Muddatidan oldingi tugʻuruqlar: berilishi kerak boʻlgan savollar

Muddatidan oldin kechadigan tugʻuruqlarda chaqalogʻingiz va oʻzingizni oʻylab tashvishlanish odatiy holdir. Muddatidan oldingi tugʻuruqlar haqida shifokor yoki hamshiradan olgan maʼlumotlaringiz sizga yordam berishi mumkin. Chaqalogʻingiz qanday tugʻilishini, tugʻuruq payti va undan keyin nima sodir boʻlishini soʻrashingiz mumkin.
Body

Nega muddatidan oldingi tugʻuruqlar haqida savollar berish foydali?

Muddatidan oldingi tugʻuruqlar arafasida oʻzingiz yoki chaqalogʻingiz haqida qaygʻurishingizni tushunsa boʻladi. Oʻzingizni jarayonni nazorat qila olmayotgandek his qilishingiz mumkin.

Holatni yaxshilash usullaridan biri – sizga nima kerakligini savollar berish orqali aniqlash va maʼlumot olish.

Muddatidan oldin tugʻiladigan bolalar qayerda dunyoga keladi?

Asosiy savollardan biri: chaqalogʻimni qayerda tugʻaman?

Eng toʻgʻri yoʻl tugʻuruqxonada tugʻishdir.

Chaqalogʻingiz muddatidan juda erta – 32 hafta yoki undan oldinroq tugʻiladigan boʻlsa,  chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi mavjud boʻlgan shifoxonada yoki tugʻuruqhonada tugʻishingiz kerak.

Chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi mavjud boʻlgan shifoxonalar odatda katta shaharlarda joylashadi. Agar chekka hududda yashasangiz, tugʻishdan oldin shahar, viloyat yoki respublika perinatal markaziga borishingiz kerak.

Agar chaqalogʻingiz chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi yoʻq shifoxonada tugʻilgan boʻlsa va unda intensiv davolash muolajalari oʻtkazish kerak boʻlsa, shifoxona bolani chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi mavjud boʻlgan shifoxonaga maxsus mashinada olib borishi kerak. Agar chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimi bor shifoxonada tugʻuruqxona ham bor boʻlsa, sizni ham chaqaloq bilan birga u yerga oʻtkazishlari mumkin. Bularning barchasi qanday amalga oshishini shifokor yoki hamshiradan soʻrab bilib oling.

Muddatidan oldingi tugʻuruqlar vaqtida va undan keyin nima boʻladi?

Muddatidan oldingi tugʻuruqlar paytida nima kutish mumkinligini bilish baʼzi kechinmalarni yengib oʻtishda sizga yordam berishi mumkin. Bular haqida shifokor yoki hamshira bilan gaplashib olish, tugʻuruq paytida va undan keyin nimalar boʻlishi, shifokor va hamshiralar qanday qoʻllab-quvvatlashini bilib olish foydalidir. Shifokor yoki hamshira sizni va chaqalogʻingizni parvarish qiluvchi tibbiy brigada aʼzolari bilan suhbat tashkillashtirib berishlari mumkin.

Quyida shifokor yoki doyadan tugʻuruq haqida va sizga qanday yordam berishlari haqida soʻrashingiz mumkin boʻlgan baʼzi savollar keltirilgan.

Muddatidan oldingi tugʻuruqlar va bolaning tugʻilishi

  • Bularning barchasi sababli koʻnglim juda gʻash. Hech bir holat men kutganimday kechmayapti, farzandimning sogʻligʻidan juda xavotirdaman. Menga qanday yordam bera olasiz?
  • Yaxshi anglashim uchun oddiy soʻzlar bilan tushuntirib bera olasizmi?
  • Nega menda tugʻuruq jarayoni erta boshlanyapti?
  • Tugʻuruq jarayonidagi baʼzi masalalarni, masalan, tabiiy tugʻuruqlar, kesarcha kesish, ogʻriq qoldiruvchi vositalardan foydalanmaslikni oʻzim tanlay olamanmi yoki yoʻq? Agar yoʻq boʻlsa, nega?
  • Tugʻuruqlar boʻyicha mashgʻulotlarda qatnashish imkonim boʻlmadi. Toʻlgʻoq paytida nafas olishimda va tugʻuruqni boshqarishda yordam bera olasizmi?
  • Tugʻuruq paytida ogʻriqlardan xalos boʻla olamanmi?
  • Menga dorilar kerakmi? Nima uchun? Bu dorilar qanday taʼsir qiladi?
  • Tugʻuruq jarayonim qanday oʻtayotgani va bolamning ahvoli haqida maʼlumot bera olasizmi?
  • Turmush oʻrtogʻim bola tugʻilgunicha men bilan qolsa boʻladimi?

Muddatidan oldin tugʻilgan chaqalogʻim

  • Tugʻilgandan soʻng bolamni darhol koʻrishim va qoʻlimga olishim mumkinmi?
  • Chaqalogʻim qanday koʻrinishga boʻladi, vazni-chi? Tugʻilgandan keyin unga qanday yordam kerak boʻladi?
  • Chaqalogʻim jonlantirish boʻlimiga joylashtiriladimi? Tugʻilgandan keyin qancha muddat ichida?
  • Men yoki turmush oʻrtogʻim farzandim bilan birga chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimida qola olamizmi?
  • Qachon bolamni qoʻlimga olsam boʻladi?
  • Farzandimga biron-bir dori-darmon kerak boʻladimi? Nima uchun? Dori-darmonlar qanday taʼsir qiladi?
  • Chaqalogʻimga biron-bir tibbiy uskuna kerak boʻladimi? Nima uchun?
  • Chaqalogʻim tirik qoladimi?

Muddatidan oldin 33 haftalikda tugʻilgan chaqaloqning onasi: “Kasalxonadagi hamshiralar menda tugʻuruq boshlanganini koʻrsatadigan ikkita monitorni ulaganda, butun vujudim qaltirab, larzaga keldi. Toʻlgʻoqlarim har ikki daqiqa oraliqda qaytarila boshladi. Shifokor ham keldi, u bizga har bir qilinayotgan qadam, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibat, kutilayotgan natija haqida maʼlumot berdi. Vaqt yoʻq edi. Umumiy ogʻriqsizlantirish berildi. Men oʻzim uchun emas, farzandim uchun qoʻrqardim”.