Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning rivojlanishi: xavotirlanish sabablari

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻpchiligi muddatida tugʻilgan tengdoshlari kabi rivojlanadi. Ammo bolalar muddatidan qancha erta tugʻilsa, ularning rivojlanishida muammolar boʻlish ehtimoli shuncha koʻp boʻladi. Baʼzi erta tugʻilgan bolalarda fikrlash va oʻrganish bilan bogʻliq muammolar yoki jismoniy, ijtimoiy yoki hissiy rivojlanish bilan bogʻliq muammolar mavjud. Farzandingizning rivojlanishidan xavotirda boʻlsangiz, shifokor yoki pediatr bilan maslahatlashing.
Body

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalar va rivojlanishdagi muammolar xavfi

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻpchiligi muddatida tugʻilgan tengdoshlari kabi rivojlanadi. Ammo bolalar muddatidan qancha erta tugʻilsa, ularning rivojlanishida muammolar boʻlish ehtimoli shuncha koʻp boʻladi.

Muddatidan oldin tugʻilish 

Homiladorlikning 34–36-haftasida tugʻilgan chaqaloqlar ham muddatidan oldin tugʻilgan hisoblanadi. Ularning koʻplab aʼzolari toʻliq rivojlangan, ammo ularning miyasida koʻp oʻzgarishlar sodir boʻladi.

Muddatida tugʻilgan chaqaloqlar bilan taqqoslaganda bunday chaqaloqlarda rivojlanish va nafas olishda muammolar boʻlishi xavfi juda kam boʻladi. Ular yetarli vazn toʻplaguncha, soʻrish, nafas olish va yutish jarayonlarini nazorat qilishni oʻrganguncha tugʻuruqxonada qolishi mumkin.

Muddatidan juda erta tugʻilgan bolalar

28 haftadan kam muddatda tugʻilgan chaqaloqlar va juda kamvazn (1 kg dan kam) tugʻilgan chaqaloqlarda rivojlanish bilan bogʻliq muammolar xavfi juda yuqori boʻladi. Shuningdek, chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimida davolash paytida xavf yanada ortadi.

Agar farzandingizning rivojlanishidan tashvishlanayotgan boʻlsangiz, iloji boricha tezroq shifokor bilan maslahatlashing. Baʼzan surdolog, oftalmolog, logoped, ergoterapevt, fizioterapevt va stomatolog kabi mutaxassislarning ham tekshiruvi va maslahati kerak boʻlishi mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda nutqning rivojlanishi

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻpchiligida nutq meʼyorida rivojlanadi, lekin nutqning rivojlanishida kechikishlar kuzatilishi mumkin. Muddatida tugʻilgan bolalardan farqli ravishda, ular gapirishga va aytilgan gapni tushunishga qiynalishi mumkin.

Nutq muammolari baʼzan eshitish, fikrlash yoki oʻrganish bilan bogʻliq muammolarning dastlabki belgisi boʻlishi mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning jismoniy rivojlanishi

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻpchiligi muddatida tugʻilgan tengdoshlariga qaraganda pakanaroq va kamvaznroq boʻlsa-da, jismoniy va harakat rivojlanishi odatdagidek kechadi.

Harakat (motorika) muammolari

Muddatidan juda erta tugʻilgan bolalarning taxminan 40 foizida harakatlanish bilan bogʻliq jiddiy boʻlmagan nuqsonlar kuzatiladi:

  • mayda motorika – masalan, ular uchun qalamni ushlab turish oson emas;
  • harakatni rejalashtirish – masalan, toʻsiqlarni qanday aylanib oʻtish boʻyicha qaror chiqarish oson emas;
  • koʻrish va harakatni muvofiqlashtirish – masalan, predmetlarning shaklini tasvirlash oson emas;
  • sezish va harakat koʻnikmalari – masalan, toʻla piyolani ichidagi suyuqligini toʻkmasdan koʻtarish oson emas.

Baʼzi muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda miya falaji uchraydi. Muddatidan juda erta tugʻilgan chaqaloqlarda va jonlantirish boʻlimidagi ahvoli ogʻir chaqaloqlarda ham miya falaji yuzaga kelishi xavfi yuqori.

