Otalar: muddatidan oldingi tugʻuruqlar va chala tugʻilgan chaqaloqlar

Ota sifatida oʻzingizning his-tuygʻularingiz va ehtiyojlaringiz haqida oʻylash va oʻzingiz uchun vaqt ajratish muhim. Kundalik parvarish majburiyatlarini bajarish va “teriga teri” aloqasi chala tugʻilgan farzandingiz bilan munosabatlarni oʻrnatishga yordam beradi. Muddatidan oldingi tugʻuruqdan soʻng sizga qoʻshimcha masʼuliyatlar yuklanishi mumkin. Yordam soʻrash va uni qabul qilish bu – tabiiy holdir.
Body

Muddatidan oldingi tugʻuruqdan soʻng: otalarning his-tuygʻulari

Muddatidan oldingi tugʻuruqdan soʻng shifokorlar bilan gaplashishingizda chala tugʻilgan chaqalogʻingizning ahvoli haqida bilib olishingizga, soʻng turmush oʻrtogʻingiz, oila aʼzolaringiz va doʻstlaringizga nima boʻlayotganini aytib berishingizga toʻgʻri kelishi mumkin.

Oʻzingizni va boshqalarni qoʻllab-quvvatlash, birlashtirish uchun kuchli boʻlishim kerak deb oʻylashingiz mumkin. Ota boʻlishdan hayojonlanishingiz, bu orada chaqalogʻingiz (yoki chaqaloqlaringiz) va turmush oʻrtogʻingizning sogʻligʻi borasida tashvishlanishingiz tabiiy. Oʻzingizni “nazoratni yoʻqotgan”dek, yaqinlaringizni himoya qila olmayotgandek yoki yumushlarni eplay olmayotgandek his qilishingiz ehtimoli bor. Baʼzi joylarda chaqaloqning muddatidan oldin tugʻilishi sharmandalik deb hisoblanadi va otalar bundan uyalish hissini tuyishi mumkin.

Uydagi majburiyatlar, boshqa bolalarni parvarishlash, shifoxona va ishxona orasidagi yugurishlar sizni charchatishi tabiiy va odatiy holdir.

Balki, chaqalogʻingizga darhol gʻamxoʻrlik qilishni boshlashni xohlarsiz, lekin hafsalangiz pir boʻlishi aniq, chunki buni eplolmaysiz. Baʼzi otalar otalikni his qilishi uchun koʻp vaqt kerak boʻladi.

Muddatidan oldingi tugʻilishdan keyin yelkangizga amaliy va ruhiy jihatdan juda koʻp tashvishlar yuklanishi, kuchli ruhiy zarbani (stressni) his qilishingiz odatiy holdir.

Vaziyat va unga boʻlgan munosabatingizdan qatʼi nazar, his-tuygʻularingiz va ehtiyojlaringiz haqida birov eslamasligi ham mumkin, chunki yaqinlaringiz va shifoxona xodimlarining asosiy diqqat-eʼtibori chala tugʻilgan chaqalogʻingiz va turmush oʻrtogʻingizga qaratiladi.

Otalar: muddatidan oldingi tugʻuruqdan soʻng hissiyotlarni yengish

Koʻpgina otalar vaziyatdan chiqish uchun oʻz his-tuygʻularini jilovlashga urinadi yoki darhol ishga qaytadi.

Lekin eng yaxshisi – oʻz his-tuygʻulari va ehtiyojlarini tan olishdir. His-tuygʻularingiz va ehtiyojlaringiz haqida oʻylashga vaqt ajratsangiz, juda yaxshi boʻladi. Hech yoʻq 30 daqiqa boʻlsa ham uxlab olish yoki issiq dush qabul qilish uchun vaqt ajrating.

Turmush oʻrtogʻingiz, doʻstingiz yoki oila aʼzolaringiz kabi ishonishingiz mumkin boʻlgan insonlar bilan his-tuygʻularingiz haqida suhbatlashish ham foydalidir. Bundan tashqari, shifoxonada ijtimoiy xodim yoki boshqa tibbiy xodim bilan suhbatlashishingiz mumkin.

Chala tugʻilgan bir chaqaloqning otasi shunday deydi: “Kimdir mendan jonlantirish boʻlimiga joylashtirilgan chala tugʻilgan farzandimni oʻylab, nimalarni his qilayotganimni soʻradi. Koʻzlarim yoshlarga toʻldi, chunki hech kim mendan his-tuygʻularim haqida soʻramagan edi. Kasalxona xodimlari men bilan gaplashganda odatda barcha eʼtiborni turmush oʻrtogʻimga qaratadi. Turmush oʻrtogʻim va farzandim bilan birga boʻlish uchun uch oylik taʼtilga chiqdim. Lekin oʻzimni ortiqchadek, meni sezishmayotgandek his qildim”.

