Yangi tugʻilgan chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiyasi boʻlimida erta tugʻilgan chaqaloqlar bilan olib boriladigan oʻyinlar
Erta tugʻilgan chaqaloqlar bilan oʻynash
Agar chaqalogʻingiz erta tugʻilgan boʻlsa, ehtimol, kasalxonaning maxsus boʻlimida, masalan, neonatal reanimatsiya boʻlimida bir qancha vaqt qoladi. Boʻlim xodimlaridan chaqalogʻingiz bilan qay tarzda va qachon oʻynash yaxshiroq ekanini soʻrashingiz kerak. Erta tugʻilgan chaqalogʻingiz bilan oʻynash juda muhimdir! Bu oʻyinlar:
- siz va chaqalogʻingiz bir-biringizni bilib olishingizga;
- chaqalogʻingizning miyasi rivojlanishiga;
- chaqalogʻingiz oʻzini suyukli va xavfsizlikda his qilishiga;
- munosabatlar va onalik mehrini tuyishiga;
- koʻrishi, eshitishi, his qilishi va hidlashi mumkin boʻlgan moddiy muhit haqida bilib olishiga;
- yangi koʻnikmalarni egallashiga yordam beradi.
Avvaliga erta tugʻilgan chaqalogʻingiz bir necha daqiqa oʻynashi mumkin xolos. U atrofda va oʻzining ichida yuz berayotgan narsalardan osongina bezishi mumkin. Kichkintoyingiz oʻsib, kuchga toʻlib borishi bilan koʻproq vaqt oʻynay oladi.
Kichkintoyingiz bilan birinchi marta oʻynashni boshlaganingizda bir vaqtning oʻzida faqat bitta tuygʻusiga, masalan, faqat koʻrish yoki faqat eshitishga urgʻu bergan afzal. Chaqalogʻingizning tana tili oʻynash yetarli boʻlganini aytsa, oʻyinni toʻxtatishingiz kerak. U buni nigohini olib qochib, koʻzlarini yumib yoki injiqlik qilib ifodalashi mumkin.
Oʻyin jarayoni har doim ham yaxshi oʻtavermasa, tashvishlanmang. Qaysidir kunlari chaqalogʻingiz hayajonlanishi, asabiylashishi yoki javob qaytarmasligi mumkin.
Reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimida erta tugʻilgan chaqaloqlar bilan oʻynaladigan oʻyinlar uchun gʻoyalar: nimalarga eʼtibor qaratish kerak?
Kichkintoyingiz biror narsaga qarashga, ayniqsa, sizning yuzingizga qarashni yoqtirishi mumkin. Erta tugʻilgan chaqaloqlar kichkinalik paytida odamning yuzidan boshqa narsaga qarashni istamasligi ham mumkin.
Biroz vaqt oʻtgach, chaqalogʻingiz barmoqlaringizni muloyimlik bilan harakatlantirishingizni yoki boshingizni u yondan bu yonga qimirlatishingizni qiziqsinib kuzatishi mumkin. Chaqalogʻingiz yanada kuchga toʻlganda unda yangi narsalarni koʻrishga ishtiyoq uygʻonishi mumkin. Baʼzi chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiyasi boʻlimlarida bolalar aravachalari boʻladi. Ular yordamida sayrga chiqishingiz va farzandingizga yangi narsalarni koʻrsatishingiz mumkin.
Reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimida erta tugʻilgan chaqaloqlar bilan oʻynaladigan oʻyinlar uchun gʻoyalar: silash va massaj
Kichkintoyingizni silash – birgalikda oʻynashni boshlashning yana bir usuli.
Agar shifokoringiz ruxsat bersa, chaqalogʻingiz biroz kattaroq boʻlgach, massaj qilishingiz mumkin. Massaj – chaqalogʻingiz bilan bogʻlanishning ajoyib usuli va bu jarayon unga vazn toʻplashda yordam berishi mumkin.
Erta tugʻilgan chaqalogʻingizga barmoq uchlari bilan teginmsng. Bu bolani juda asabiylashtirishi va hatto biroz ogʻriq berishi mumkin.
Reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimida erta tugʻilgan chaqaloqlar bilan oʻynaladigan oʻyinlar uchun gʻoyalar: qoʻshiqlar, hikoyalar va kitoblar
Erta tugʻilgan chaqalogʻingiz ovozingizni eshitishdan, u bilan gaplashish, oʻqish va kuylashingizdan zavqlanishi mumkin. Buni juda erta boshlashingiz mumkin. Reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimida shovqin qilmasdan past ovozda qoʻshiq aytishga yoki ohista gaplashishga harakat qiling.
Chaqalogʻingizga bir xil qoʻshiqni sokin ovozda qayta-qayta kuylashingiz mumkin. Chaqalogʻingizning ismini yoki yon-atrofda yuz berayotgan voqealarni qatnashtirib qoʻshiq toʻqishingiz ham mumkin. Agar kasalxonada erta tugʻilgan chaqalogʻingizga musiqa qoʻyib berishni istasangiz, oldin tibbiy xodimdan ruxsat soʻrang.
Kichkintoylar qoʻshiq va musiqalarni farqlashni tez oʻrganadi, shuningdek, musiqa muayyan mashgʻulotni bildirishi mumkinligini ham anglab oladi. Misol uchun, baʼzi qoʻshiqlar uyquga ketish vaqti kelganini, baʼzilari esa taglikni almashtirish vaqti boʻlganini va shu kabilarni anglatishi mumkin.
Qoʻshiq chaqalogʻingizning hislariga mos kelganda uning holatini, masalan, yurak urishi, uyqusi, kaloriya qabul qilish va emish jarayonini yaxshilashi mumkin. Hammasi oddiy –chaqalogʻingiz bezovtalanayotgan boʻlsa, sokinroq va sekinroq qoʻshiq kuylashingiz kerak.
Qoʻshiq siz uchun ham foydali. U chuqur nafas olishingizga, oʻzingiz va chaqalogʻingizning hayotidagi ushbu muhim vaqtda hordiq chiqarib olishingizga yordam beradi.