Tishlar

Muddatida tugʻilgan bolalarga taqqoslaganda, muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda tishlar bilan bogʻliq muammolar uchrashi ehtimoli yuqoriroq boʻladi.

Masalan, quyidagi muammolar kuzatilishi mumkin:

  • Tish emallarining noodatiyligi: tish kulrang, jigarrang koʻrinishda yoki yuzasi notekis boʻlishi mumkin. Emali oz tishlarda kovaklar hosil boʻlishi oson. Bunday hollarda tishlarni muntazam ravishda tozalash va stomatologga murojaat qilish yordam beradi.
  • Tishlarning kech chiqishi: muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning tishlari koʻpincha muddatida tugʻilgan bolalarnikiga qaraganda bir necha oy keyin chiqadi, lekin ular odatdagidek tartibda chiqadi.
  • Tanglayning yuqori joylashishi yoki unda chuqurchalar boʻlishi: bu nutq va tishlarning holatiga taʼsir qilishi mumkin. Koʻp bolalar tanglayning shakliga koʻnikib ketadi, lekin baʼzilarga breket – maxsus qolip kerak boʻlishi mumkin.

Farzandingizni bir yoshga toʻlgunga qadar bolalar stomatologiga koʻrsatsangiz, maqsadga muvofiq boʻladi.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda sezgi aʼzolarining rivojlanishi: eshitish, koʻrish, his-tuygʻularni idrok qilish

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻpchiligida eshitish, koʻrish va his-tuygʻularni idrok qilish meʼyorida boʻladi.

Eshitish

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda eshitish qobiliyatining pastligi yoki karlik koʻproq uchraydi. Eshitish moslamalari va koxlear implantga (eshitish nerviga taʼsir qiluvchi protez) muhtoj, ikkala qulogʻi bilan bogʻliq jiddiy muammolari bor bolalar ozchilikni tashkil etadi.

Eshitish qobiliyati tekshiruvi chaqaloq hali tugʻuruqxonadaligida oʻtkaziladi. Tekshirish vaqtida eshitish bilan bogʻliq koʻpgina muammolarni aniqlasa boʻladi, lekin baʼzilarini faqat keyinroq aniqlash mumkin. Karlikni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish uchun tegishli choralarni koʻrish muhim, chunki bolalar nutqiy, ijtimoiy va muloqot koʻnikmalarini rivojlantirish uchun eshitishlari kerak.

Koʻrish

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda muddatida tugʻilgan tengdoshlariga qaraganda koʻrish qobiliyatining buzilishi ehtimoli koʻproq. Ularda koʻrish bilan bogʻliq jiddiy boʻlmagan muammolar tez-tez uchrab turadi: yaqinni yoki uzoqni koʻra olmaslik, gʻilaylik, ranglarni aniqlash yoki nisbiy masofasini idrok qilishdagi muammolar.

Koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan jiddiy muammolarning aksariyatini juda erta yoshda aniqlash mumkin. Muddatidan juda erta tugʻilgan bolalar hali tugʻuruqxonada boʻlgan paytda muntazam ravishda tekshiruvdan oʻtadi, agar zarur boʻlsa, davolanishni erta bosqichlarda boshlash mumkin.

Hissiy sezuvchanlik

Baʼzi ota-onalar muddatidan oldin tugʻilgan bolalari hissiy sezuvchanlikka (masalan, shovqin yoki maʼlum bir turdagi matoga yuqori sezuvchanlik) ega ekanini aytadi. Baʼzi muddatidan oldin tugʻilgan bolalar ogʻziga solingan narsalarni yoqtirmaydi va bunday holatlarda ovqatlanishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda ogʻriqni sezish chegarasi muddatida tugʻilgan bolalarnikidan koʻra pastroq boʻlishi mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda fikrlash va oʻrganish qobiliyatining rivojlanishi

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻpchiligida fikrlash va oʻrganish qobiliyati odatdagi tartibda rivojlanadi va ular maktabda yaxshi oʻqiydi.

