Bolani nonushta qilishga koʻndirish

Nonushta bolangizga oʻynash, mashq qilish va eslab qolish uchun energiya beradi. Sogʻlom nonushta uglevodlar, oqsillar va yogʻlarning kerakli muvozanatiga ega. Sogʻlom nonushta turlariga boʻtqa, shakari kam kepakli bodroqlar, qaynatilgan tuxum, quymoq, kepakdan tayyorlangan non, meva va qatiq kabilar kiradi.
Body

Nima uchun sogʻlom nonushta muhim?

Nonushta bolalarga kundalik ishlarini bajarish uchun zarur energiyani beradi. Sogʻlom nonushta qilgan bolalar uzoqroq vaqt ochqamasdan yuradi. Bu esa ular diqqat-eʼtiborini oʻynash, oʻrganish va eslab qolishga qaratishi mumkinligini anglatadi.

Sogʻlom nonushta bolalarga maktabda yaxshiroq oʻqishga ham yordam beradi.

Nonushta qiladigan bolalar odatda:

  • muntazam ravishda nonushta qilmaydigan bolalarga qaraganda maktabga koʻproq boradi;
  • nonushta qilmaydigan bolalarga nisbatan sogʻlomroq;
  • vazni meʼyorda boʻladi, chunki ular shakarli yoki yogʻli taomlarni kamroq isteʼmol qiladi.

Sogʻlom nonushta

Ertalabki energiya darajasini barqaror ushlab turish uchun sogʻlom nonushta uglevodlar, oqsillar va yogʻlarning kerakli muvozanatiga ega boʻlishi kerak.

Farzandingiz boʻtqa, suli, shakari kam kepakli bodroqlar, qaynatilgan tuxum, quymoq, kepakdan tayyorlangan non, meva va qatiq kabilardan birini tanlashi mumkin.

Kepakli mahsulotlar, yaʼni bir necha xil donlar aralashmasidan tayyorlangan nonlar, boʻtqa va suli kabilar nonushta uchun yaxshi tanlov hisoblanadi. Farzandingizning tanasi ularni qayta ishlangan, shakarli don mahsulotlariga qaraganda sekinroq hazm qiladi va oʻzlashtiradi. Ular bolangizga kun davomida koʻproq energiya beradi va toʻq tutadi.

Nonushta qilishni istamaydiganlarni jalb etish uchun sogʻlom nonushta namunalari

Ovqatlanish borasida siz farzandlaringizga oʻrnak boʻlishingiz kerak. Nonushta mazali va kunning muhim qismi ekanligini koʻrsatish ularni ovqatlanishga undashning yaxshi usuli hisoblanadi. Shuningdek, siz ular bilan nonushtaning afzalliklari haqida ham gaplashishingiz mumkin.

Ertalab ovqatlanishni odat tusiga aylantirishga yordam beradigan gʻoyalar:

  • Farzandlaringiz va oilangiz bilan nonushta qilish uchun vaqt ajrating. Yaxshi oʻrnak koʻrsatish bolalarning odatlariga taʼsir koʻrsatishning ajoyib usulidir.
  • Agar bolangiz ertalab nonushta qilishni xohlamasligini aytsa, anʼanaviy nonushta oʻrniga sut va qatiqqa meva (masalan, banan) qoʻshib, foydali ichimlik tayyorlashga harakat qiling.
  • Yana bir usul – bolangiz uyda ozroq boʻtqa yoki mevaning kichkina boʻlagini yeyishi mumkin. Keyin unga maktab boshlanishidan oldin yaxshi tamaddi tayyorlab bering – masalan, pishloqli non (yoki sariyogʻli non) yoki meva aralashtirilgan qatiq.
  • Agar ertalab nonushta qilish uchun vaqt yetarli boʻlmasa, uygʻotkichni 10 minut oldinga surib qoʻying yoki kechasi boʻlsa ham nonushta tayyorlashga harakat qiling. Masalan, donli bodroqni kosaga solib, stol ustida qoldiring, farzandingiz tongda unga sut quyib yeb olishi mumkin.
  • Agar bolangiz istamay nonushta qilayotgan boʻlsa, nonushtani yanada yaxshilash usullari haqida oʻylang. Masalan, non ustiga pishloq, tepasidan asal surilgan banan boʻlaklarini joylab tayyorlangan taomni sinab koʻrishingiz mumkin.
  • Agar toʻngʻich farzandingiz nonushta qilishdan bosh tortsa, bunga koʻp etibor qaratmaslikka harakat qiling. U buni erkinligini koʻrsatish uchun qilishi mumkin. Siz bolangizga maktabga borishda yeb ketishi uchun meva taklif qilsangiz ham boʻladi. Yoki doʻkonda xarid qilayotgan paytingizda uni nonushta uchun oʻziga maʼqul yegulikni tanlashga undang.

Nonushta qilishning foydali xususiyatlari

Inson tanasi uglevodlardan energiya ishlab chiqaradi va ularni glyukoza deb ataladigan shakarga aylantiradi. Kechasi tana glyukozani ishlatib yuboradi va oʻrniga mushaklardagi glikogen va yogʻ kislotalari singari energiya zaxiralaridan foydalana boshlaydi.

Shuning uchun biz kunni boshlashdan oldin energiya zaxiralarini toʻldirishimiz kerak.

Nonushta qilish bolaga energiya beradi, natijada modda almashinuvi ishlay boshlaydi. Bu uning tanasiga kun davomida isteʼmol qilinadigan ovqatni yanada samarali oʻzlashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, nonushta qilmagan bolalar ololmay qolgan ozuqa moddalarining oʻrnini kun davomida ham toʻldira olmaydi.