Yangi otalar: otalikni muvaffaqiyatli boshlash uchun 10 ta maslahat

Farzandingiz siz bilan muloqotga tayyor holda tugʻiladi. Siz teginish, gaplashish, oʻynash va kundalik parvarish orqali muloqot qilishingiz mumkin. Turmush oʻrtogʻingiz va oʻzaro munosabatlaringizga gʻamxoʻrlik qilish, ijobiy munosabat, qoʻllab-quvvatlash va muhokamalarga tayyor turish, uyda tarbiya va gʻamxoʻrlik muhitini yaratish imkoniga egasiz. Oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilish ham muhimdir. Quyidagi 10 ta maslahatimiz otalikni ijobiy boshlashingizga yordam beradi.
Body

Yangi ota sifatida hayot kechirish

Ota boʻlish, ehtimol, hayotingizdagi eng katta voqealardan biri boʻlishi mumkin.

Agar siz odatda bola tugʻilishi bilan yuzaga keladigan kuchli his-tuygʻularni – uyqusizlikni-ku aytmasa ham boʻladi – boshdan kechirayotgan boʻlsangiz, nimadan boshlash va nima qilish kerakligini bilishga inlishingiz – tabiiy hol. Siz hatto turmush oʻrtogʻingiz hamma narsani nazorat qiladi deb oʻylashingiz va oʻzingiz nima qilishingiz mumkinligini bilmasligingiz ehtimoli bor.

Birinchidan, chaqalogʻingiz bilan muloqot qilish va unga gʻamxoʻrlik qilish uchun kuchli tugʻma qobiliyatlarga ega ekaningizni unutmang. Yangi tugʻilgan chaqaloqlar ota-onaning ikkalovi bilan ham muloqot qilishga tayyor boʻlib tugʻiladi. Ota sifatida siz farzandingizning hayotiga katta taʼsir oʻtkazasiz. Bu taʼsir esa hozirdan boshlanadi. Farzandingizga gʻamxoʻrlik qilish hissiy holatingizni ham yaxshilaydi.

Farzandingiz tugʻilishidan oldin siz bolaga gʻamxoʻrlik qilish uchun yetarli vaqt ajratishga, parvarishlash va uy yumushlarini turmush oʻrtogʻingiz bilan boʻlishishga tayyor boʻlishingiz, buning uchun esa ota-ona taʼtilini olish, ish vaqtingizni boshqarish va hokazolarni rejalashtirishingiz kerak. Bu – otalik hayotini boshlashning ajoyib usuli. Kelgusida farzandingiz bilan munosabatlarning boshlanishi uchun bu vaqtdan foydalanish katta foyda keltiradi.

Ota boʻlishni oʻrganish qiyin kechishi mumkin. Bola bilan muloqot qilish, uni koʻtarish, tagliklarni almashtirish va unga yordam berishni boshqa otalardan videolar orqali oʻrganish foydali boʻlishi mumkin. Otalik borasida sizga koʻproq dalda va koʻmak beradigan boʻlsa, otalik guruhlariga, treninglarga, tibbiyot xodimlari bilan muhokamalarga va shu kabilarga qoʻshiling. Tortinmang.

Yangi otalar: boshlash uchun maslahatlar

1. Har ishni boshidan boshlang

Farzandingiz tugʻilganidanoq siz bilan oʻzaro aloqaga tayyor. Farzandingizning kundalik parvarishi bilan shugʻullanish – uni kiyintiirish, uxlatish, oʻynatish, choʻmiltirish va tagliklarini almashtirish bu – koʻnikmalaringiz va oʻzingizga boʻlgan ishonchni kuchaytirishning eng yaxshi usuli. Bunday kundalik mashgʻulotlar bolangiz bilan koʻp vaqtni yakkama-yakka oʻtkazishga ham imkon beradi, bu esa ijobiy munosabatlar uchun asosdir. Ota va ona bu vaziflarni boshidanoq rejalashtirib olishlari mumkin.

2. Kichkintoyingiz yuborayotgan “ishoralar”ni anglang

Kichkintoylar oʻzlariga kerak boʻlgan narsalar haqida “belgilar” yoki ishoralar beradi. Bolajoningizning ishoralariga chindan eʼtibor bersangiz, vaqti kelib siz unga nima zarurligini uqib olishni oʻrganasiz.

3. Silab-siypalash orqali muloqot

Jismoniy muloqot paytida bolangiz oʻzini xavfsiz his qiladi, sizga ishonchi va munosabati mustahkamlanadi. Shu bilan birga, chaqaloqlar bilan bunday muloqot ularning miya rivojlanishini ham faollashtiradi. Siz uni iloji boricha koʻproq koʻtarib, qoʻllaringizda olib yurishingiz mumkin. Bolajoningizni bagʻringizga bosganingizda u sizning yurak urishingizni eshitadi. Ota-onalar bilan “teriga teri” yoki “kenguru parvarishi” nomi bilan mashhur muloqot usuli ayniqsa chaqaloqlar sogʻligi uchun foydali ekani isbotlangan.