Baʼzi muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda fikrlash va oʻrganishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Misol uchun, oʻqish, rejalashtirish va topshiriqni bajarish uchun diqqatni jamlash bilan bogʻliq muammolar boʻlishi mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan farzandingizda maktabga borguncha hech qanday muammoni sezmasligingiz mumkin. Bunday bolalar maktabda qoʻshimcha yordamga muhtoj boʻlishi mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning ijtimoiy va hissiy rivojlanishi

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarning koʻpchiligida ijtimoiy va hissiy rivojlanish meʼyorida boʻladi, ammo ular oʻzlarini muddatida tugʻilgan bolalardan koʻra boshqacharoq tutadi.

Misol uchun, muddatidan oldin tugʻilgan bolalar hayotning birinchi yilida, oʻz muddatida tugʻilgan bolalardan farqli ravishda, boshqalar bilan kamroq oʻzaro munosabatda boʻladi. Ular hissiy zoʻriqishdan saqlanish uchun boshqa tomonga qarab olishi va tezda bezovta boʻla boshlashi mumkin.

Farzandingiz katta boʻlgan sayin bunday muammolar kamayib boradi. Keyinchalik siz muddatidan oldin tugʻilgan farzandingizning tana harakatlarini tushunishni oʻrganib olganingizda, farzandingiz nima qilishni xohlayotganini va biror harakatni qachon toʻxtatish kerakligini aniqlay olasiz.

Ijtimoiy va hissiy rivojlanishning oʻziga xos xususiyatlari

Agar bolada “ijtimoiy va hissiy rivojlanishning oʻziga xos xususiyatlari” boʻlsa, demak, u atrof-muhitga moslashishga, qoidalarga rioya qilishda va boshqa bolalar va kattalar bilan muloqot qilishga qiynaladi.

Aksariyat bolalarda baʼzan asabiy tutqanoq uchrab turadi va bu taʼbni xira qiladi hamda sabringizni sinaydi. Ammo muddatidan oldin tugʻilgan bolalar uchun his-tuygʻularini jilovlash va boshqarish qiyin kechishi mumkin. Ular xotirjam boʻlishga, yaxshi ovqatlanishga va uxlashga qiynaladi. Baʼzilari esa oʻzlariga past baho berishi yoki doʻst topishda qiynalishi mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan bolalarda diqqat-eʼtiborning yetishmasligi, haddan tashqari faollik, autistik spektrning buzilishi, bezovtalik va tushkunlik kabi muammolar muddatida tugʻilgan bolalardagidan koʻra koʻproq kuzatiladi.

Shunga qaramasdan, muddatidan oldin tugʻilgan bolalar orasida bunday muammolar kam uchraydi.

Farzandingiz atrofdagilar bilan yaqin munosabat oʻrnatadigan uy va maktabdagi mehrli, barqaror, ragʻbatlantiruvchi va xavfsiz muhit uning rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi. Bunday muhit, shuningdek, baʼzi rivojlanish muammolarini yengillashtirishga ham yordam beradi va erta bosqichdagi kechikishi boʻlgan bolalarga keyingi bolalik yoki oʻsmirlik davrida boshqalarga yetib olishga koʻmaklashadi.

Toʻgʻrilangan yosh

Agar farzandingizning rivojlanishidan xavotirda boʻlsangiz, uning toʻgʻrilangan yoshi haqidagi maʼlumotlar sizga yordam berishi mumkin.

Toʻgʻrilangan yosh bu – chaqalogʻingizning necha hafta yoki oy oldin tugʻilganini ayirib tashlab hisoblangan xronologik yoshi. Agar siz uni bir xil xronologik yoshdagi chaqaloq bilan taqqoslasangiz, chaqalogʻingizning rivojlanishi kechikayotgandek tuyulishi mumkin. Lekin uning toʻgʻrilangan yoshini esda saqlasangiz, farzandingizning rivojlanishi meʼyorida ekanini tushunasiz.

Ikkitalik, uchtalik va toʻrttalik egizaklar koʻpincha muddatidan oldin tugʻiladi. Agar egizaklaringizdan xavotir olsangiz, muddatidan oldin tugʻilgan egizaklarning rivojlanish koʻrsatkichlari muddatidan oldin tugʻilgan yakka chaqaloqniki bilan bir xilligini bilishingiz sizga yordam berishi mumkin.