 

Otalar: chala tugʻilgan chaqaloq bilan munosabat

Ota sifatida siz farzandingizning rivojlanishiga tugʻilganidan boshlab katta taʼsir koʻrsatasiz. Yangi tugʻilgan chaqaloqlar ota-onalari bilan muloqot qilishga tayyor. Siz chala tugʻilgan chaqalogʻingizni qancha erta qoʻlingizga olsangiz va unga gʻamxoʻrlik qilsangiz, chaqalogʻingizga boʻlgan mehr va muhabbatni shuncha tez his qilishingiz mumkin. Siz va chaqalogʻingiz oʻrtasidagi yaqin munosabatlar oʻzingizni yaxshiroq his qilishingizga va vaziyatlarni yaxshiroq yengishingizga yordam beradi.

“Teriga teri” aloqasi (“kenguru” usuli deb ham ataladi) parvarishlashda keng tarqalgan boʻlib, siz va chala tugʻilgan chaqalogʻingiz oʻrtasidagi bogʻlanish va aloqani his qilishning ajoyib usuli hisoblanadi. Aslida, “teriga teri” aloqasida bolangiz sizga tegishli ekanini his qila boshlaysiz. Ilgari his qilmagan boʻlsangiz, endi bolani himoya qilishni va unga gʻamxoʻrlik koʻrsatishni xohlayotganingizni sezasiz. Chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi xodimlari sizga bolani qanday ushlashni va qanday qoʻlga olishni koʻrsatib berishlari mumkin.

Agar chaqalogʻingizni qoʻlingizga ololmasangiz, siz kuvezda (yoki inkubator – kasal yoki chala tugʻilgan chaqaloqlarga avtomatik tarzda kislorod beradigan va issiqlikni meʼyorda ushlab turadigan moslama) yotgan bolani ushlab koʻrishingiz mumkin. Farzandingiz kattaroq boʻlganda u bilan suhbatlashishni, kitob oʻqib berishni yoki unga qoʻshiq aytishni xohlashingiz tabiiy. Bularning barchasi orangizda yaqin aloqa oʻrnatishga yordam beradi.

Xotiralarni yozib borish, fotosuratlar yoki videolarga olish siz va chaqalogʻingiz orasidagi munosabatlarni yaqinlashtirishga yordam beradi. Bu lahzalarni hech qachon unutmayman deb oʻylashingiz mumkin, lekin hatto kuchli xotiralar ham vaqt oʻtishi bilan pasayadi.

Chala tugʻilgan chaqalogʻingiz kasalxonada ekanidayoq jarayonga kirishing

Baʼzan otalar yosh bolalarning parvarishida otaning hech qanday roli yoʻq deb oʻylashadi. Siz hatto oʻzingizni “turmush oʻrtoq” deb his qilishingiz mumkin, ammo “ota” deb emas.

Iloji boʻlsa, chala tugʻilgan chaqalogʻingizning har kungi parvarishida qatnashing, bu mahorat va ishonchingizni shakllantirishning eng yaxshi usulidir. Masalan, siz bolani ovqatlanishda, tagliklarini almashtirishda, uni uxlatishda qatnashishingiz yoki uni choʻmiltirishni oʻrganishingiz mumkin.

Ushbu mashgʻulotlar farzandingiz bilan birga vaqt oʻtkazish imkonini ham beradi, bu esa ijobiy munosabatlarning oʻrnatilishiga asos boʻladi.

Chala tugʻilgan chaqaloqlar osongina bezovtalanishi va ruhiy zarbani his qilishi mumkin. Siz buni uning charchash belgilariga, yurak urishi soni va kislorodga toʻyingani kabi hayotiy koʻrsatkichlariga qarab aniqlashingiz mumkin. Bu haqida shifokor bilan maslahatlashib, nimalar qilishingiz toʻgʻrisida soʻrab olishingiz tavsiya etiladi, ayniqsa bu bola hayotining birinchi kunlarida muhim.

Agar oʻzingizni chaqaloqqa gʻamxoʻrlik qilishdan mahrum boʻlgandek his qilsangiz, shifokor yoki hamshira bilan gaplashing.

Chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimida chala tugʻilgan chaqalogʻingiz bilan vaqt oʻtkazish

Chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimida qancha koʻp vaqt sarflasangiz, bolangizning rivojlanishi uchun shunchalik yaxshi boʻladi. Chunki siz farzandingiz bilan munosabatlarni boshidanoq qurishga kirishasiz.

