7 oylikdan 9 oylikkacha boʻlgan bolalarning toʻgʻri ovqatlanishi

7–9 oyligida bola har kuni turli xil oziq-ovqat mahsulotini qabul qilishi kerak. Birinchi yil oxirigacha temirga boy ovqatlarni isteʼmol qilishi va baʼzi oziq-ovqat mahsulotlaridan saqlanishi muhimdir.
Body

Ovqatlanishlar soni va ovqat miqdori

Ushbu yoshda ham ona suti bolalar uchun eng asosiy ozuqa boʻlib qoladi va boladagi energiyaga boʻlgan ehtiyojning yarmini taʼminlaydi. Bolangizni talabiga koʻra, kecha-yu kunduz emizishda davom eting. Quyuq ovqatlar bola hayotining birinchi yilida sut oʻrnini bosa olmaydi. Bolalarga sunʼiy aralashmalar yoki maxsus aralashmalar (6 oylikdan katta bolalar uchun maxsus ishlab chiqarilgan sut aralashmalari) berishga hojat yoʻq, chunki koʻkrak suti xilma-xil qoʻshimcha ovqatlar bilan birgalikda bolangiz uchun zarur boʻlgan barcha oziq moddalarni beradi. Qoʻshimcha ovqatlarni berishdan oldin emizishni unutmang.

Bolaga qoʻshimcha ovqat berishda oltita muhim jihatni eʼtiborga olish kerak:

  1. Qoʻshimcha ovqat berish davriyligi: Bolani kuniga 3 marta qoʻshimcha ovqat bilan boqing.
  2. Qoʻshimcha ovqat miqdori: bola 6 oylik boʻlgach, har gal 2–3 osh qoshiqdan ovqat bering, soʻng ovqat miqdorini asta-sekin yarim piyolagacha (250 ml li payola) koʻpaytiring.
  3. Qoʻshimcha ovqat quyuqligi: ovqatni boʻtqa shaklida bering, boshqa ovqatlarni qirgʻichdan oʻtkazib bering. 8-oyga kelib bolangiz ovqatni barmoqlari bilan yeyishni boshlashi mumkin.
  4. Qoʻshimcha ovqatning xilmaxilligi: Har bir ovqatlantirishda turli xil ovqatlarni berishga harakat qiling. Masalan: hayvon oziq-ovqat mahsulotlari (goʻsht, tuxum va sut mahsulotlari), asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (boshoqlilar, ildiz mevalar), dukkaklilar va A vitaminiga boy meva va sabzavotlar (sabzi, ismaloq), boshqa mevalar va sabzavotlar (qovoq).
    • Hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlari juda muhimdir. Hayvon oziq-ovqat mahsulotlarini imkon qadar erta va tez-tez berishni boshlang va har kuni bering. Ularni yaxshilab pishirish va maydalash kerak. Bolalarlar tishlari boʻlmasa ham yaxshi pishgan va mayda toʻgʻralgan tuxum, goʻsht (yogʻsiz mol va qoʻy goʻshti, tovuq va kurka goʻshti, quyon goʻshti) va baliqni isteʼmol qilishlari mumkin.
    • Sabzavotli boʻtqalar va yormali boʻtqalar don, sabzavot, dukkaklilar, tuxum, meva, ildiz mevali sabzavotlar, quyon goʻshti, yogʻsiz mol va qoʻy goʻshti, baliq, parranda goʻshti aralashmasidan tarkib topgan boʻlishi kerak. Yormali boʻtqalarga sut qoʻshishingiz mumkin. Quyuq ovqatlar yuqori qiymatga va vitaminlarga boy boʻlib, bolangizni (shoʻrva kabi) suyuq ovqatlardan koʻra yaxshiroq oziqlantiradi. Bola katta energiya va ozuqaviy ehtiyojlarga muhtoj, lekin oshqozoni kichik hajmda. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotining miqdor oz, ozuqaviy qiymati esa katta boʻlishi muhimdir.
    • Mevaga oʻxshash qoʻshimcha tamaddilar (ovqatlanish oraligʻida qoʻshimcha ovqat) kuniga bir yoki ikki marta taklif qilinishi mumkin.
    • Agar farzandingiz ona suti bilan istisnosiz oziqlangan boʻlsa, sutsiz oziq-ovqat qoʻshilishi bilan unga suv ichirishni boshlash kerak. Suvga ehtiyoj bolaning yoshiga, ovqatlanish soniga, quyuq ovqat miqdori va turiga bogʻliq. Bolaga tez-tez suv taklif qiling, ayniqsa ovqatdan soʻng! Suvni piyolada bering. Bola bir yoshga toʻlguncha qaynatib, sovutilgan suv tavsiya etiladi.
    • Bolangizga shakarli mahsulotlarni (masalan, shirin pechenye yoki biskvit), qovurilgan mahsulotlar, konservalangan sharbat, choy yoki gazli ichimliklar bermang. Shirin ichimliklar berishdan saqlaning.
    • Bola uchun pishirilgan taomga yogʻ yoki moy qoʻshadigan boʻlsangiz, uning miqdori kuniga yarim choy qoshiqdan koʻp boʻlmasligi kerak.
    • Har hafta bolangizning ovqat ratsioniga bitta yangi ovqat qoʻshishingiz mumkin.
    • Yodlangan tuzdan foydalaning.
  5. Faol ovqatlantirish: sabr-toqatli boʻling va bolangizni ovqatlanishga faol ravishda undang. Lekin ovqat yeyishga majburlamang. Ovqatni yeyishiga ishonch hosil qilish uchun alohida likopchadan foydalaning.
    • Bolangizni kuzatib boring va uning xabarlariga javob bering. Bolani asta-sekin, sabr-toqat bilan, uning tezligiga rioya qilib ovqatlantiring. Farzandingizni taom yeyishga undash uchun turli xil mahsulotlar, taʼm va koʻrinishga ega kombinasiyalarni sinab koʻring. Qayta taklif qilishdan oldin bola ovqatni yeyishdan toʻxtatishini kuting.
    • Bola yetarlicha ovqat yeb boʻlganini koʻrsatganda, ovqatlantirishni toʻxtating.
    • Bola oʻsib ulgʻaygani sari asta-sekin mustaqil ovqatlanish uchun zarur koʻnikmalarni rivojlantira boradi (oziq-ovqat boʻlaklarini olish va ularni ogʻziga olib borish, ovqat tanlash, oshxona anjomlarini ishlatish).
    • Kun tartibiga ovqatlanish va tamaddi qilib olish uchun vaqtni kiriting. Ovqatlanish vaqti 15–20 minutdan oshmasin. Bolani faqat stol atrofidagi oʻrindiqqa oʻtirgʻizib ovqatlantiring.
  6. Gigiyenaga rioya qilish. Diareya va boshqa kasalliklardan saqlanishda tozalik oʻta muhim ahamiyatga ega. Farzandingizga oziq-ovqat yoki suyuqlik berish uchun toza qoshiq yoki kosadan foydalaning. Ovqatlarni xavfsiz va toza joyida saqlang. Ovqat tayyorlashdan va bolani ovqatlantirishdan oldin qoʻlingizni sovunlab yuving. Ovqatlantirishdan oldin bolangizning qoʻllarini yuving. Hojatxonadan foydalangach, bolaning tagliklarini almashtirib, tozalagach va tahoratdan keyin qoʻlingizni sovunlab yuving.

