Bolaning uyqudagi holati boshning shakliga taʼsir qilishi mumkinmi?

Bolaning yumshoq bosh suyagiga bosim bosh shaklini oʻzgartirishi va deformatsiyaga olib kelishi mumkin (plagiosefaliya). Yaxshiyamki, muammo odatda vaqtinchalik boʻlib, chaqaloqni toʻgʻri yotqizish orqali uning oldini olishingiz mumkin.
Body

Baʼzida ota-onalar chaqaloqning boshi orqa yoki yon tomondan yapaloqlanganini payqab qoladi. Bosh shaklidagi nomutanosiblik (asimmetriya) tugʻilish paytida mavjud boʻlishi mumkin: muddatidan erta tugʻilgan chaqaloqlarning bosh suyagi yumshoqroq boʻlgani sababli oʻzgarishlarga (deformatsiyaga) koʻproq moyil boʻladi. Deformatsiya egizaklarda va koʻp homilalilikda tez-tez uchraydi, bunda bitta homila boshqasiga bosim oʻtkazadi. Bachadon ichi suyuqligining yetishmasligi ham boshning bachadonda joylashishi bilan bogʻliq vaqtinchalik asimmetriyasiga sabab boʻlishi mumkin. Eng koʻp uchraydigan sabab bu – uyqu paytidagi holatdir. Bola chalqancha yotib uxlaganda uning holati turgʻun boʻladi, qorin bilan yotib uxlashdan farqli oʻlaroq, harakatlanishga imkon boʻlmaydi.

Chaqaloqlar odatda boshini chapga yoki oʻngga burib uxlaydi. Chaqaloqning bosh suyagi nihoyatda yumshoqligi, toʻshakni doimiy bosib turgani uchun bosh asimmetrik shaklga ega boʻlishi mumkin. “Qiyshiq boʻyin” tufayli chaqaloq boshini doim bir xil holatda tutib turishi mumkin. Bosh asimmetriyasining juda kamdan kam uchraydigan, ammo jiddiyroq sababi – kraniosinostoz – bosh suyagi choklarining erta bitishidir, buning natijasida bosh oʻsishdan toʻxtaydi, bosh suyagi deformatsiyasi kuzatiladi. Bunday buzilishlarni oʻz vaqtida aniqlash va davolash kerak, chunki ular qaytarib boʻlmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shifokor rejali koʻrik vaqtida chaqaloqning bosh shaklini tekshiradi, lekin ota-onalar farzandining boshi asimmetrik koʻrinishini payqasa, shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

Bosh deformatsiyalari xavflimi?

Ota-onalar koʻpincha bu muammo miyaning rivojlanishiga taʼsir qilishi va nogironlikka sabab boʻlishi mumkinligidan xavotirlanadi. Miya oʻsishini cheklaydigan kraniosinostozdan tashqari, vaqtinchalik buzilishlar – deformatsiyalar kuzatilishi mumkin, ular bolaning toʻgʻri rivojlanishi uchun jiddiyroq oqibatlarni keltirib chiqaradi. Eng yaqqol alomatlar chaqaloq hayotining 6- va 8-haftalari orasida koʻrinadi; ular bola oʻtirishni boshlashi bilanoq oʻtib ketadi va 18-oygacha butunlay yoʻqoladi. Lekin yaqqolroq deformatsiyalarda, vaqt oʻtishi bilan holat yaxshilanishiga qaramay, boshdagi ozgina yassilik butun hayot davomida qoladi.

Qanday qilib bosh deformatsiyasining oldini olish mumkin?

Yaxshiyamki, bunga juda oson erishish mumkin. Bola faqat bir xil holatda uxlashiga yoʻl qoʻymang.

Pozitsion deformatsiyaning oldini olishda ikkinchi va eng muhim narsa bu – chaqalogʻingiz uygʻoq boʻlganida koʻp vaqtini chalqancha yotib oʻtkazmasligiga ishonch hosil qilishdir.

  • Farzandingiz kunduzi uygʻoq boʻlganda qorni bilan imkon qadar koʻproq yotsin, lekin har doim nazoratingiz ostida boʻlsin. Oʻyinlar davomida uni yangi holatlarni sinab koʻrishga undang.
  • Bosh deformatsiyasining oldini olish bilan bir qatorda chaqaloqni boshqa rivojlanish mashgʻulotlariga tayyorlaysiz, masalan, oʻtirishni va agʻdarilishni oʻrgatasiz.
  • Farzandingizni beshikdan tez-tez olib turing, u koʻproq harakat qilsin.
  • Kichkintoyni beshikka yotqizganingizda u har doim bir xil holatda boʻlmasligiga ishonch hosil qiling.
  • Chaqaloq uxlayotgan paytda boshining holatini oʻzgartiring.
  • Beshikning har tarafiga chaqaloqning eʼtiborini tortadigan oʻyinchoqlar va kichkina narsalarni ataylab joylashtiring, shunda u boshini iloji boricha koʻproq turli yoʻnalishlarga buradi.
  • Kichkintoy yotadigan yoʻnalishni oʻzgartiring (har safar oyoq va bosh oʻrnini almashtiring), shunda chaqalogʻingiz sizni koʻrish uchun boshini teskari tomonga buradi.
  • Aravachalarda, avtomobil oʻrindiqlarida va belanchaklarda turli xil variantlardan foydalaning. Predmetlarni turli vaqtlarda turli tomonlarga joylashtiring.
  • Agar katta farzandingiz tez-tez chaqaloq bilan mashinada oʻtirsa, u qaysi tomonda oʻtirganiga eʼtibor bering, chunki chaqaloq tabiiy ravishda boshini oʻsha tomonga buradi.

Koʻkrak suti bilan boqishda ona farzandining holatini tabiiy ravishda oʻzgartiradi, bu esa boshning toʻgʻri rivojlanishiga yordam beradi. Agar bolangizni shishadan ovqatlantirsangiz, uning holatini albatta oʻzgartiring. U doim chalqancha yotib uxlasin, chunki bu chaqaloq uchun eng xavfsiz holat! Anatomik yostiqlar samara bermaydi va anchagina xavfli.