Jonlantirish boʻlimida tez-tez boʻlishingiz turmush oʻrtogʻingiz oʻziga boʻlgan ishonchni his qilishiga yordam beradi. Sizning koʻmagingiz uning kayfiyatini va ruhiy salomatligini oshirishga xizmat qiladi, chaqaloq va siz bilan boʻlgan munosabatlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Ishga qaytishingiz kerak boʻlgan taqdirda ham, chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimida oʻtkizishingiz mumkin boʻlgan vaqt, u qancha boʻlishidan qatʼi nazar, farzandingiz, turmush oʻrtogʻingiz va siz uchun juda ham foydalidir.

Farzandingiz muddatidan oldin tugʻilganda turmush oʻrtogʻingiz bilan munosabatlaringiz

Farzandingizning chala tugʻilishi turmush oʻrtogʻingiz bilan munosabatlaringizda muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Ammo bu davrni birgalikda boshdan kechirish siz va juftingiz orasidagi yaqin munosabatlarni kuchaytirishi mumkin. Koʻpgina otalar bu jarayonga munosabatlari chala tugʻilgan chaqaloq toʻgʻrisidagi kechinmalarni yengib oʻtishda yordam beradi deb ishonadilar.

Agar turmush oʻrtogʻingiz dastlabki bir necha kun ichida chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimiga kira olmasa, chaqalogʻingizning fotosurati yoki videosini turmush oʻrtogʻingizga berishingiz mumkin. Bolangizning ovozini eshitishingiz va uni koʻrishingiz turmush oʻrtogʻingiz oʻzini yaxshiroq his qilishiga yordam beradi. 

Bundan tashqari, chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi haqida maʼlumot berib, turmush oʻrtogʻingizni birinchi tashrifga tayyorlashga yordam berishingiz mumkin.

Otalar tugʻuruqdan keyingi depressiyaga ham duch kelishi mumkin. Ayolining homiladorligi va tugʻurugʻidan keyin erkaklarda kuzatiladigan depressiya haqida alohida maqolamiz bor. Kengroq maʼlumotni shu maqoladan topasiz.

Chala tugʻilgan farzandingiz kasalxonada boʻlganda qoʻshimcha majburiyatlarni bajarish

Farzandingiz jonlantirish boʻlimida boʻlganida moʻljalingizdagidan koʻra koʻproq masʼuliyatni his qilishingiz mumkin.

Agar boshqa farzandlaringiz ham bor boʻlsa, ularning ehtiyojlari va parvarishi bilan shugʻullanasiz, shuningdek, onasini va yangi tugʻilgan chaqaloqni koʻrishi uchun ularni kasalxonaga olib borasiz.

Kasalxonaga borish bilan bir qatorda, katta ehtimol bilan, bozorlik qilasiz, uyni toza saqlaysiz, ishga borasiz, mehmon kuzatasiz, farzandlaringizni bogʻchaga yoki maktabga olib borasiz va olib kelasiz.

Agar farzandingiz hali ham kasalxonada boʻlsa, onasini esa uyga yuborishsa, ayolingiz chaqaloq uchun ona sutini sogʻish bilan mashgʻul boʻlishi va kasalxonada koʻp vaqt oʻtkazishi mumkin. Bu esa uy va oila ishlari bilan uzoq vaqt band boʻlishingiz mumkinligidan darak.

Quyida sizga yordam beradigan bir nechta tavsiyalar keltirilgan:

  • Yuz berayotgan ishlar haqida turmush oʻrtogʻingiz bilan ochiq va oydin suhbatlashing. Yaxshi muloqot muammolarni yechishda toʻgʻri yoʻl tutishga yordam beradi.
  • Turmush oʻrtogʻingiz bilan kim qanday ishlarni qilishi kerakligi va qaysi ishni qilish hozir muhim emasligi haqida kelishib oling. Masalan, hozir uyni tez-tez tozalash muhim boʻlmasligi mumkin.
  • Oila aʼzolaringiz va doʻstlaringizdan katta farzandlaringizga qarab turishda yordam soʻrang.
  • Uy ishlarida vaqtni tejash yoʻllarini koʻrib chiqing.
  • Ish joyingizda qoʻshimcha taʼtil olishga imtiyozlar bor-yoʻqligini aniqlang.
  • Agar kimdir sizga ovqat tayyorlash, bozorlik qilish, farzandlaringizni bogʻcha va maktabdan olish va shunga oʻxshash ishlarda yordam taklif qilsa, qabul qiling.