Muddatidan oldingi tugʻuruq: ruhiy va hissiy tayyorgarlik

Muddatidan oldin tugʻishingiz mumkinligini bilsangiz, siz va turmush oʻrtogʻingiz koʻplab ijobiy va salbiy his-tuygʻularni boshdan kechirasiz. Shifokorlar va hamshiralardan maʼlumot oling yoki muddatidan oldingi tugʻuruqni boshidan kechirgan boshqa ota-onalar bilan suhbatlashing. Taskin beruvchi mashqlar va ijobiy fikrlash erta tugʻuruqqa tayyor boʻlishingizga yordam beradi. Tugʻishdan oldin tugʻuruqxonadagi jonlantirish boʻlimi bilan tanishish tavsiya etiladi.
Body

Muddatidan oldingi tugʻuruqqa ruhiy va hissiy jihatdan tayyor boʻlish

Agar tugʻuruq muddatidan oldin boshlanishi mumkinligini bilsangiz va chaqalogʻingiz kasalxonada qolishi kerak boʻlsa, siz va turmush oʻrtogʻingiz baʼzi his-tuygʻularni boshdan kechirishi odatiy holdir. Masalan, quvonch, sevgi, nochorlik, qaygʻu, aybdorlik, qoʻrquv yoki xavotirni his qilishingiz mumkin.

Muddatidan oldingi tugʻuruq va chala tugʻilgan chaqaloqlar haqida oʻqish sizga yordam beradi. Shifokor yoki hamshira bilan suhbatlashish va muddatidan oldingi tugʻuruq hamda chala tugʻilgan chaqaloqlar haqida savollar berish ham foydali boʻladi. Chala tugʻilgan chaqalogʻi boʻlgan boshqa ota-onalar bilan suhbatlashish ham yordam berishi mumkin.

Iloji boʻlsa, tugʻuruqqacha davrda shifoxonada yoki ayollar maslahatxonasida tashkil etiladagan mashgʻulotlarda ishtirok eting. Bunday mashgʻulotlarda nafaqat tugʻuruq haqida, balki yangi tugʻilgan chaqaloqni qanday parvarish qilishingiz haqida ham oʻrganasiz.

Muddatidan oldingi tugʻuruqqa tayyorlanishda xotirjamlikni saqlang

Tugʻuruqdan oldin sarosimaga yoki tushkunlikka tushishingiz mumkin. Quyida xotirjamlikni saqlashga yordam beradigan baʼzi maslahatlar keltirilgan:

  • Nafas olish mashqlarini, mushaklarni boʻshashtiruvchi yoki diqqat va hushyorlikni kuchaytiruvchi mashqlarni bajaring.
  • Oʻzingizning sevimli (hobbi) mashgʻulotingiz bilan shugʻullaning. Masalan, tinchlantiruvchi musiqa tinglang, sayrga chiqing, rasm chizing, kitob oʻqing yoki issiq vanna qabul qiling.
  • Barcha harakatlarni qadamma-qadam bajaring. Misol uchun, bugun nima qilish kerakligi haqida oʻylang va ertaga nima boʻlishi mumkinligidan tashvishlanmaslikka harakat qiling.
  • Ijobiy fikrlarga eʼtibor qarating – masalan, farzandingiz xotirjam, mehr bilan va ijobiy fikrlashga harakat qiling.
  • Agar kerak boʻlsa, yordam soʻrang. Sizni tinglay oladigan oilangizning biror-bir aʼzosi yoki oʻzingiz ishonadigan doʻstingiz bilan suhbatlashing. Bundan tashqari, shifokor yoki hamshira bilan suhbatlashishingiz ham mumkin.

Jonlantirish boʻlimi bilan tanishish

Chaqalogʻingiz tugʻilgandan keyin jonlantirish boʻlimiga oʻtkazilishi mumkin. Jonlantirish boʻlimidagi chaqaloqlar atrofida juda koʻplab tibbiy asbob-uskunalar va apparaturalar boʻladi, ular kishini dastlab xavotirga solishi mumkin. Baʼzan jonlantirish boʻlimini bolalar xonasiga oʻxshatish qiyin.

Agar tugʻishingizdan oldin jonlantirish boʻlimiga borsangiz, chaqalogʻingizni koʻrgani kirganingizda bu holat sizga tanish boʻladi. Shifokoringiz yoki doya buni siz uchun tashkil qilishi mumkin.

Chaqaloqning muddatidan oldin tugʻilishiga aka-uka va opa-singillarini tayyorlash

Kasalxonaga borishdan oldin katta farzandlaringiz bilan gaplashish tavsiya etiladi.

Ular bilan nima sodir boʻlayotgani haqida suhbatlashish ularga rejalarining oʻzgarishi haqida oʻylamaslik va xavotirga tushmaslikka yordam beradi. Ular chaqaloqning muddatidan oldin tugʻilishiga oʻzlarini sababchi deb oʻylashlari yoki chaqaloqdagi kasallik yuqishidan tashvishlanishlari mumkin. Siz ularga hech qanday yomon ish qilmaganliklarini va chaqaloqning kasalligini ularga yuqmasligini tushuntirishingiz kerak.

Farzandlaringizga siz va yangi tugʻilgan chaqaloq kasalxonada qancha vaqt boʻlishi haqida maʼlumot bering – masalan, necha kun yoki hafta. Katta bolalaringiz foydalanishi mumkin boʻlgan taqvim tayyorlang. Ular taqvim yordamida sizning oldingizga borgan kunlarini belgilashlari va chaqaloq uyga kelishiga necha kun qolganini hisoblashlari mumkin.

Kasalxonaga uzoq vaqt qolishingizni albatta tushuntirish kerak. Shifoxonada boʻlganingizda yoki bolangizni koʻrish uchun intensiv terapiya boʻlimiga borganingizda ularga kim qarab turishini bilish bolalarga yordam beradi.

Bundan tashqari, ular bilan chaqaloqni koʻrgani borishlari haqida gaplashishingiz mumkin. Muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarning rasmlarini koʻrsatish ularni uchrashuvga tayyorlaydi – bolalar muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlar qanday koʻrinishda boʻlishini oldindan biladi. Ular chaqaloqqa turli rasmlarni chizib, sovgʻa qilishlari mumkin, bu orqali tugʻilgan uka yoki singilisiga oʻzlarini yaqinroq his etadilar.

Muddatidan oldingi tugʻuruqqa oʻzingizni ruhiy va hissiy jihatdan tayyorlash juda muhimdir. Oʻzingiz va oilangiz hayotini yengillashtirish uchun muddatidan oldingi tugʻuruqdan burun bajarishingiz mumkin boʻlgan koʻplab amaliy tavsiyalar mavjud.