Bola hayotning birinchi yilida tavsiya etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari

  • Hayotining 1-yilida bolaga asal bermang.
  • Sigir suti (shuningdek, echki suti) bola hayotining birinchi yilida tavsiya etilmaydi, chunki uning tarkibi bola ehtiyojlariga toʻgʻri kelmaydi va kamqonlik, allergiya rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Yormali boʻtqa tayyorlash uchun oz miqdordagi (1:1 nisbatda qaynagan suv bilan suyultirilgan) sigir sutidan foydalanish mumkin.
  • Birinchi yilda sitrus mevalarni (limon, apelsin, mandarin) bermang.
  • Bolalar ovqatiga tuz yoki ziravorlar qoʻshmang.
  • Bolaning xavfsizligi toʻgʻrisida doimo qaygʻuring: bolalarga yeryongʻoq, bodroq, mayda mevalar yoki butun uzum, tiqilib qolishi mumkin boʻlgan mayda qattiq ovqat boʻlaklarini bermang.

Bolani ovqatlantirish usuli

Bolaga har ovqat paytida turli xil ovqatlar berilishi muhimdir. Buning uchun quyuq boʻtqadan boshlash va boʻtqaga asta-sekin bir xil sabzavotli boʻtqani (oshqovoq, sabzi, gulkaram, oq karam) yoki meva boʻtqasini (olma, banan) qoʻshish mumkin. Shundan soʻng siz goʻshtdan (agar sigir sutiga allergiyasi boʻlmasa, kam yogʻli mol goʻshti yoki qoʻy goʻshti, kurka, tovuq, quyon goʻshti) tayorlangan boʻtqaga yoki dukkaklilar va sabzavotli boʻtqaga oʻtishingiz mumkin. Farzandingizga baʼzi taomlar koʻproq yoqishi mumkin, uni turli xil ovqatlarni tatib koʻrishga undang.

  • Farzandingiz uchun oziq-ovqat mahsulotlarini cheklamang, chunki bolangiz turli xil oziq-ovqat mahsulotlariga muhtoj (yaʼni oqsil, meva va sabzavotlar, ozgina yogʻ (masalan, oʻsimlik moyi va yormali/donli mahsulotlar)).
  • Bolangizda biror-bir oziq-ovqat mahsulotiga allergiya rivojlansa, ushbu mahsulotni ovqat ratsionidan olib tashlang.
  • Oila aʼzolaringizning birortasida oziq-ovqatga allergiya kuzatilgan boʻlsa, bitta oziq-ovqat mahsulotini kuniga bir marta, 7 kundan 10 kungacha asta-sekin kiritishingiz mumkin.