotli boʻtqa qoʻshing: sabzi, sholgʻom, oshqovoq, qovoqcha, karamning har xil turlari (gulkaram, karam), pomidor, shuningdek, har xil sabzavotlarni boʻtqa bilan birlashtirishingiz mumkin.
    • Yaxshi pishirilgan va maydalangan loviya (poʻstlogʻidan tozalangan).
    • Yumshoq mevalardan tayyorlangan boʻtqa qoʻshing: banan, olma, nok, shaftoli. Ammo bolangiz faqat mevalar bilan ovqatlanmayotganiga ishonch hosil qiling.
    • Qoʻshimcha toʻyimli tamaddilar (asosiy ovqatlanishlar oʻrtasida qoʻshimcha ovqat) kuniga bir yoki ikki marta taklif qilinishi mumkin, masalan, pishgan meva yoki sabzavot boʻlaklari.
    • Hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini imkon qadar erta va tez-tez berishni boshlang. Ularni yaxshilab pishiring va maydalang.
    • Yodlangan tuzdan foydalaning.
    • Shirin ichimliklar, shirin pechenye, kremli pishiriq, qovurilgan ovqatlar yoki fastfud bermang.
    • 12 oylik bolaga maxsus vitamin-mineralli kukun (uy sharoitida tayyorlanadigan oziq-ovqatni boyitishga moʻljallangan kukun koʻrinishidagi mikronutriyentlar aralashmasi) qayta berilishi kerak.
  5. Faol ovqatlantirish: sabr-toqatli boʻling va bolangizni ovqatlanishga faol ravishda undang. Lekin ovqat yeyishga majburlamang. Berilgan ovqatni yeyishiga ishonch hosil qilish uchun alohida likopchadan foydalaning.
  6. Gigiyenaga rioya qilish. Diareya va boshqa kasalliklardan saqlanishda tozalik oʻta muhim ahamiyatga ega. Farzandingizga oziq-ovqat yoki suyuqlik berish uchun toza qoshiq yoki kosadan foydalaning. Ovqatlarni xavfsiz va toza joyida saqlang. Ovqat tayyorlash va bolani ovqatlantirishdan oldin qoʻlingizni sovunlab yuving. Ovqatlantirishdan oldin bolangizning qoʻllarini yuving. Hojatxonadan foydalangach, bolaning tagliklarini almashtirib, tozalagach va tahoratdan keyin qoʻlingizni sovunlab yuving.

Mumkin boʻlmagan oziq-ovqat mahsulotlari

  • Toza yoki suyultirilmagan sigir, echki sutini ichimlik sifatida bermang;
  • Sutni boʻtqa tayyorlash uchun qoʻshish mumkin (1:1 nisbatda suv bilan suyultirilgan);
  • Konservalangan meva va sitrus sharbatlarini bermang;
  • Ovqatga shakar, asal, tuz va ziravorlar qoʻshmang;
  • Butun yongʻoqlarni bermang.
  • Hech bir turdagi (qora, yashil, oʻsimlik) choy bermang.

9-oydan 12-oygacha koʻpchilik bolalarning harakatlari ancha yaxshilanib, mustaqil ovqatlanishga urinadilar, piyolani ikki qoʻllari bilan ushlab icha oladilar. Bolangizning mustaqilligini ragʻbatlantiring!

Bolalarning shirinlikka va shoʻr taomga ishtiyoqi tugʻma boʻladi. Achchiq ovqatni rad etish ham tugʻma boʻlib, bu yashil bargli koʻkatlarni ovqat tarkibiga qoʻshishni qiyinlashtiradi. Uni bola oldin odatlangan sabzavot (kartoshka, sabzi) taomlari bilan birga taklif qiling.

Agar bola yangi ovqatni darhol qabul qilmasa, undan voz kechmang. Sabr-toqatli boʻling; baʼzan taomning hidi va taʼmiga koʻnikishi uchun bolaga oʻn martagacha taklif qilish kerak.

Agar bolani sabr-toqat, tabassum, ragʻbatlantirish va ehtiyojlarini hurmat qilgan holda ovqatlantirsangiz, undagi uquv va koʻnikmalarga ega boʻlish hissini qoʻllab-quvvatlaysiz. Ovqatlanish jarayoni lazzatlanish va zavqlanishga aylanadi.