4. Gapiring. Bolangiz bilan iloji boricha tez-tez gaplashing

Kichkintoyingizni koʻtarib yurganingizda yoki kiyintirayotganingizda u bilan gaplashing. Masalan: “Kel, tagligingni almashtiramiz. Endi yaxshi boʻldi-a? Mana, top-toza taglik. Yigʻlamay tur, hozir birpasda tugatamiz”. Bola eshitgan har bir soʻz uning nutqi va oʻrganishiga, shuningdek, u bilan munosabatlaringizni mustahkamlashga yordam beradi. Ertaklar aytish, kitob oʻqish yoki qoʻshiq aytish ham xuddi shunday samara beradi.

5. Emizishda yordam

Ona suti – chaqalogʻingiz uchun eng yaxshi ozuqadir. Turmush oʻrtogʻingiz bolani oziqlantirishni oʻrganayotgan bir paytda uni qoʻllab-quvvatlashingiz nihoyatda muhim. Siz unga bir stakan suv, qoʻshimcha yostiq yoki unga kerak boʻlgan boshqa narsalarni olib kelib, amaliy yordam berishingiz mumkin. Yoki ayolingizga biror muammo paydo boʻlsa, tortinmay yordam soʻrashini ayting. Mabodo turmush oʻrtogʻingiz emiza olmasa, siz uni tinchlantirishingiz va maslahat olish uchun mutaxassisga uchrashini tavsiya qilishingiz mumkin.

6. Yakkama-yakka vaqt oʻtkazing

Bu – siz va farzandingiz uchun vaqt. Farzandingizning eʼtibori toʻliq sizga qaratiladigan muhit yarata olsangiz, shunda haqiqatan ham unga “sozlana” olasiz. Shu shaklda vaqt oʻtkazish ikkalangizga ham muloqot va yaqinlashish imkonini beradi. Bu, masalan, bolangizni kiyintirayotganda unga turli yuz ifodalarini koʻrsatish kabi oddiy ish ham boʻlishi mumkin.

7. Kerakli maʼlumotlarni oling

Bu sizning birinchi yoki ikkinchi farzandingiz boʻlishidan qatʼi nazar, har doim nimadir yangi narsa oʻrganish mumkin. Internet, boshqa otalar bilan suhbat yoki ota-onalar guruhlaring yigʻinlarida qatnashish orqali kerakli maʼlumotlar topa olasiz. Oʻrganganlaringizni amalda qoʻllashning eng yaxshi usuli bolangizning parvarishiga koʻproq vaqt ajratishdir.

8. Yordam oling yoki soʻrang

Kimdir: “Biror yordamim kerakmi?” desa, “Ha!” javobini berish afzaldir. Oilangiz, doʻstlaringiz, hamkasblaringiz yoki qoʻshnilaringizdan qanday yordam olishingiz kerakligi haqida turmush oʻrtogʻingiz bilan gaplashing. Bunday yordamlar juda oddiy boʻlishi, masalan, siznikiga kelayotgan kishidan yoʻl-yoʻlakay non olib kelishini soʻrash mumkin. Bundan tashqari, sizni oʻylantirgan masalada tibbiyot mutaxassislaridan professional yordam soʻrashdan tortinmang.

9. Munosabatlaringizni kuzatib boring

Bola tugʻilishi turmush oʻrtogʻingiz bilan munosabatlaringizga qoʻshimcha vazifalar, masʼuliyat yuklashi mumkin. Birgalikda ota-ona boʻlishni oʻrganar ekansiz, ijobiy munosabatda boʻlishga va bir-biringizni qoʻllab-quvvatlashga harakat qiling. Muhokama qilish va kutilmalaringiz bilan oʻrtoqlashish boʻlajak ota-onalar uchun yaxshi amaliyotdir. Bu ish tanlashdan tortib kechki ovqat tayyorlashgacha boʻlgan hamma narsani oʻz ichiga olishi mumkin. Bola parvarishi hamda uy yumushlariga oid vazifalarning taqsimlanishi stressni kamaytirishga va ishdagi yuklama keskin oshganda uni taqsimlashga yordam beradi. Ijobiy, mehribon va gʻamxoʻr oila muhitini yaratishda bir-biringizni qoʻllab-quvvatlang.

10. Oʻzingizni asrang

Siz oʻzingizni yaxshi his qilsangiz, bolangizga yaxshiroq gʻamxoʻrlik qila olasiz va turmush oʻrtogʻingizni qoʻllab-quvvatlay olasiz. Sogʻlom turmush tarzini tanlab, kunduzi boʻlsa ham, imkon qadar koʻproq uxlab, dam olish orqali kuch-quvvatingizni bir maromda ushlab turishingiz mumkin. Oʻzingizga vaqt ajrating va shaxsiy ehtiyojlaringizga eʼtibor bering.

Agar siz yoki turmush oʻrtogʻingiz bola parvarishida qiyinchilikka uchrayotgan boʻlsangiz yoki ikkovingizdan biringiz oʻzingizni juda yomon his qilsangiz, ikkilanmasdan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling. Sogʻliqni saqlash mutaxassisidan yordam soʻrashdan tortinmang. Tugʻuruqdan keyingi depressiya va ayollar, tugʻuruqdan keyingi depressiya va erkaklar mavzusida koʻproq oʻqib-oʻrganishingiz ham mumkin.